ENERGETIKA

ENERGETIKA — energiyaning har xil turlarini hosil qilish, ularni bir turdan ikkinchi turga oʻzgartirish, muayyan masofaga uzatish va yetkazib berish, ulardan barcha sohalarda foydalanishni hamda shular bilan bogʻliq nazariy va amaliy muammolarni hal qilishni oʻz ichiga olgan xalq xoʻjaligi, fan va texnika sohasi. Insoniyat taraqqiyotida kishilarning turli energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojlari ularni tabiiy manbalar — oʻtin, koʻmir, torf va boshqalar yoqilgʻilardan, shamol, suv oqimi energiyasi (mas, shamol va suv tegirmonlari) dan foydalanishga majbur qildi. Keyinchalik fan va texnika taraqqiyoti, fantexnika inqilobi tufayli 20-asrning 2-yarmidan boshlab asosan elektr energiyasiga ehtiyoj juda oshib ketdi. Ana shu omillar Energetikani jadal rivojlantirishni taqozo qildi. Fan va texnika taraqqayoti energiya i. ch. va uni oʻzgartirishning yangi usullarini ishlab chiqish, yangi samarali asbobuskunalar va texnologiyalarni yaratish, energiyani taqsimlashni markazlashtirish va boshqalar orqali ifodalanadi. Energetika fani tabiiy energiya resurslarining potensial energiyasini xalq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli va foydali energiya turlariga aylantirish hamda shu bilan bogʻliq ilmiytexnik muammolarni hal qilish masalalari bilan shugʻullanadi.

Energetikaning taraqqiyoti koʻp jihatdan mamlakat energiya rusurslari bilan qanchalik taʼminlanganligiga chambarchas bogʻliq. Koʻmir, neft, tabiiy gaz, torf, oʻtin, slanes, suv, elektr va yadro energiyasi, shamol va quyosh energiyasi Energetika resurslari hisoblanadi. Energetika resurslari yoqilgʻi (koʻmir, neft, gaz, yadro, torf, slanes, oʻtin) va yoqilgʻi boʻlmagan vositalar (suv, shamol, quyosh energiyasi va boshqalar) ga boʻlinadi. Yoqilgʻi bilan bogʻliq Energetika resurslari tiklanmaydigan, yoqilgʻi bilan bogʻliq boʻlmaganlari esa tiklanadigan resurslar hisoblanadi.

Jahon miqyosida turli yoqilgʻi Energetika resurslari miqdorini taqqoslash uchun shartli yoqilgʻi birligi (1 kg yoqilgʻi yonganda 7000 kkal issiqlik ajralishi) qabul qilingan. Jahondagi barcha yoqilgʻi resurslarining (yadro energiyasidan tashqari) potensial zaxiralari 25000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng. Uning 95% i yoqilgʻining qattiq turlariga toʻgʻri keladi. Yadro energiyasining asosiy manbai boʻlgan uran va toriyning zaxiralari dunyo okeani suvlaridagi zaxiralar bilan birga 69000 mlrd. t shartli yoqilgʻiga teng. Eng koʻp ishlatiladigan Energetikaning tabiiy resurslari (koʻmir, neft, gaz) jahon mamlakatlari boʻyicha notekis taqsimlangan. Shu jihatdan Oʻzbekistonning Energetika resurslarini hisobga olsak, mamlakat Energetikasi xalq xoʻjaligining baza sohasi hisoblanadi. Oʻzbekiston E. tizimi xalq xoʻjaligi va aholining yoqilgʻi (koʻmir, gaz, neft), elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondiradi va eksport ham qilinadi. Oʻzbekistonda 20 issiqlik elektr stansiyalari, 27 gidroelektr stansiya (GES) ishlab turibdi. Bularning umumiy oʻrnatilgan quvvati 11,5 mln. kVtsoat (yiliga 55 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi i. ch. imkoniga ega), transformatorlarning umumiy quvvati 44850 MVA, elektr tarmoqlarining umumiy uz. 232 ming km, shu jumladan, yuqori quvvatli (500 kV li)lari 1660 km ni tashkil qiladi (2005).

