IMMUNITET (lot. immunitas — biron narsadan xalos, ozod boʻlish, qutulish) — tirik mavjudotlarning oʻz butunligi va biologik noyobligini buzuvchi «yot» omillardan himoyalani-shi, qarshilik koʻrsatishi, rezistentligi. «Yot» omillarga bakteriya va ularning toksinlari, viruslar, zamburugʻlar, sodda jonivorlar, gelmintlar, koʻchirib oʻtkazilgan aʼzo va toʻqimalar, organizmning oʻzgargan oʻz xujayralari (mas, oʻsmasimon hujayralar) va b. kiradi. Bu omillar organizm uchun irsiy begona boʻlgan kimyoviy agentlar — antigenlar tutadi.
Organizmni infeksion agentlar va b. yot moddalardan himoya qilish omillari tabiati boʻyicha uchga boʻlinadi: 1. Filogenetik Immunitet — anatomik va fiziologik belgilar bilan taʼminlanib, nasldannaslga oʻtadigan nomax-sus himoya omillari yoki organizmning nomaxsus rezistentligi. Bu omillar patogen agentlar bilan birinchi boʻlib aloqa qiladi,. shuning uchun ularning faoliyati hisobiga odam organizmining koʻpgina yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchilariga chidamliligi taʼminlanadi.
2. Tugʻma Immunitet (turga xos, tabiiy) — bir biologik turning maʼlum bir patogen agentga nisbatan chidamligi bulib, nasldannaslga oʻtadi. Mac, it, qoramol, tovuklarning oʻlat kasalligi qoʻzgʻatuvchilari odamlarga yuqmaydi, oʻz navbatida odamlardagi zaxm, qizamiq, virusli gepatit, OITS qoʻzgʻatuvchilari hayvonlarda kasallik qoʻzgʻatmaydi. Turga xos Immunitet uzoq yillar davomida evolyutsiya natijasida makroorganizm bilan patogen mikroorganizmlarning oʻzaro munosabati oqibatida vujudga kelgan.
3. Orttirilgan Immunitet — hayot davomida organizm immun sistemasining yot antigenlar bilan taʼsirlashuvi hisobiga yuzaga keladigan himoya boʻlib, nasldan naslga oʻtmaydi. Orttirilgan Immunitet tabiiy va sunʼiy boʻladi. Tabiiy Immunitet oʻz navbatida yana ikkiga boʻlinadi:
1) tabiiy faol Immunitet — yuqumli kasallikdan sogʻaygandan soʻng yuzaga keladi;
2) tabiiy sust Immunitet — onadan bolaga yoʻldosh va sut orqali oʻtadi. Sunʼiy Immunitet ham ikki xil boʻladi: 1) sunʼiy faol Immunitet vaksinalar bilan emlaganda hosil boʻladi;
2) sunʼiy sust Immunitet — zardob, qon, immunoglobulin va plazmalar yuborilgandan sung yuzaga keladi. Orttirilgan Immunitet mikrobga qarshi (antibakterial Immunitet) va uning toksinlariga qarshi (antitoksik Immunitet) vujudga keladi. Antibakterial Immunitet oʻz navbatida steril va nosteril turlarga bulinadi. Steril Immunitetda kasallikdan soʻng patogen mikrob organizmda saqlanib qolmaydi (koʻpgina yuqumli kasalliklarga xos). Nosteril Immunitetda kasallik qoʻzgʻatuvchisi organizmda saqlanib qolishi mumkin (maye., sil, ich terlama, shol, gepatit kabi kasalliklarda), lekin odamda kasallik belgilari ku-zatilmaydi, ammo Immunitet maʼlum bir sabablarga koʻra susaysa, kasallik qaytalanishi (retsidiv) mumkin.
Adaptiv Immunitet bir organizm limfoid hujayralarini ikkinchi organizmga koʻchirib oʻtkazilganda, ularning faolligi hisobiga yuzaga keladi. Mas., oq qon kasalligida oʻzgargan qon hujayralari oʻldirilib, donor sogʻlom odamdan koʻmik koʻchirib oʻtkaziladi. Toʻqima va aʼzolarni donordan retsipiyentga koʻchirib oʻtkazishda rivojlanadigan qimoya transplantatsion Immunitet deb ataladi. Bu himoya koʻchirib oʻtkazilgan toʻqima va aʼzolarning bitib ketmasligiga va ularning nekrozga uchrashiga sabab boʻladi.
Muayyan toʻqima va aʼzoda maʼlum bir omilga qarshi rivojlangan himoya mahalliy Immunitet deb ataladi. Bu himoya sirtqi immun sistema aʼzolarining faolligi hisobiga yuzaga keladi.
Organizmda uni kasallik qoʻzgʻatuvchi har xil mikroorganizmlar va boshqa «yot» omillardan himoya qiluvchi tabiiy vositalar mavjud (organizmning nomaxsus rezistentligi): teri va shilliq qavatlarning mexanik toʻsiqlik vazifasi, limfa tugunlaridagi yalligʻlanish, organizm suyuqliklarining (soʻlak, koʻz yoshi, meʼda-ichak, nafas va siydiktanosil yoʻllarining shilliq moddalari, limfa, qon zardobi tarkibidagi lizotsim, interferon, komplement, properdin kabi omillar) bakteritsid va normal mikrofloraning antagonistik taʼsiri, fagotsitoz qiluvchi hujayralar va tabiiy kil-lerlar faolligi, organizmning fizi-ologik reaksiyalari va b. Nomaxsus chi-damlilik qudratli himoya omili boʻlib, makroorganizmning ichki muhiti barqarorligi (gomeostazi) ni doimiy ravishda taʼminlab turadi. Organizm limfoid toʻqimalarining «oʻzinikini begonadan» ajrata olish qobiliyati umurtqali organizmlarda immun omillar sistemasi sifatida shakllangan. Organizmda, irsiy jihatdan begona boʻlgan antigenlarga qarshi immun javob qonlimfoid aʼzolarda (immun sistema) maxsus antitelolar va limfotsitlar yordamida amalga oshiriladi.