HUNARMANDCHILIK

HUNARMANDCHILIK, hunarmandlik — milliy-anʼanaviy mayda tovar ishlab chiqarish, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda va qoʻl mehnatiga asoslangan sanoat turi; shunday mahsulotlar tayyorlanadigan kasblarning umumiy nomi. Yirik sanoat i. ch. i vujudga kelishiga qadar keng tarqalgan, ayrim sohalari keyin ham saklangan. Kam rivojlangan mamlakatlarning xalq xoʻjaligida hozir ham muhim oʻrin egallaydi.

Hunarmandchilik insonning i. ch. faoliyati bilan vujudga kelib, jamiyat rivojlanishi davomida asta-sekin dehqonchilik va chorvachiliksan ajralib chiqdi, turli ijtimoiytarixiy davrlar doirasida texnika rivoji bilan aloqador holda takomillasha bordi, turli ixtisosliklar (kulollik, duradgorlik, temirchilik, misgarlik, binokorlik, toshtaroshlik, oʻymakorlik, kashtadoʻzlik, koʻnchilik, tikuvchilik, toʻquvchilik, zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardoʻzlik, boʻyoqchilik, kemasozlik, tunukasozlik va b.)ga ajraldi. Hunarmandchilik qanday tabiiy resurslarning mavjudligiga qarab, mas, paxta va pilla bor yerda toʻqimachilik, sifatli xom ashyo bor yerda (mas, Rishton-da) kulolchilik, jun va teri koʻp yerda toʻqimachilik va koʻnchilik, shunga qarab kosibchilik, oʻrmonlar koʻp yerda yogʻochsozlikg maʼdanlarga boy yerlarda metall i. ch. va temirchilik, dengiz va daryo boʻylarida kemasozlik va b. rivoj topgan. Jamiyat taraqqiyoti bos-qichlari, mehnat taqsimoti bilan aloqador holda Hunarmandchilikning 3 turi shakllangan:

1) uy hunarmandchiligi;

2) buyurtma bilan mahsulot tayyorlaydigan Hunarmandchilik ; 3) bozor uchun mahsulot tayyorlaydigan H. Uy hunarmandchiligi kapitalizmga qadar boʻlgan davrlarda Hunarmandchilikning eng koʻp tarqalgan turi boʻldi. Hunarmandchilikning bu turi natural xoʻjalikning ajralmas qismi hisoblanadi. Shaharlar rivoji buyurtma bilan Hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash va bozorga Hunarmandchilik mahsulotlari i. ch. ning jadal oʻsishi bilan uzviy bogʻ-liq. Natijada Hunarmandchilik mahsulotlari tovarga aylandi, tovar ayirboshlash uchun ishlab chiqariddi. Davr taqozosi bilan Hunarmandchilikning yangi-yangi turlari vu-judga keldi. Hunarmandlar ham turli mahsulotlar tayyorlash boʻyicha ixtisoslasha bordilar. Shaharlardagi mahallalar hunarmandlarning kasbkoriga qarab shakllangan (mas, 20-a. ning boshlarida Toshkentda koʻnchilar, kulollar, egarchilar, beshikchilar, oʻqchilar, kosiblar mahallalari boʻlgan). Ayrim mahalla, kvartal, shahar, oʻlkalar Hunarmandchilikning maʼlum mahsulotlari bilan shuhrat qozona boshladilar.

Hunarmandchilik tovar — pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamgʻarilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik z-d va f-kalar vujudga keldi, bu korxonalarda kambagʻallashgan hunarmandlar yollanib ishlay boshladi. Natijada Hunarmandchilikning rivoji bozor iqtisodiyotining kapitalistik shaklini yuzaga keltirdi. Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham oʻz hissasini qoʻshdi (toʻqish dastgohlari takomillashdi, 14-a. oʻrtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo boʻlishi metallurgiyapa jiddiy oʻzgarishlarga olib keldi. 14—15-a. larda oʻq otar qurollar ishlab chiqarila boshlandi). Kapitalistik i. ch. munosabatlari Hunarmandchilikning keyingi taraqqiyotiga zarba berdi, Hunarmandchilikning koʻpgina sohalari tush-kunlikka uchradi. Sanoat toʻntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan f-ka, z-d mahsulotlari Hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi.

Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan Hunarmandchilik sohalari-gina (tikuvchilik, etikdoʻzlik, gilamchilik, zargarlik, oʻymakorlik va b.) saqlanib qoldi.

20-a. boshlarida esa mashinalashgan i. ch. keng yoʻlga qoʻyilishi bilan Hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va i. ch. hajmi keskin kamaydi. 20-a. davomida va 21-a. boshlariga kelib yirik industrial i. ch. qaror topgan boʻlsa-da, Hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi. Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik boʻlganidan yirik i. ch. egallay olmaydigan, talab individuallashgan oʻz oʻrni bor. Mini texnologiyaning paydo boʻlishi Hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli i. ch. imkonini beradi. Bunga milliy ustboshlar, milliy cholgʻu asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari i. ch. va xizmat koʻrsatishni kiritish mumkin. Hozirgi Hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat.

Oʻzbekiston hududida neolit davridayoq Hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmogʻi hisoblangan sopol buyumlar i. ch. va toʻqimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va b). Mil. av. 2-a. dan boshlab Hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yoʻli muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Arab xalifaligida poʻlat, Oʻrta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qogʻoz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato toʻqiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va Oʻrta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi.

9—10-a. larda Oʻrta Osiyoda yirik Hunarmandchilik markazlari paydo boʻldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarogʻ-aslaha, pichoq tayyorlash (Fargʻona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-a. da moʻgʻullar bosqini Hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi Hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Oʻrta Osiyoda Hunarmandchilikning barcha turlari 20-a. ning 20-y. larigacha saqlandi. buxoro, Samarqand, Qoʻqon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning i. ch. munosa-batlarida hunarmandlik katta rol oʻynadi (mas, 19-a. ning 60-y. larida Xivada Hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 doʻkoni boʻlgan, 80-y. larda shaharda 2528 xoʻjalik H. bilan shugʻullangan).

Oʻzbekistondagi Hunarmandchilik chuqur ixtisoslashgan boʻlib, oʻzida xilma-xil kasbkorlarni birlashtirgan. Mas, terini qayta ishlash sohasida koʻnchilar, etikdoʻzlar, maxsidoʻzlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, poʻstinchilar, kamarchilar; toʻqimachilik sohasida boʻzchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, misgarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar boʻlgan. Bular Hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan.

Sharqdagi musulmon ustaxonalarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda oʻti-rib shugʻullanishgan (q. Kasanachilik). H. ning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toi-falar mavjud boʻlgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi «Risolalar» belgilab bergan. Har bir kasbning oʻz rahnamosi, yaʼni piri va «Risolasi» boʻlgan, avloddan-avlodga oʻtuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Mas, ish boshlashdan oldin usta oʻz pirini yodga olib undan madad soʻrash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan.

Oʻzbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, Hunarmandchilik metropoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, oʻzining ilga-rigi mavqeini yoʻqotgan boʻlishiga qaramay, uning koʻp tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunon-chi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-roʻzgʻor buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi. Hunarmandchilikning yashovchanligini taʼminlashda chet eldan keltirilgan xom ashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rol oʻynadi. Mas, AQSHdan keltirilgan teri boʻyogʻidan foydalanib koʻnchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo boʻldi. Germaniyadan «Zinger» firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi.

20-a. ning 20-y. larida shoʻrolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, z-d, f-kalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xom ashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar doʻkonlar va matlubot kooperatsiyasi orqali sotiladigan boʻldi. Isteʼdodli hunarmandlar ijodiy tashkilotlarga qabul qilindi, amaliy bezak sanʼati rivojlantirildi (mas, 30-y. larda Toshkentda oʻquv – i. ch. kombinati tashkil etilib, yosh hunar-mandlar unda taʼlim oldilar, 1968-y. da Buxoroda kandakorlar maktab ustaxonasi, 1978-y. da Qoʻqonda yogʻoch oʻymakorligi maktab ustaxonasi tashkil topdi).

Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng Hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. Oʻzbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunar-mandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi Hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham oʻzgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995-y. 24—25 okt. da Toshkentda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda Oʻzbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi oʻtkazildi. 1997-y. da respublika xalq amaliy sanʼati va hunarmandlari ustalarining «Usto» ijodiy i. ch. birlashmasi tashkil topdi. Respublika Prezidentining 1997 yil 31-martidagi «Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirishni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quv-vatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni va boshqa tadbirlar Oʻzbekistonda Hunarmandchilikning tiklanishi va yanada rivojlanishida, uning unutilgan baʼzi turlarini qayta tiklashda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Hunarmandlar dastlab Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar palatasiga, soʻngra Savdo-sanoat palatasiga kirdilar. Ular maxsus tashkilot — «Hunarmand» Respublika uyushmasiga birlashtirildi. Hunarmandchilik subyektlari Oʻzbekistonda tadbirkorlar, hunarmandlar va fermer xoʻjaliklarining har yili oʻtkaziladigan «Tashabbus» respublika koʻrik-tanlo-vida ishtirok etadilar. 1996—2005-y. lar mobaynida 10 nafar hunarmand xalq Hunarmandchilik ida erishgan yutuqlari uchun «Tashabbus» tanlovining gʻolibi deb topildi.

Ld.: Gavrilov M. F., Risolya sartovskix remeslennikov, T., 1912; Razvadovskiy V. N., Ogsht issledovaniya kustarnmx promns-lov v Turkestanskom kraye, T., 1916,Tursu-nov I. O., Iz istorii gorodskogo remesla Severnogo Tadjikistana, Dushanbe, 1974; Kastelskaya Z. D., Iz istorii Turkestans-kogo kraya (1865— 1917), M., 1980; Bulatov S. Oʻzbek xalq amaliy bezak sanʼati, T., 1991; Asqarov A., Oʻzbekiston tarixi [eng qadimgi davrlardan 5-a. gacha| T., 1994; Jab-borov I., Antik madaniyat va maʼnaviyat xazinasi, T., 1999.

Axmadjon Oʻlmasov, Nuriddin Musayev, Oybek Ostonov.


Lotin alifbosida maqola: HUNARMANDCHILIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: H harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
FRANSIYA
XALQ IJODI
XITOY
YAPONIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты