DOGMATIZM

DOGMATIZM, aqidaparastlik — tanqidiy nuqtayi nazardan tekshirmay, aniq sharoitni hisobga olmay koʻrkoʻrona fikr yuritish usuli. Falsafada Dogmatizm biror tezisni falsafiy tizimga asos qilib olib, uning haqiqatligini isbot qilish shart emas deb fikr yuritishda namoyon boʻladi. Qad. davrda falsafada hamma narsani shubha ostiga oluvchi skeptiklarga qaramaqarshi oʻlaroq ijobiy fikr va taʼlimotni ilgari suruvchilarni dogmatiklar deb atashgan. I. Kant tajriba va kuzatuv bilan hisoblashmay, inson aql-zakovati bunga haqlimi-yoʻqmi deb oʻylamay metafizik fikrlovchilarni dogmatiklar deb hisoblagan. Dogmatizm diniy taʼlimotda qatiy, hech bir eʼtirozga yoʻl qoʻymaydigan aqidalarga rioya qilishda, fan sohasida esa, tayin tarixiy sharoitlarni hisobga olmay oʻzgarmas qonun va qoidalarni tan olishda namoyon boʻladi. Dogmatizmga asoslangan tafakkur usuli ilmiy bilishga zid, nazariya bilan amaliyotning bir-biridan ajralib qolishi natijasidir. Dogmatizm hukm surgan joyda turgʻunlik, jaholat, karaxtlik, qotib qolish, mutaassiblik paydo boʻladi. Yaqin oʻtmishdagi shoʻrolar tuzumi davrida fan, falsafa, iqtisodiyot, adabiyot va sanʼat sohalarida dogmatik fikrlash usuli hukmronlik qildi. Iqtisodiy, siyosiy tashkilotlar va ular ishidagi buzilishlar ilmda sotsializmning asosiy mohiyatini tashkil etuvchi tomonlar sifatida koʻrsatilar va mutlaqlashtirilar edi. Bu xulosalar esa ijtimoiy fanlarga bahslashib boʻlmaydigan dogma sifatida kiritilib, nazariy fikrlarning ijodiy taraqqiyotiga toʻsiq boʻlib qolgan edi. Shunday sharoitda kimki yangi ilmiy muammoni koʻtarib chiqsa, ijodiy fikr yuritishga urinsa, u sotsializm dushmani deb eʼlon qilinar edi. Natijada ijtimoiy fan vakillari orasida sotsialistik jamiyatni tanqidiy tahlil qilish mumkin emas, degan fikr keng yoyilgan edi. SSSR parchalangandan soʻng ilm-fan va b. nazariy hamda amaliy faoliyatda ijodiy fikr yuritish imkoniyati vujudga keldi.



IBN SINO
KANT
BERUNIY
XITOY
KIMYO


Добавить комментарий