DEZINFEKSIYA

DEZINFEKSIYA (dez… va infeksiya) , yuqumsizlantirish — yuqumli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar (bakteriyalar, viruslar va b.)ni yoʻq qilish. Keng maʼnodagi Dezinfeksiyaga odam bilan hayvonlar uchun zararli hasharotlarni yoʻq qilish — dezinseksiya va zararli kemiruvchilarni yoʻq qilish — deratizatsiya ham kiradi. Profilaktik, kundalik, yakunlovchi Dezinfeksiya boʻladi. Profilaktik Dezinfeksiya yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida uy anjomlari, idish-tovoklarni, jamoat toʻplanadigan joylar (bozor, doʻkon, bolalar muassasasi, hammom, oshxona, transport va b.)ni, tashlandilarni muntazam ravishda yuqumsizlantirishdir. Suvni yuqumsizlantirish, sutni pasterizatsiya qilish ham profilaktik Dezinfeksiyaga kiradi. Bemor yotgan uyda uzluksiz kundalik Dezinfeksiya oʻtkaziladi. Yakunlovchi (oxirgi) Dezinfeksiya bemor kasalxonaga yotqizilganidan, sogʻayib ketganidan yoki vafot etganidan keyin amalga oshiriladi. Dezinfeksiyada mexanik, fizik va kimyoviy vositalar qoʻllaniladi. Bino va undagi buyumlarni hoʻl latta bilan tozalash, kiyim-kechak va koʻrpa-yostiqni qoqish, chang soʻrgich bilan tozalash, binoni oklash, boʻyash va b. mexanik vositalarga kiradi. Kiyim-kechak va binolar shu yoʻl bilan 50 — 75% mikroblardan xalos boʻladi. Quritish, quyosh nuri, ultrabinafsha nurlar (simob-kvars lampalari), tashlandilarni yoqib yuborish, idish va b. buyumlarni qatronlash, suvga sovun va ishkrr solib qaynatish, qay-noq suv, dezinfeksiya kameralarida va maxsus apparat (avtoklav)da suv bugʻi va issiq havodan foydalanish fizik vositalar hisoblanadi. Kimyoviy vositalarga kislotalar, ishqorlar, xlorli ohak, xloramin, fenol, krezollar (lizol, naftalizol), formalin, sulema va b. moddalar kiradi. Bir qator yuqumli kasalliklarda Dezinfeksiya uy sharoitida oʻtkaziladi. Yuqumli ichak kasalliklari (ich terlama, dizenteriya) da bemor yotgan uy har kuni hoʻl latta bilan tozalanadi, u foydalangan idish-tovoq 1% li soda erit-masida, ich kiyimlari 2% li sovun-sodali yoki biror yuvuvchi vosita eritmasida 15 min. qaynatiladi. Parazitar yuqumli kasalliklar (tepkili terlama, qaytalovchi terlama)da bemor va unga yaqin yurgan kishilarni Dezinfeksiya qilishda yuqumsizlantiruvchi vositalar qoʻllanib, bemorning kiyim-kechagi va koʻrpa-yostigʻi Dezinfeksiya kamerasiga yuboriladi. Gripp kasalligida bemorning idishtovogʻi qaynoq suv bilan 2—3-marta yuviladi (yaxshisi, birorta yuvuvchi vosita eritmasida qaynatiladi), roʻmolchasi, sochigʻi yuvuvchi vosita eritmasiga boʻktirilgach, qaynatiladi. Bemor yotgan xonani teztez shamollatib, polixloraminning 0,2% li eritmasiga hoʻllangan latta bilan kuniga 2—3-marta artib turiladi. Kasallik turiga qarab Dezinfeksiya choratadbirlari oʻziga xos tartib asosida oʻtkaziladi. Dezinfeksiya ishini epidemiyaga qarshi tadbirlar rejasi asosida dezinfeksiya sanitariyaepidemiologiya st-yalari, kasalxonalar, poliklinikalar, vrachlik uchastkalari Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining qarorlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiradi.

Veterinariyadagi Dezinfeksiya epizootologik, veterinariyasanitariya ahamiyatiga ega boʻlgan profilaktik, kundalik va yakunlovchi Dezinfeksiya larga boʻlinadi. Profilaktik Dezinfeksiya infeksion kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, kundalik Dezinfeksiya kasal hayvonlar mav-judligida, yakunlovchi Dezinfeksiya infeksiya manbaini toʻliq yuqumsizlantirish maqsadida olib boriladi. Profilaktik Dezinfeksiya chorvachilik fermalarida va boshqa q. x. hayvonlari toʻplanadigan joylarda, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarda oʻtka-ziladi. Chorvachilik xoʻjaliklarida Dezinfeksiya oldindan rejalashtirilgan muddatlarda, bahorda mollarni yaylovga chiqarishdan oldin, binolarni esa kuzda mollarni bogʻlovga qoʻyishdan avval, goʻsht k-tlarida mollarni soʻyishdan oldin va keyin oʻtkaziladi. Sutni pasterizatsiya qilish, terini, suvni yuqumsizlantirish ham profilaktik Dezinfeksiyaga kiradi. Mexanik Dezinfeksiya (molxona va hududlarni tozalash, oqlash, boʻyash va h. k.), fizik Dezinfeksiya (alanga, ultrabinafsha nurlar, rentgen nurlari, gamma nurlar, tashlandiqlarni yoqib yuborish, suvda qaynatish, maxsus dezinfeksiya kamerasi va apparatlarida termik taʼsir oʻtkazish), kimyoviy Dezinfeksiya (kislota, ishqor, xlorli ohak, xloramin, fenol, krezol, lizol, naftalizol, formalin va b.) ham profilaktik choralarga taalluklidir. Kundalik Dezinfeksiya veterinariya muassasalarida, fermalarda, izolyatorlarda va b. mollar turadigan joylarda kasallik chiqqan vaqtda, uning tarqalishini cheklash, oldini olish maqsadida yuqorida koʻrsatilgan usul va vositalar yordamida oʻtkaziladi. Yakunlovchi Dezinfeksiya chorvachilik fermalarida va veterinariya muassasalarida, izolyatorlarda sporadik epizootiya tugatilib, kasal mollar olib chiqib ketilgach, oʻtkaziladi.

Qishloq xoʻjaligida urugʻlik, ekish materiallari, tuproq, issiqxonalar, don, meva va sabzavot saqlanadigan omborlar, daraxtlarning shikastlangan joylari va b. D. qilinib, kasallik tarqatuvchilardan tozalanadi. Bu ish mexanik (oʻsimlik qoldiklarini kuydirish, tuproqni bugʻlash) va kimyoviy (zamburugʻ va bakteriyalarni oʻldi-radigan moddalar qoʻllash) usullari bilan amalga oshiriladi. Uruglik va ekish materiallari granozon, merkuran, geksaxlorbenzol, formalin va b. preparatlar b-n, binolar oltingugurt dudlab, ohak suvi bilan oqlab yoki ohakning xlorli suspenziyasi, formalin bilan purkab Dezinfeksiya qilinadi. Issiqxona va parnik tuproqlari karba-tion, formalin, xlorpikrin bugʻi yoki gazi bilan dudlash yoki zaharli moddalarni qoʻllash bilan kimyoviy Dezinfeksiya qilinadi. Tuproqni Dezinfeksiya qilishda zaharli preparatlar bevosita tuproqqa solinadi.

Shonosir Shovahobov, Ahror Roʻzimurodov.


Lotin alifbosida maqola: DEZINFEKSIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ? degan savolarga javob topishingiz mumkin)



VIRUSLAR
TOSHKENT
TIBBIYOT
DEZINSEKSIYA
BAKTERIYALAR


Добавить комментарий