Energetika xalqxoʻjaligining muhim tarmogʻi sifatida gidroenergetika va issiklik energetikasiga ajraladi. Gidroenergetika — E. ning suv resurslari energiyasidan foydalanishga doir boʻlimi. Suv resurslari energiyasidan foydalanish uchun suv oqimi maxsus qurilgan inshootlar va jihozlar majmui — gidroelektr st-yalar (GES) yordamida elektr energiyasiga aylantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimida 26 GES ni birlashtirgan 7 ta GES kaskadlari hamda Farhod GES bor. Eng yirik GES lar: Chorvoq GES (quvvati 620,5 MVt), Xoʻjakent GES (165 MVt), Farhod GES (126 MVt), Gʻazalkent GES (120 MVt). Oʻzbekiston Energetika tizimidagi barcha GES larning umumiy belgilangan quvvati 1419 MVt. Mamlakat gidroenergetikasining istiqboldagi taraqqiyoti, asosan. kichik suv havzalari gidroresurslaridan foydalanish bilan bogʻliq (q. Gidroenergetika).

Issiqlik Energetikasi — E. ning issiqlikni issiqlik dvigatellari va boshqalar yordamida boshqa energiya turlari (mexanik energiya, elektr energiyasi) ga aylantirib beruvchi issiklik texnikasi boʻlimi. Issiqtik Energetikasida asosiy issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona issiklik elektr st-yalari (IES) hamda Davlat issiqlik elektr st-yasi (DIES) hisoblanadi. Yirik DIES lar: Sirdaryo DIES (3000 MVt), Toshkent DIES (1850 MVt), Tolimarjon DIES (loyiha boʻyicha 3200 MVt). Oʻzbekistonning issiqtik elektr st-yalari respublikada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85% ini tashkil qiladi.

Oʻzbekistonning yoqilgʻi balansida gaz va koʻmirning salmogʻi katta (q. Gaz sanoati, Issiqlik energetikasi), «Koʻmir» aksiyadorlik jamiyati ham «Oʻzbekenergo» tarkibiga kiradi.

Fanda Energetika muammolari bilan shugʻullanishda izchil i. t. ishlariga asoslangan holda Energetika taraqqiyotining qonuniyatlari, tabiiy anʼanalari va optimal yechimlari oʻrganiladi, Energetikani optimal boshqarishning asoslari shakllantiriladi, Energetikaning kompleks muammolari, shu jumladan, uning atrof muhitga taʼsiri, yaʼni ekologiya masalalari, Energetikaga doir fan va texnika taraqqiyoti masalalari va boshqalar hal qilinadi. Oʻzbekistonda Energetika fanlarining rivojlanishi 20-asr 30-y. lari oxiri va 40-y. lariga toʻgʻri keladi. Energetikaga doir i. t. ishlari Energetikaning ustuvor kompleks masalalarini va amaliy muammolarini hal qilishga qaratildi. Elektr energiyasini uzoq masofaga uzatish bilan bogʻliq masala — oʻzgaruvchan tokni oʻzgarmas tokka aylantirish nazariyasi, asinxron va sinxron mashinalarning magnit oqimlari oʻz-oʻzidan uygʻonishini taʼminlashni hisoblash usullari, elektron qurilmalaridagi shikastlanishning murakkab turlari nazariyasini rivojlantirish kabi ustuvor masalalar bilan shugʻullanildi, gidroelektr st-yalari quvvatini samarali taqsimlashni hal qilishga doir ishlar bajarildi. 40-y. lar oxiri va 50-y. larda i. t. ishlari elektr st-yalari, elektr tizimi va jihozlari ishini yaxshilash, puxtaligini oshirish, samaradorligini koʻtarishga qaratildi (N. N. Shchedrin, H. F. Fozilov), elektr tizimlarini hisoblashning ixcham nazariyasi va usullari yaratildi (H. F. Fozilov, K. R. Allayev, T, X. Nosirov va boshqalar). Elektr tizimlari rejimini ifodalaydigan katta oʻlchamli chiziqlimas tenglamalarni yechish (S. S. Solihov), yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan kichik quvvatlarni olish sxemalarini yaratish, hisoblash nazariyasi va usullarini ishlab chiqish (N. R. Gʻanixoʻjayev) masalalari tadqiq qilindi.

