HUNLAR

HUNLAR, hunnular — qadimda Markaziy Osiyoda shakllangan koʻchmanchi xalq. H. bundan 4 ming yil muqad-dam mavjud boʻlgan dilar tarkibiga kirgan. Xitoy manbalarida Hunlar turli davrlarda 32 xil nomda (kvey, kuy, kuyfan, kuyrung, xunyi, hu, shyu-nyun, syunnu va b.) keltirilgan. Baʼ-zan ular beydi (shim. turk) deb ham atalgan. Olimlar oʻrtasida Hunlar etnonimi kun (quyosh) soʻzidan kelib chiqqan, degan fikr mavjud. Yaponiya olimlarining fikricha, «shyunnu» — «kun» soʻzining xitoycha transkripsiyasi boʻlib, u tangri farzandi, kunga (quyoshga) topingan odam, xalq kabi maʼnolarga ega boʻlgan. Ammo xi-toylar shyunnu atamasini yozishda «dahshatli qul» maʼnosini anglatadigan 2 iyeroglifni qoʻllashgan. Xitoy manbalarida Hun xoqonligi ham Shyunnu deb nomlanadi. Hunlar syalar (qad. xitoylar) ning shim. da-gi gʻarbiy qoʻshnilari boʻlib, mil. av. 2—1-ming yillikda hoz. Xesi yoʻla-gi, Ordos yaylovlarida yashaganlar. Mil. av. 3-a. oxirida Hunlar Modexoqon boshchiligida dunxu, yuyechji, gyangun (qirgʻiz), usunlarni tor-mor qilib Xitoyga bostirib kirganlar va imperator Lyu Banni oʻlpon toʻlashga majbur qilganlar.

Mil. av. 1-a. da Hunlar orasida oʻzaro nizolar kelib chiqqan, natijada tobe ettirilgan barcha qabilalar ulardan ajrab chiqqan va Xuxanye tangriqut Xitoyga nomiga vassal boʻlib qolgan (mil. av. 51 y.). Mil. 1-a. boshida Xi-toyning zaiflashuvi Hunlarga mustaqillikni qaytarib olish imkonini bergan, ammo 48 y. sakkizta hun urugʻlari qaytadan Xitoyga tobe boʻlib qolgan; Janubiy Hunlar ulardan tarqalgan. Shimoliy Hunlar 87—93 y. larda xitoylar, syan-bilar va dinlinlar ittifoqidan magʻ-lubiyatga uchraganlar, lekin 93 y. dan keyin ham ularning bir qismi Moʻgʻuliston choʻllarida koʻchmanchilik qilib yurishgan. Shimoliy Hunlarning boshqa qismi Gʻarbga chekinib, mahalliy xalqlar bilan chatishib Yevropada gunnlar nomini olgan yangi xalqqa asos solgan. Shimoliy Hunlarning yana bir qismi Yuyeban (Yaypan) nomi bilan Yettisuv va Tarbagʻatayda oʻtroqlashgan. Ularning davlati 5-a. oxirida tele qabilalari tomonidan vayron etilgan. Oʻrta Osiyo H. ining qoldiqlari — chuyuye, chumi, chumugun va chubanlar 6-a. da Gʻarbiy turk xoqonligi turkiylariga tobe boʻlishgan. Chuyuye va chumilarning tarmogʻi — shato qabilasining tarixiy taqdiri alohida kechgan. Mil. 3-a. boshida saflarini oʻz qabiladoshlari bilan toʻldirgan Janubiy Hunlar 304-y. qoʻzgʻolon koʻtarib Lyu-xan imperiyasiga (304— 318) asos solganlar; bu davlat Katta Chjao va Kichik Chjaoga par-chalanib ketgan. Kichik Chjao 329-y. Katta Chjaoni tobe etib, butun Shim. Xitoyni oʻziga boʻysundirgan, biroq yoshligida Hunlar xoqoni tomonidan oʻgʻil qilib olingan xitoylik Jan Min hokimiyatni egallab olib, Kichik Chjao saltanatidagi barcha Hunlarni qat-liom etishga buyruqbergan. Faqat ordos va Nanshan togʻ yon bagʻirlarida (hoz. Gansu viloyati) yashayotgan Hunlar omon qolishgan. Ordoslik hun Xelyan Bobo Sya podsholigiga asos solgan (401—431), nanshanlik qabila sar-dori Men Sun — Bey Lyan xonligini tuzgan (397—439). Bu har ikki davlat tabgʻach (toba) xalqi tomonidan tugatilgan. Hunlarning qoldiqlari Turfonga chekinib, u yerda 460-y. gacha, yaʼni jujanlar tomonidan tor-mor etilma-gunlarigacha yashaganlar.

Hunlar yevropeoid irqqa mansub boʻlib, tarixchilar orasida Hunlarning tili moʻgʻul tili guruhiga kiradi degan fikr ham mavjud. Xitoy manbalaridagi maʼlumotlar bunday fikrning notoʻgriligini koʻrsatadi. Hunlar teriga xat yozib kitob qilishgan. Hunlarning urf-odatlariga koʻra, bir urugʻ doirasida qiz olish va qiz berish qatʼiyan man etilgan. Uzatilgan qiz kelin qilgan urugʻning aʼzosi hisoblanishi bilan birga, u merosxoʻrlik huquqiga ham ega boʻlgan. Shuning uchun mabodo kelin beva qolsa, u qaynota va qaynona urugʻi doirasidan chiqib, boshqa uruqqa kelin boʻla olmagan. Meros boʻlib qolgan mulkni urugʻ doirasida saqlab qolish maqsadida bunday bevalar marhum erning aka-ukalariga xotin boʻlishi odatga kirgan. Odatda ular oʻzaro va oʻzgalar bilan boʻlgan kelishuvlarni ogʻzaki bitim qilishgan va berilgan vaʼ-daga xiyonat qilishmagan. Oʻlikni sar-qofaga solib tepalikka dafn etishgan. Qasddan odam oʻldirganlarga oʻlim jazosi berishgan, mayda oʻgʻirlik qilganlarni qoʻlini kesishgan, katta oʻgʻirlik qilganlarni oʻlimga mahkum etishgan. Qamoqjazosi 10 kundan ort-magan. Hunlar tangrichilikkya eʼtiqod qilganlar, Tangrini xudo deb bilganlar. Vaʼdaga vafo qilishmaganlar Tang-rining qahriga uchraydi deb bilishgan. Tangrining neʼmati sifatida quyosh va oyga sajda qilganlar. Hunlar qoʻshiq aytish va oʻyinga tushishni yaxshi koʻrishgan. Cholgʻu asboblari ichida nay, surnay, qubus, pipa (gi-taraga oʻxshagan), chang kabilar boʻlgan. Rassomchilik va haykaltaroshlik sanʼati ham Hunlarda yaxshi rivojlangan. Nefrit, oltin, temir va misdan hayvonlarning haykallarini hamda turli idish-tovoqlar yasash sanʼati keng rivojlangan. Egar-jabduq yasash va ularga naqsh berish sanʼati yuksak darajada boʻlgan. Poʻlatdan yasalgan qilich va xanjarlar Xitoyga eltib sotilgan. Hunlar hayotida chorvachilik bilan birga dehqonchilik, hunarmandchilik va savdogarlik muhim oʻrin egallaydi. Hunarmandchilik sohasida temirchilik, misgarlik, zargarlik, koʻnchilik, kulolchilik, duradgorlik, toʻqimachilik, ayniqsa, gilam toʻqish umumiy i. ch. ning muhim yoʻnalishlari boʻlgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijiy mamlakatlarga, jumladan, Xitoyga ham olib ketilgan.

Ad.: Gumilev L. N., Xunnu, M., 1960; Rudenko S. I., Kultura xunnov i noinulinskiye kurgann, M.-L., 1962.

Abdulahad Xoʻjayev.


Lotin alifbosida maqola: HUNLAR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: H harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YAPONIYA
XITOY
HUN XOQONLIGI
TOSHKENT
YER


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты