DEVONI FONIY

«DEVONI FONIY» («Foniy devoni») — Alisher Navoiyning Foniy taxallusi bilan forsiy tilda yozgan sheʼriy asarlari majmuasi. Navoiy bu devonini umrining soʻnggi yillarida, taxm. 1492—98 y. lar orasida tuzgan. Ulug shoir «Muhokamat ul-lugʻatayn» asarida oʻzining forsiy tildagi sheʼrlaridan Xoja Hofiz Sheroziy devoniga oʻxshatib («Xoja Hofiz tavrida») devon tuzganini maʼlum qilarkan, shunday deydi: «Yana forsiy gʻazaliyot Xoja Hofiz tavridakim, jameʼ suxanadolar va nazmpiyrolar nazarida mustahsan va matbuʼdir, tartib beribmenkim, olti mingdan abyoti adadi («baytlar miqdori») koʻprakdurki, koʻprak ul hazratu (Xoja Hofiz) sheʼriga tatabbuʼ voqeʼ boʻlubdur».

«Devoni Foniy»dagi sheʼrlarning katta qismini Navoiy salaflari va zamondoshlarining gʻazallariga yozilgan tatabbular tashkil etadi. 554 gʻazaldan 237 tasi Hofiz Sheroziy, 52 tasi Abdurahmon Jomip, 33 tasi Xusrav Dehlaviy, 25 tasi Saʼdiy Sheroziy, 5 tasi Mavlono Kotibiy, 5 tasi Mavlono Shohiy, 4 tasi Kamol Xoʻjandiy va b. shoirlarning gʻazallariga bogʻlangan. Bunda eng koʻp gʻazal Hofiz Sheroziy gʻazallariga bogʻlangani va uning sheʼrlaridan ilxomlanib yozilgani Navoiyning bu buyuk isteʼdod egasiga ixlosi yuksak boʻlganidan dalolat beradi. «Devoni Foniy»dan Navoiy (Foniy)ning oʻz original gazallari ham oʻrin olgan. Shoir ularni «Muxtara», «Ixtiro» deb atab, shu yoʻsinda tatabbulardan ajratib koʻrsatgan. Shoirning tatabbu, muxtara sheʼrlarida ishq-muhabbat mavzui ham dunyoviy, ham tasavvufiy-majoziy uslublarda kuylangan.

Navoiyning chuqur ijtimoiy-siyosiy va axloqiy mazmunda yozilgan «Tuhfat ul-afkor» qasidasi esa «Sittai zaruriya» toʻplamidan tashqari «Devoni Foniy» qoʻlyozmalarida ham uchraydi. Bu qasidasi b-n Navoiy oʻzbek adabiyotida bu sheʼriy turni yangi yuksak pogʻonaga koʻtargan. Ushbu qasidani va «Devoni Foniy»dan oʻrin olgan bir qator sheʼrlarni M. Muinzoda, A. Hayitmetov va b. oʻzbek tiliga tarjima qilishgan. «Devoni Foniy»ni ilmiy oʻrganish ishiga S. Ayniy, H. Sulaymon, Sh. Shomuhamedov, N. Mallayev, E. Shodiyev, Ali Muhammadiy kabi olimlar munosib hissa qoʻshishgan.

«Devoni Foniy»ning beshta qad. qoʻlyozma nusxalari mavjud boʻlib, ular chet el qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Jumladan, ikkitasi Fransuz Milliy kutubxonasi (Parij)da, yana ikkitasi Turk islom muzeyi kutubxonasida va «Nuri Usmoniya» kutubxonasi (Turkiya)da, yana biri Tehrondagi Eron Davlat majlisi kutubxonasida saqlanadi. Bu qulyozmalarning aksariyati Navoiy hayotligida koʻchirilgan, ulardan mukammal va toʻligʻi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan nusxadir. Unda 554 gʻazal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qitʼa, 73 ruboiy, 16 tarix, 373 mu-ammo, 9 lugʻz (sheʼriy topishmoq) — jami 1131 sheʼr boʻlib, 6197 baytni tashkil etadi. Ushbu devonni Oʻzbekistonda ilk bor prof. Hamid Sulaymonov nashrga tayyorlagan (Alisher Navoiy, Asarlar [15 jildli], T., 1965, 5-j.).

Abduqodir Hayitmetov.


Lotin alifbosida maqola: DEVONI FONIY haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ALISHER NAVOIY
Anvar Sobirov - Alam qilarkan
BUXORO VILOYATI
BERUNIY
BOBUR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты