EPILEPSIYA

EPILEPSIYA (yun. — tutaman) , tutqanoq, quyonchiq — bosh miyaning surunkali kasalligi; koʻpincha tirishish, hushdan ketish, bemor shaxsining oʻzgarishi, ayrim hollarda aqliy qobiliyatning susayib borishi bilan kechadi (feʼlatvor oʻzgaruvchan, serjahl, ginaxon boʻlib qoladi va h. k.). Bosh miyaning tutqanoq tutishiga nisbatan tugʻma yoki turmushda orttirilgan oʻta moyilligi, shuningdek, nasliy tugʻma nuqsonlar, bosh va orqa miyaning yuqumli kasalliklari, jarohatlari, tugʻruq chogʻidagi noxushliklar, endokrin omillar, nogahon qoʻrquv va h. k. E. ga sabab boʻladi. Epilepsiya mustaqil kasallik (genuin Epilepsiya) yoki simptomatik (bosh miyaning yalligʻlanishi, oʻsmasi, shikastlanishi va boshqalar oqibatida) boʻlishi mumkin. Epilepsiya koʻp uchraydi. Aksari bolalik va oʻsmirlik davrida, baʼzan keksayganda ham kuzatiladi. Katta va kichik tutqanoqlar Epilepsiyaning asosiy belgisidir. Koʻpincha hech bir sababsiz, baʼzan qattiq hayajon, horish va boshqalardan soʻng tutqanoq tutadi. Aksari tutqanoq tutishidan avval bemor kayfiyati oʻzgaradi; serzarda yoki mayus boʻladi, boshi ogʻriydi, lanj tortadi. Baʼzan hech qanday belgisiz, shuningdek, uyquda ham tutqanoq tutadi. Deyarli koʻpchilik hollarda bevosita tutqanoq tutishidan oldin bir necha sekund davomida oʻtkir ruhiy holat — aura (yun. aiga — «shabada esishi») yuz beradi. Bunda bemor oʻzini yomon his qiladi, boshi aylanadi, eti uvishadi va h. k. Shuningdek, bemor koʻziga dahshatli manzaralar koʻrinishi, burniga qoʻlansa, kuyundi hidlar kelishi, shovqinsuron eshitilishi va achchiq, shoʻr taʼm sezilishi mumkin. Baʼzida bemor bu vaqtda bir xildagi harakatlarni takrorlayveradi; mas, ogʻzini chapillataveradi, oldida turgan narsani yigʻaveradi yoxud bir joyda gir aylanadi, oʻz-oʻzidan yugurib ketadi va boshqalar Auradan soʻng kuchli tutqanoq tutadi. Bemor hushdan ketib yiqiladi, soʻng gavdasining barcha muskullari qisqarib (tonik talvasa) qoʻloyoqlari choʻziladi yoki bukilganicha qotib qoladi, jagʻlarini mahkam qisib oladi (bunda bemor koʻpincha tilini tishlab oladi). Nafas muskullarining qisqarishi tufayli bemor koʻkarib (ayniqsa, yuzi) ketadi, koʻz soqqalari orqaga tortib, qorachigʻi kengayadi va nurdan taʼsirlanmaydi. Bir necha sekunddan soʻng bu holat gavda muskullarining ritmik qisqarishi (klonik talvasa) bilan almashinadi. Bunda bemor boshini yotgan yeridagi narsalarga uradi, ogʻzidan koʻpik chiqadi, 1—2 minutdan keyin asta-sekin tirishish tugab, bemor nafas ola boshlaydi, rangi oʻziga keladi. Lekin bu vaqtda u yiqilgandagi shikastlar ogʻrigʻini sezmaydi, chaqirsa eshitmaydi; koʻpincha oʻziga kelmay turib chuqur uyquga ketadi. Uygʻonganidan soʻng hech narsani xotirlay olmaydi; darmonsizligi, shikastlanganligidan tutqanoq tutganini biladi. Kichik tutqanoq, odatda, talvasasiz yoki kamroq talvasa (bolalarda) bilan oʻtib, bir necha sekundda tugaydi. Bunda aksariyat bemor bir lahza esʼhushini yoʻqotib (mas, yurgan boʻlsa birdan turib qoladi, gapirayotgan boʻlsa soʻz oʻrtasida toʻxtaydi va boshqalar), yana oʻziga kelishi mumkin. Epilepsiyada kichik tutqanoqlardan tashqari talvasasiz faqat ruhiy oʻzgarishlar — E. ekvivalentlari ham kuzatiladi. Ayrim vaqtlarda ular aura kabi koʻproq qisqa muddatli ruhiy holatlar tarzida oʻtadi. Bunda bemor hayot voqeligini idrok etolmay qoladi. Epilepsiyada (ayniqsa genuin Epilepsiyada) sekin-asta bemor shaxsi (xarakteri) oʻzgarib, aqliy qobiliyati susayib boradi, yaʼni Epilepsiyaga xos esi pastlik kuzatiladi, bunda bemor toʻsatdan bajarayotgan ishini boshqa maqsadsiz tomonga yoʻnaltiradi, mas, ishdan uyga qaytayotib boshqa joyga ketib qoladi, biror xat yozayotgan boʻlsa, uning mazmunini (shaklini) buzib yuboradi va h. k. Bemor bir mavzudan ikkinchisiga, bir mashgulotdan boshqasiga oʻtishga qiynaladi, qiziqish doirasi tor, atrofdagilarga kek saqlaydigan, qasoskor, ichi qora yoki adolatgoʻy, nasihatgoʻy, boshqalari haddan tashqari sarishta, muloyim boʻlib qoladi.

Genuin Epilepsiya surunkali kechib, avj olib boradi, bunda katta tutqanoqlar 1 yilda 1—2-marta yoki bir kunda bir necha marta ketmaket tutadi, baʼzan (yaʼni ketmaket tutganda) miyaga qon quyilishi yoki miya va oʻpkaning shishishi, asfiksiya, ogʻir hollarda oʻlim yuz berishi mumkin.

Davosi: qatiy kun tartibi, parhez, mehnat bilan davolash va vrach tavsiya etgan doridarmonlardan iborat.

Epilepsiyasi bor bemorlar psixonevrologik dispanserlar nazoratiga olinadi.


Lotin alifbosida maqola: EPILEPSIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: E harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
TUGʻRUQ
TIRISHISH
TOSHKENT
XOTIN-QIZLAR KASALLIKLARI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты