DOSTONCHILIK

DOSTONCHILIK — xalq ogʻzaki poetik ijodidagi qad. epik anʼana. Dastlab qoʻshiq shaklidagi, musiqa asbobisiz kuylanadigan asarlar yaratilgan. Keyinchalik (10 — 11-a. lar) doʻmbira jurligida aytiladiganlari yuzaga kelgan. Dostonchilikning bunday namunalari Kaspiy va Orol dengizlari boʻylaridagi qad. koʻchmanchi turkiy qabilalar orasida vujudga kelgan. Epik dostonlarni yaratuvchi va kuylovchi badihagoʻylar koʻpayib borgan sari ustoz-shogirdlik anʼanalari vujudga kela boshladi. Natijada 15—16-a. larga kelib koʻpgina dostonchilik maktabi paydo boʻldi. 17—18-a. lar Dostonchilik taraqqiyotida jiddiy koʻtarilish bosqichi, 19—20-a. lar esa uning eng rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda baxshilar repertuarida 150 dan ortiq xalq dostonlari boʻlib, ularni Tilla kampir, Sulton kampir, Jolmon baxshi, Boʻron shoir, Jumanbulbul, Jossoq, Xonimjon xalfa, Buvi shoira, Suyav baxshi, Amin baxshi, Yoʻldoshbulbul, Sultonmurod, Qurbonbek, Yoʻldosh shoir, Suyar shoir, Sherna yuzboshi kabi mashhur baxshilar kuylab kelganlar. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan, Islom shoir, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Berdi baxshi, Abdulla Nurali oʻgʻli, Umir shoir, Bola baxshi, Ahmad baxshi kabi yetakchi sanʼatkorlar uzlariga zamondosh boshqa baxshilar bilan birgalikda bu epik anʼanani davom ettirdilar. Dostonchilikda qatiy tartibga rioya qilingan: doston eshitish uchun maxsus kechalar uyushtirilgan, toʻy-hashamlar ham baxshilarsiz oʻtmagan. Tinglovchilar baxshini toʻrga oʻtqazib, atrofida qoʻr toʻkib oʻtirganlar. Baxshi doʻmbirasini sozlab, tinglovchilarga «Nima aytay» termasi bilan murojaat qilgan, «Kunlarim», «Doʻmbiram» termalarini aytib, tinglovchilar eʼtiborini oʻziga jalb etgan. Baxshi ijro davomida dostondagi har bir tasvirga mos soʻz topib, oʻsha soʻzlarga monand xatti-harakatlar qilgan. Tinglovchilarni qiziqtirish b-n, oʻzi ham tobora avjga chiqqan. Iqtidorli dostonchilar ikki-uch kecha mobaynida, hatto oylab doston kuylay olganlar. Mas, Shernazar Berdinazar oʻgʻli yetti kecha davomida doston ayta olgan. Baʼzi dostonlarning hajmi ham ikki-uch kecha muttasil ijro etishni taqozo etgan. Dostonchi, odatda, voqea eng qiziq joyga yetganda kuylashni toʻxtatib, tanaffus qilgan, bu esa tinglovchilarning qiziqishini yana ham oshirgan. Dostonchilik kechalariga ikki-uch baxshi tashrif buyurgan. Bunday hollarda dostonchilar oʻzaro tortishuvga kirishganlar: bir-birlarining iqtidorlarini, soʻzdagi chechanligini, soz chalishdagi mahoratlarini sinaganlar. Tinglovchilar ularga baho berganlar. Xalq olqishini ololmagan dostonchi davradan chiqib ketgan.

Dostonchilik anʼanasi hoz. kunda ham davom etmoqda, ammo kuylash tartibi va sharoitlarida birmuncha oʻzgarishlar bor. Endiliqda baxshilar teatrlarda, konsert zallarida, katta sayil va hasharlarda, radio va televideniye orqali uyushtirilgan olimpiada va tanlovlarda oʻz mahoratlarini keng tomoshabinlar oldida namoyish etmoqdalar.

Ad.: Mirzayev T., Xalq baxshilarining epik repertuari, T., 1979; Razzoqov H., Mirzayev T. va b., Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi, T., 1980.

Tura Mirzayev.


Lotin alifbosida maqola: DOSTONCHILIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XITOY
XALQ IJODI
XORAZM VILOYATI
FRANSIYA
TOSHKENT


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты