DINIY TASHKILOT

DINIY TASHKILOT — diniy ehtiyojlarni birgalikda qondirish yoki qondirishga koʻmaklashish maqsadida tuziladigan va diniy marosimlarni ado etish asosida ish koʻradigan ixtiyoriy, teng huquqli va oʻz-oʻzini boshqaruvchi uyushma. Ayni vaqtda u fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlovchi tuzilmalardan hisoblanadi. Diniy tashkilot larning taʼlimoti, tarixiy anʼanalari, diniy uyushmalar tuzilishida tutgan oʻrni va roli turli-tuman boʻlishi mumkin. Fuqaroning Diniy tashkilotga aʼzoligi uning huquqiy maqomini, jumladan boshqa shaxslar bilan tengligini cheklab koʻya olmaydi. Diniy tashkilot larning eng muhim belgisi — ularning oʻz-oʻzini boshqarishidir, yaʼni, ular maʼmuriy jihatdan davlat idoralaridan ajratilgan. Diniy tashkilot larning faoliyati qonunlarga zid kelmasa, davlat ularning ichki aqidaviy ishlariga aralashmaydi. Ular oʻz ustav (nizom)lariga muvofiq tashkil topish va ish yuritish, xodimlarni tanlash, tayinlash va almashtirish huquqiga egadirlar. Diniy tashkilot larning ustavlari ularning tuzilishi, diniy taʼlim va faoliyatning boshqa masalalarini belgilab beradi. Baʼzi Diniy tashkilotlar iyerarxiya tizimida tashkil topgan. Mas, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻrta Osiyo Yeparxiyasi masjidlar, cherkovlar, oʻquv yurtlari, mahalliy tashkilotlar va oʻz boshqaruv organlariga ega.

Oʻzbekistan Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi (1998) qonunida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistan Respublikasi fuqarolarining dinga eʼtiqod qilish, ibodat, rasm-rusum va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan koʻngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy oʻquv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va b.) D. t. lar deb eʼtirof etiladi. Tegishli ustav (nizom) asosida faoliyat yurituvchi respublika diniy uyushmalari Oʻzbekistan Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi. Viloyat, tuman va shahar, shaharcha va qishloq hududida boʻlgan Diniy tashkilotlar tegishli viloyatlar, shuningdek, Toshkent sh. hokimligi adliya boshqarmalari tomonidan roʻyxatga olinadi. Diniy tashkilot roʻyxatga olingandan sung u yuridik shaxsga aylanadi. Diniy tashkilot yuridik shaxs sifatida qonunlarga va oʻz nizomiga muvofiq holda huquqlardan foydalanadi hamda majburiyatlarni oʻtaydi. Diniy tashkilot rahbarining tashkilot ustavini roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlashi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi. Roʻyxatdan oʻtmagan Diniy tashkilot larning faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar qonun xujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar. Diniy tashkilotlar faoliyati ikki holda: ular oʻz nizomlariga muvofiq tugatilganda va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻtrisida»gi qonun qoidalari yoki boshqa qonun hujjatlariga rioya qilinmaganda toʻxtatiladi. Diniy tashkilot faoliyatini toʻxtatish haqidagi qaror Oʻzbekistan Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent sh. hokimligining adliya boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi. Diniy tashkilotlar qabul qilingan qaror ustidan xalq sudiga shikoyat qilish huquqiga ega, shikoyat fuqarolik ishlarini yurituvchi sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Diniy tashkilotlar tasarrufida binolar (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, kirxalar, monastirlar, ibodatxonalar va b. inshootlar), i. ch. korxonalari (bosmaxonalar, fermalar, badiiy-tikuv sexlari va h. k.), ijtimoiy va xayriya obyektlari (yetimxonalar, qariyalar uylari va h. k.), diniy anjomlar (diniy kitoblar, ikonalar, shamlar va h. k.), ular faoliyatini taʼminlash uchun zarur transport vositalari, pul va b. mulklar boʻlishi mumkin. Diniy tashkilot larning mulkiy huquqi qonun tomonidan himoya qilinadi.


Lotin alifbosida maqola: DINIY TASHKILOT haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
YER
ROSSIYA
XITOY
SHAXSNING HUQUQIY HOLATI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты