DERMATITLAR — terining yalligʻlanishi. Tashqi muhit taʼsirotlari: terining ishqalanib shilinishi, ezilishi, kuyishi, sovuq urishi, unga nur (rentgen, radioaktiv va quyosh nurlari), turli dorilar (sulfanilamidlar, antibiotiklar) va kimyoviy moddalar taʼsir etishi, bit, burga, kandala, chivin, kana chaqishi, shuningdek, baʼzi oʻtlar (mas, qichitqi oʻt) D. ga sabab boʻladi. Shartsiz taʼsirotlar (mas, qaynagan suv) tufayli roʻy bergan Dermatitlarda yalligʻlanish taʼsirot tekkan joyning oʻzida birdaniga vujudga keladi. Uning bu turi kontakt D. deyiladi. U ham oʻz navbatida oddiy yoki sunʼiy xillarga ajratiladi. Shartli, qitiqlovchi omillar taʼsirida paydo boʻlgan Dermatitlar faqat shu omillarga nisbatan, sezuvchanligi yuqori boʻlgan organizmda kuzatiladi va u allergik Dermatitlar deb ataladi. Belgilari: teri qizarib, shishadi, qichishadi, achishadi va qiziydi. Yalligʻlangan joyda katta-kichik pufakchalar koʻzga tashlanadi, ular yorilib, ichidan suyuklik chiqadi. Yalligʻlanish koʻpincha yuza boʻladi. Dermatitlarni qoʻzgʻatadigan omil uzoq taʼsir etea, terining ostki qavatlari ham yalligʻlanib, yara boʻlishi mumkin. Namlanib turgan joylar astasekin quriydi, qoraqoʻtir boʻladi yoki kulrang tangachalar bilan qoplanadi, ular ham tezda tushib, oʻrnida dogʻ qoladi va keyinchalik yoʻqolib ketadi. Terining sezuvchanligi ham-mada har xil; bir kishining terisiga hech qanday taʼsir etmagan omil (mas, tuxum, baliq, qazi, qulupnay yeganda) ikkinchi kishida Dermatitlar paydo kilishi mumkin. Dermatitlar ningoldi ni olish uchun uy-joy va korxonalarni ozoda saklash, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, korjoma, rezina qoʻlqop kiyish, yuzga oftobdan saklaydigan surtma yoki krem surtish kerak. Davo asosan Dermatitlarning xiliga va belgilariga qarab tayinlanadi. Hayvonlarda oddiy soʻgalli, vezikulyoz yoki pufakchali va gangrenali Dermatitlar uchraydi. Baʼzi ozuqalar (tarkibida solonin koʻp boʻlgan kartoshka bardasi, chiqindilari va b.) toshmaga, ekzantemaga sabab boʻladi. Dorivor moddalarni teriga surtganda, ichirilganda ham Dermatitlar rivojlanishi mumkin. Koʻpgina Dermatitlar biologik preparatlar — tuberkulin, mallein, saramas, kuydirgi antigenlari, zamburugʻlar (dermatomikozlar), ektoparazitozlar (qoʻtir, mallofagoz, gematopinidoz va b.), endoparazitozlar (gipodermatoz, demodenoz va b.) taʼsirida paydo boʻladi. Qon zardobi, qichitqi oʻt (krapiva) allergik Dermatitlar keltirib chiqarishi mumkin. Hayvonlar jarohatlanganda kelib chiqadigan Dermatitlarda jun qatlami qisman yoki toʻliq tushib ketadi, teri qizaradi, shishadi, katta-kichik pufakchalar hosil boʻladi. Keyinchalik yorilib, suyuklik chiqadi. Yalligʻlanish kuchliroq boʻlsa, terining ostki qavatlari ham kasallanib, yara boʻlishi mumkin. Yara yuzasi asta-sekin quriydi, qoraqoʻtir boʻlib, keyinchalik yoʻqoladi. Soʻgalli Dermatitlar koʻpincha otlarda uchraydi. Shikastlangan joy qalinlashadi, oʻsimta hosil boʻladi, yoriladi, qoʻlansa hidli suyuklik ajratadi. Vezikulyoz Dermatitlar koʻpincha qoramol va otlarda uchraydi. Qoramollarda Dermatitlar uzoq vaqt barda bilan boqish natijasida kelib chiqadi. Gangrenoz Dermatitlarda teri kizaradi, shishadi, junlari toʻkiladi, qichima va pufakchalar paydo boʻladi, baʼzan teri va teri osti toʻqimalari yaralanadi.
Davolash: oʻtkir Dermatitlarda kasallik sabablarini aniklab, qotiruvchi preparatlar qoʻllaniladi. Primochka yoki brilliant yashili, malaxit yashili, metilen koʻki, pioktaninning spirtdagi eritmasi surtiladi. Vishnevskiy mazi, sintomitsin emulsiyasi va b. bilan himoya bogʻlami (povyazka) qoʻyiladi.
Ad: Arifov S, Eshboyev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.
Saidqosim Arifov, Ahror Roʻzimurodov.