Oʻzbekiston energetikasi rivoji uchun tabiiyiklim sharoitlaridan oqilona foydalanish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasi, shamol kuchi, yer osti suvlari harorati va kichik gidroelektrostyalardan foydalanish masalalari borasida keng tadqiqot ishlari olib borildi (G. A. Grinevich, R. A. Zohidov). I. ch. jarayonlarini avtomatlashtirish va telemexanizatsiyalash hamda energetika tizimlarida oʻlchash texnikasi, oʻlchash aniqligi, puxtaligi va samaradorligini oshirish kabi ilmiy natijalarga erishishda muhim tadqiqotlar amalga oshirildi (akad. J. Abdullayev). Issiqlik Energetikasi va issiklik texnikasi sohasida yoqilgʻidan foydalanishning yangi texnologiyasi va issiqlik energiyasidan samarali foydalanish kabi muhim tadqiqot ishlariga ahamiyat kuchaytirildi (R. A. Zohidov, S. Q. Ismatxoʻjayev). Sanoatning bir qancha sohalarida energotejamkorlik, energiyadan oqilona foydalanish, GES lar jihozlarini diagnostika qilish, mashina yordamida sugʻoriladigan nasos st-yalari uchun yangi elektr yuritmalar yaratish (T. S. Kamolov), Oʻzbekiston elektr korxonalarining normal ishlashini EHM yordamida hisoblash (E. Payziyev), elektrofizikaning fiziktexnik muammolari boʻyicha bir qancha ilmiy natijalarga erishildi. Oʻzbek olimlari tomonidan avtomatlashtirilgan elektr yuritmalarining yangi avlodi yaratildi. Yarim oʻtkazgichli elementlar asosida invertorlarning bir qancha sxemalari taklif etilib, ularni chastotasiga koʻra boshqariluvchi asinxron, bir fazali kondensatorli asinxron va sinxron motorli aylanish tezligini oʻzgartirishga qoʻllashlik muammolari ishlab chiqildi (M. 3. Homidxonov, S. 3. Usmonov, N. M. Usmonxoʻjayev, A. A. Xoshimov, K. Moʻminov).

Bu yoʻnalishda olib borilgan ishlarning biri — bu yangi prinsipda ishlaydigan maxsus elektr mashinalari — koʻp rotorli asinxron motorlarining yaratilishi boʻldi (A. Dadajonov, 3. Sh. Isamuhamedov). Elektromagnitli val prinsipi taklif etildi va ishlab chiqildi. Bu bir-biriga mexanik ravishda bogʻlanmagan bir necha mexanizmlarning aylanish tezliklarini oʻzaro muvofiqlashtirishni taʼminlovchi elektromagnitli qurilmadir (N. M. Usmonxoʻjayev). Sanoat va qurilishda keng qoʻllaniladigan titrama gʻalvirlar uchun elektr yuritmalarining yangi turlari yaratilib, i. ch. ga joriy etildi (N. X. Bozorov). Ikki motorli elektr yuritmalar, shuningdek, qutblari keng oʻzgarishga ega boʻlgan asinxron motorlari nazariyalari yaratildi (X. G. Karimov). Elektr zanjirlari va tizimlarining chizikli boʻlmagan nazariyasi va hisobiy usullariga doir hamda avtomatika va hisoblash texnikasi elementlarini ishlab chiqish boʻyicha maktab yaratildi (Gʻ. R. Rahimov).

Parametrik zanjirlar va tizim (3. I. Ismoilov), boshqarish elementlari va texnika vositalari (P. F. Hasanov), avtoparametrik tebranishlar zashkirlarida oʻzgaruvchan tok fazalar soni va chastotasini oʻzgartirish (A. S. Karimov) nazariyalari yaratildi. Energetika tizimlarining samaradorligini oshirish, quvvatni tejash va ekologik sof energetikaning dolzarb muammolari boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Yangi energiya manbalarini topish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari samaradorligini oshirish hamda ularni energiya tizimida qoʻllanish koʻlamini kengaytirish istiqbolli masalalardir. Oʻzbekiston Respublikasida Energetika masalalari bilan, asosan, Oʻzbekiston FA Energetika va avtomatika institutipz., Oʻzbekiston milliy untida, Toshkent texnika untida, soha boʻyicha i. t. institutlarida shugʻullaniladi. Respublikada Energetika fani taraqqiyoti Gʻ. Rahimov, H. Fozilov, M. Homidxonov va boshqalar olimlar nomi bilan bogʻliq.

Ergash Shoismatov, Romen Zohidov.


Lotin alifbosida maqola: ENERGETIKA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: E harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YAPONIYA
XITOY
XALQ IJODI
ROSSIYA
Kumush Razzoqova - Ketdi-ketdi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты