JAZOIR

JAZOIR, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi (arab. — Al-Jumhuriya al-Jazoiriya Demokratiya ash-Shaabiya) — Afrikaning shim,-gʻarbidagi davlat, Magʻrib mamlakatlaridan biri. Mayd. 2381,7 ming km2. Aholisi 30,6 mln. kishi (2001). Poytaxti — Jazoir sh. J. hududi maʼmuriy jihatdan 47 viloya (viloyat) va Katta Jazoir poytaxt okrugiga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Jazoir — respublika. Amaldagi konstitutsiya 1996-y. 28 noyab. dagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (1999-y. dan A. Buteflika). U umumiy va toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi va yana 1-marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali Milliy xalq majlisi. Ijrochi hokimiyat — prezident boshchiligidagi Vazirlar kengashi.

Tabiati. Jazoir Atlas togʻlarining markaziy qismida va Sahroi Kabirda joylashgan. Oʻrta dengiz sohili subtropik, qolgan qismi tropik mintaqada. TelAtlas, Saxroi Kabir Atlasi tizmalari, Ores va Varsenis togʻlarini chukur daralar kesib oʻtgan. Tog oralaridagi tekislik va platolarda shoʻr kul (sebx)lar, shim.-sharkdagi katta past-tekislikda kumliklar uchraydi. Jan.-sharkda zinapoyasimon platolar bilan oʻralgan Axaggar vulkan togʻligi (Taxat choʻqqisi 3005 m) joylashgan. Qumli (Katta Gʻarbiy Erg, Katta Sharqiy Erg, Igidi, Shesh va b.) va toshloq, katta choʻllar bor. J. da neft, tabiiy gaz, uran, temir, qoʻrgʻoshin va rux rudalari, fosforit, simob qazib olinadi. Jazoir neft zaxirasi boʻyicha Afrikada 3-oʻrinda (200 ga yaqin neft va gaz konlari bor).

Jazoirning shim. da iklim subtropik, Oʻrta dengiz iqlimi, qishi seryomgʻir, iliq, yozi issiq, quruq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi sohilda 12°, togʻ oraligʻidagi tekisliklarda 5°, iyulniki 25°. Eng yuqori t-ra hamma joyda 40° dan baland. Yozda quruq shamol va qattiq qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Noyab,—yanv. da yogʻingarchilik koʻproq boʻladi. Yillik yogʻin Tel-Atlasda 400—800 mm, Kabiliya togʻlarida 1200 mm gacha. Qishda qor togʻ choʻqqilarida 10—20 kungina saqlanib turadi. Saxroi Kabir qismida iyulning oʻrtacha t-rasi 30°, yillik yogʻin 200—400 mm. Sahroi Kabirda choʻl iqlimi, yillik yogʻin 50 mm dan kam. T-raning sutkalik farqi 30° ga yetadi. Qumli boʻron boʻlib turadi.

Quruq daryo oʻzanlari — vodiy koʻp. Eng kattasi — Shalif (uz. 700 km). Daryolarda qisqa vaqtli toshqinlar boʻlib turadi. Jazoirning shim. dagi vodiylarda toʻgʻon, suv omborlari va GESlar qurilgan. Sugʻorishda foydalaniladi. Saxroi Kabirda yer osti suvlarining zaxirasi katta. Shimoliy Jazoirda jigarrang tuproklar, balandlik mintaqalarida esa jigarrang va qoʻngʻir oʻrmon tuproqlari tarqalgan. Togʻ etaklarida shoʻrxoklar uchraydi. Sahroi Kabirda toshloq choʻl tuproqlari, shamolda koʻchib yuruvchi qumlar bor.

Sohillarda Oʻrta dengizga xos oʻsimliklar, togʻlarning 800—1000 m balandliklari oraligʻida doimiy yashil butazorlar, zaytun, xandon pista, undan yuqorida poʻkak daraxti, dub, qaragʻay, archa, sarv va b. oʻsadi. 1500—2000 m balandlikda tuyya va archazorlar, 2000 m dan yuqorida kedrzorlar bor. TelAtlasdan jan. da chala choʻl oʻsimliklari, Saxroi Kabir qumlarida shoʻra, efemer oʻsimliklar oʻsadi.

Arslon, qoplon, gʻizol, tuyaqush, baklanning koʻpi qirib yuborilgan. Shimoliy Jazoirda maymun, toʻngʻiz, quyon, Sahroi Kabirda sirtlon, chiyaboʻri, tulki, gʻizol va jayranlar uchraydi. Kemiruvchilar, yirtqich qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar (chigirtka) va b. koʻp.

Aholisi asosan jazoir arablari (83%) va barbarlarpyam iborat. Yevropaliklar ham bor. Shahar aholisi — 51,7%. Rasmiy tili — arab tilining jazoir lahjasi. Arab va barbarlar islom dinining sunna mazhabida. Yirik shaharlari: Jazoir, Oran, Konstantina, Annaba.

Tarixi. Jazoir hududidan topilgan quyi va oʻrta paleolit davriga mansub tosh qurollar bu yerda 300—400 ming yil ilgari ibtidoiy odamlar yashaganidan dalolat beradi. Mil. av. 12-a. da finikiyaliklarning birinchi manzilgohlari paydo boʻlgan. Mil. av. 3-a. da Jazoir hududida vujudga kelgan Numidiya davlatida shaharlar qurilgan, dehqonchilik rivojlangan. Keyinchalik u Rimning bir viloyatiga aylanib qolgan (mil. av. 46 y.).

Rimliklar hukmronligi vaktida lotin tili, 2-a. dan xristian dini tarqaldi. 5-a. da Jazoir xududini vandamar, 6-a. da vizantiyaliklar egallagan. 7-a. da Jazoir Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Barbarlar islom dinini qabul qildi. 8-a. ga kelib, Magʻribda bir necha sultonliklar Arab xalifaligidan ajralib chiqdi. Bulardan eng yirigi xorijiylar imomatlpgp edi. Keyinchalik bu yerda fotimiylar, ziyoriylar, xammodiylar davlati vujudga keldi. 11-a. da ikki yirik arab qabilasi (Banu Hilol va Banu Sulaymon)ning Jazoirga kirib kelishi arablashtirishni tezlashtirdi. Mamlakatning gʻarbiy qismida Al-Murobitun, keyinchalik Al-Muvahhidun davlati paydo boʻldi.

16-a. boshlarida Jazoirning qirgʻoqboʻyi shaharlarini ispanlar bosib oldi. Jazoir zamindorlari mamlakatni himoya qilishda «dengiz qaroqchilari» deb nom chikargan aka-uka Barbarossaaan yordam surashdi. Lekin Xayruddin Barbarossa (1519—46 y. lar xukmronlik qilgan) harbiy tartib oʻrnatib, oʻzini turk sultonining noibi deb eʼlon qildi. 16-a. ning 2-yarmida J. Usmonli turk saltanatining posholigi (viloyati)ga aylantirildi. Yuqori tabaqa vakillari tomonidan saylangan dey (yoʻlboshchi) Bobo Ali turklarga boj toʻlamay, mustaqil boʻlib oldi (1711). Yevropa davlatlari Jazoir mustaqilligini tan olib, u bilan shartnoma tuza boshladilar. Lekin fransuzlar dey armiyasini yengib (1830), mamlakat poytaxti — Jazoirni egalladi. Mamlakat ichkarisida amir Abdulkrdir boshchiligidagi kabilalar fransuzlarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Lekin bu harakat bostirildi. Fransiya hukumati yevropaliklarga Jazoir yerlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Mamlakatda yevropalik ishchilar, xizmatchilar va ziyolilar soni orta boshladi. Ammo mahalliy aholining siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va yevropaliklar tuzgan tashkilotlarga aʼzo boʻlishi man qilingan edi. 20-a. boshlarida yosh jazoirliklar harakati boshlandi. Bu harakat qatnashchilari jazoirliklarga Fransiya fuqarolarining siyosiy huquqlari berilishini talab qildilar. 1-jaxrn urushi yillarida jazoirliklar Fransiya armiyasiga safarbar qilindi, bu esa mahalliy aholi noroziligini yanada kuchaytirdi. Mustamlakachilar hukumati ozodlik harakati tazyiqi ostida ayrim jazoirliklarga (sarmoyador, mansabdor va yer egalariga) oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovda ishtirok etishlariga rozilik berdi (1919). 1926-y. Fransiyadagi jazoirlik ishchilarning koʻpchiligi «Shimoliy Afrika yulduzi» nomli milliy inqilobiy tashkilotga birlashdi. Lekin bu tashkilot 1929-y. dan Parijda, 1936-y. dan Jazoirda yashirin ishlashga majbur boʻldi. 1931-y. tuzilgan Ulamolar uyushmasi madaniyat va taʼlimning arab tilida olib borilishini talab qilib chiqdi. Natijada mahalliy aholi birmuncha siyosiy erkinliklarga, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga aʼzo boʻlish huquqiga ega boʻldi. Siyosiy tashkilotlar Jazoirni tinch yoʻl bilan demokratlashtirish tarafdorlari tashkiloti — Musulmonlar Kongressi (1936-y. tuzilgan)ga birlashdi. Ammo 2-jahon urushi boshlanishi bilan mamlakatda reaksiya kuchayib, bir necha partiyalar faoliyati taqiqlab qoʻyildi. Mamlakatda ishsizlar tobora koʻpaydi. Bu esa mustamlaka tuzumiga karshi norozilikni yanada kuchaytirdi. 1947-y. J. ning togʻli joylarida partizan otryadlari (fidoyilar) paydo boʻldi. 1954-y. martda «Birlikda harakat qilish inqilobiy qoʻmitasi» tuzilib, keyinchalik u Milliy ozodlik fronti (MOF)ga aylantirildi. MOF sekin-asta qurolli qoʻzgʻolonga tayyorlandi. 1954-y. 1 noyab. da qoʻzgʻolon boshlandi. Fransiya hukumati qoʻzgʻolonni bostirish uchun Jazoir dagi armiyasining sonini koʻpaytirdi. J. Milliy ozodlik armiyasi (JMOA, 1954-y. tuzilgan) barcha vatanparvarlar bilan birlashib, mustamlakachilarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. 1958-y. da JMOA rahbarlari b-n Marokash va Tunis hukmron partiyalari vakillari ishtirokida Tanjer va Tunis sh. laridagi anjumanda tuzilgan J. Respublikasining Muvaqqat hukumatini Osiyo va Afrikaning koʻpgina davlatlari tan oldi. Jazoir dagi milliy ozodlik kurashini bostira olmagan Fransiya xukumati yon berishga majbur boʻddi. 1962-y. 18-martda Evian sh. da tuzilgan shartnomaga muvofiq urush harakatlari toʻxtatilib, Fransiya Jazoirdan oʻz armiyasini, Sahroi Kabirdan harbiy bazalarini olib ketdi. 1962-y. oʻtkazilgan saylovda J. Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Respublikaning birinchi hukumatini Axmad Bin Bella boshqardi.

1963-y. avg. konstitutsiyasiga binoan prezidentlik va yakka partiyalik tizimi joriy qilinib, Ahmad Bin Bella prezident deb eʼlon qilindi. Shundan soʻng teskarichi kuchlar qoʻzgʻolon uyushtirdi va bu qoʻzgʻolon vaqti-vaqti bilan 1965-y. gacha davom etdi.

Agrar islohot oʻtkazilishining choʻzilib ketishi, mamlakatda ishsizlik koʻpligi natijasida aholi oʻrtasida hukumatga qarshi norozilik paydo boʻldi. 1965-y. 19-iyunda armiya Bin Bellani hokimiyatdan chetlatdi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qoʻliga oʻtdi va Xuari Bumiddin rahbarligida yangi hukumat tuzildi. Inqilobiy Kengash Amerikaning neft trestlari ustidan nazorat oʻrnatdi (1967), Fransiyaning 12 bankidan 11 tasini (1968) va chet el (asosan Fransiya) sanoat kompaniyalarini davlat ixtiyoriga oldi. 1979-y. dan buyen prezident lavozimini egallab kelgan Sh. Binjadid 1992-y. da isteʼfoga chiqdi. 1995-y. 16 noyab. da oʻtkazilgan saylovda Liamin Zerual, 1999-y. 15 apr. da oʻtkazilgan saylovda Abdulaziz Buteflika prezident etib saylandi.

Jazoir — 1962-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-y. 30-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 1 noyab. — Inqilob kuni (1954).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. 1989-y. gacha Milliy ozodlik fronti mamlakatdagi birdan-bir partiya edi. Oʻsha yili boshqa partiyalarning faoliyatiga ham ijozat berildi. Asosiy partiyalari: Milliy ozodlik fronti, 1954-y. tuzilgan; Sotsialistik kuchlar fronti; 1963-y. da tuzilgan; Madaniyat va demokratiya uchun birlashma, 1989-y. da asos solingan; Jazoir bayrogʻi. Milliy demokratik birlashma, 1997-y. da tuzilgan; «AnNaxda» harakati, 1990-y. da tashkil etilgan; Islom najot fronti, 1989-y. da asos solingan; Tinchlik uchun kurashuvchi jamiyat harakati, 1990-y. da tuzilgan, 1997-y. gacha Islom jamiyati harakati deb atalgan; Milliy islohotlar harakati, 1999-y. da asos solingan. Jazoir mehnatkashlari umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi 1956-y. da tuzilgan, Afrika kasaba uyushmalari birligi tashkiloti va Arab kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi aʼzosi.

Xujaligi. Jazoir — sanoati (xususan kon sanoati) nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi — 37,7%, q. x. ning ulushi — 14,9%. J. Afrika mamlakatlari ichida tabiiy gaz chiqarish, uzum yetishtirish va vino tayyorlashda, neft qazib olish, bugʻdoy, arpa yetishtirish va zaytun moyi tayyorlashda, sitrus mevalari yetishtirishda yetakchi oʻrinda turadi. Jazoir mustaqillikka erishgandan soʻng iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish yoʻliga oʻtdi. Iqtisodiyotda davlat sektori ustun mavqeni egallaydi (yalpi ichki mahsulotning salkam 80%). Ammo davlat korxonalarining aksariyati oʻz quvvatining 40—50% atrofida ishlaydi. Yengil va oziq-ovqat sanoatida xususiy sarmoya ustun — 70 — 90%, qurilishda 60%, xizmat koʻrsatish, ulgurji va chakana savdoda 80% gacha.

Sanoatda neft (yiliga oʻrtacha 35 mln. tonna), gaz (163 mlrd. m3), temir rudasi, fosfat va rangli metallar qazib olish va ularni qayta ishlash yetakchi tarmoqlarga aylangan. Temir va qoʻrgʻoshin rux rudalari, toshkoʻmir, birmuncha miqdor mis rudasi ham qazib olinadi. Bir yidda 17,3 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mahsulot i. ch. sanoati metallurgiya, mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, q. x. xom ashyosini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, ayniqsa vinochilik, tamaki, konserva sanoati, zaytun yogʻi i. ch. rivojlangan. Toʻqimachilik, metall ishlash korxonalari bor.

Qishloq xoʻjaligi ning asosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Bugʻdoy, arpa, sholi, javdar, makkajoʻxori va b. don ekinlari ekiladi. Ammo tabiiy sharoitlari gʻoyat qulay boʻlishiga qaramay, q. x. mamlakat oziq-ovqat ehtiyojining atigi ʻ/3 qismini taʼminlaydi. Yiliga donli ekinlar hosili 4—5 mln. tonnani tashkil etadi. Jazoirda sabzavot va mevalar ham yetishtiriladi. Vohalarda tokzor, zaytunzor va xurmozorlar bor. Jazoirda qoramol (1,5 mln. ga yaqin), qoʻy (15 mln.), echki, tuya boqiladi. Baliqchilik rivojlangan. Poʻkakbop dub poʻstlogʻi, eng yaxshi nav qogʻoz i. ch. da ishlatiladigan alfa oʻti (dunyoda 1-oʻrin) terib olish yoʻlga qoʻyilgan. 1980-y. lar oxiridan mamlakatda xoʻjalikni bozor iqtisodiyoti iziga koʻchirishga kirishiddi. Islohot doirasida davlat xoʻjaliklarining mustaqilligi kengaytirildi, ularning bir kismi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi va xususiy kishilar qoʻliga berildi. Xorijiy sarmoyani faol jalb etish siyosati olib borildi. Agrar islohat oʻtkazilishi natijasida sotsialistik tipdagi davlat xoʻjaliklari tarqatib yuborildi va ular oʻrnida 22 mingga yaqin mayda koperativlar tuzildi. Yerlarning bir qismi yakkahol dehqonlarga topshirildi. Transportida t. y. muhimahamiyatga ega (4,3 ming km, shundan 240 km elektrlashtirilgan). Asosiy t. y. magistrali Ujda (Marokash) — Oran — Jazoir — Konstantina — Gardimav (Tunis). Avtomobil yoʻllarining uz. 88 ming km. Asosiy magistral sohil boʻylab ketgan. Neft va gaz quvurlari bor. Dengiz transporti tashki savdo uchun xizmat qiladi. Muhim dengiz portlari: Jazoir, Oran, Annaba, Bajoiya, Arzev. Havo transporti rivojlangan. 31 ta aerodrom bor. Xalqaro ahamiyatga ega aeroportlari Jazoir, Annaba va Oran sh. larida.

Jazoir chetga neft, gaz, vino, sitrus mahsulotlari, tamaki, poʻkak, qogʻoz va b. chiqaradi. Chetdan mashinalar, sanoat uskunalari, oziq-ovqat (don, sut, goʻsht), kiyim-kechak va b. keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya. Pul birligi — dinor.

Sogʻliqni saqlash. 1974-y. dan mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. 40 mingdan ortiq oʻrinli 200 ga yaqin kasalxona va tibbiy muassasa bor. Mamlakatda 7,6 ming shifokor ishlaydi. Shifokor va dorishunoslar Jazoir untida tayyorlanadi. Oʻrta malakali tibbiy xodimlarni 20 tibbiyot maktabi yetishtirib chiqaradi. Un-tlarning tibbiyot f-tlarida, sogʻliqni saqlash, gigiyena, tropik oftalmologiya, stomatologiya ilmiy tadqiqot in-tlarida tibbiyotga oid ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Maorifi, madaniymaʼrifiy va ilmiy muassasalari. Jazoir mustaqillikka erishgach, maorif sohasida katta yutuqlarga erishildi. 7 ta un-t, 170 ta boshqa oliy oʻquv yurtlari, 700 ta hunar-texnika taʼlimi markazlari bor. Mamlakatdagi umumtaʼlim maktablarida 260 mingdan ortiq oʻquvchi, oliy oʻquv yurtlarida 200 ming talaba taʼlim oladi. Eng yirik kutubxonasi — Jazoir sh. dagi Milliy kutubxona (1 mln. ga yaqin asar). Yirik muzeylari — J. Milliy muzeyi (1930), Antik dunyo yodgorliklari milliy muzeyi (1897) va b. Asosiy ilmiy muassasalar Jazoir sh. da. Yadro tadqiqot in-ti (1966), Okeanografiya in-ti, Astronomiya, astrofizika va meteorologiya rasadxonasi, Biokimyo inti mavjud. Tibbiyot muammolari bilan Rakka qarshi markaz, Paster in-ti (parazitologiya va mikrobiol.), gigiyena, traxoma va tropik oftalmologiya, stomatologiya in-tlari shugullanadi. Veterinariya, vinochilik texnologiyasi, chigirtkaga qarshi kurash muammolari Milliy agronomiya in-tida oʻrganiladi. I. t. larni rivojlantirish va kadrlar tayerlashda Jazoir un-ti va uning Oran hamda Konstantinadagi filiallari yetakchi rol oʻynaydi. Turli soha mutaxassislari Jazoir sh. dagi maxsus maktablar (politexnika, ped., jurnalistika, savdo va b.) da tayyorlanadi.

Matbuoti, radio eshittirishi va telekoʻrsatuvi. Asosiy gaz. va jur. lari: «Al-Mujohid» («Kurashchi», 1963-y. dan arab tilida va 1965-y. dan fransuz tilida chiqadigan gaz.), «Ash-Shaab» («Xalq», 1962-y. dan arab tilida chiqadigan gaz.), «Revolyusyon afriken» («Afrika inqilobi», 1963-y. dan fransuz tilida chiqadigan jur.), «Revolyusyon e travay» («Inqilob va mehnat», 1963-y. dan fransuz va arab tilida chiqadigan oylik jur.), «Aljeri—aktyualite» («Jazoir — soʻnggi xabarlar», 1965-y. dan fransuz tilida chiqadigan gaz.), «Al-Jumhuriya» («Respublika», 1963-y. dan arab tilida chikadigan gaz.,), «Jurnal ofisyel de la Repyublik Aljeryen Demokratik e Popyuler» («Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining rasmiy gazetasi», 1962-y. dan fransuz va arab tillarida chiqadi). Jazoir rasmiy axborot agentligi — Aljeri PressServis 1961-y. da tuzilgan. Jazoir radiotelevideniyesi 1962-y. dan ishlaydi. Radioeshittiruv arab, kabil, fransuz tillarida, telekoʻrsatuv arab va fransuz tillarida olib boriladi. Adabiyoti arab, kabil va fransuz tillarida. Arab va kabil tillaridagi adabiyot ispan va turk mustamlakachilariga karshi kurash davri (16 — 18-a. lar)da yuzaga kelgan. 19a. adabiyotida Jazoirda millatlarning shakllanishi va fransuz mustamlakachilariga tobe boʻlib qolish jarayoni aks etdi. Xalq ogʻzaki ijodi rivojlandi. 20-a. da mustamlakachilarni fosh etuvchi asarlar paydo boʻldi. «Xalqning diniy sheʼriyat xazinasi» toʻplami arab tilida birinchi bor nashr etildi (1928). Arab soʻzlashuv tilining Jazoir lahjasida yaratilgan hamda tabaqachilik sarqitlari va mustamlakachilikni qoralovchi drama asarlari, novellalar katta muvaffaqiyat qozondi. 2-jahon urushidan keyingi davr adabiyotida xotin-qizlar erkini himoya qilish Ahmad Rido-Huxuning «Makkalik qiz» romanida, Jazoir xalqining kelajak uchun olib borayotgan qahramonona kurashi Mustafo al-Ashraf va Abdulloh Naqliy dramalarida oʻz ifodasini topdi. Mufdi Zakariya yozgan milliy madhiya (1958) inqilobiy ruh bilan sugʻorilgan.

Fransuz tilidagi adabiyot 20-a. ning 20-y. larida shakllandi. U dastlab turmushning turli koʻrinishlarini, 2-jahon urushi arafasida va undan keyin mahalliy xalq ongining oʻsib borishini aks ettirdi. 50—60-y. larda Jazoir vatanparvarlarining fransuz qamoqxonalarida azob chekishini koʻrsatuvchi asarlar yaratildi (Mezian Nuriddinning «Gangrena», Anri Allegning «Asirlikdagi jangchilar» va b.). 1963-y. J. Yozuvchilar uyushmasi tuzildi, 1964-y. dan «Novombr» («Noyabr») adabiy jur. chiqa boshladi.

Jazoir adabiyotining eng yaxshi namunalari (Muhammad Dibning «Katta xonadon» romani va b.) oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Meʼmorligi. Dengiz boʻylarida Finikiya, Rim, Vizantiya davriga oid ibodatxona, teatr, zafar toqi, koʻprik, hammom, bozor, turar joy xarobalari, Gippon, Kartenna va Timgad shahar qoldiqlari saqlanib qolgan. Oʻrta asr shahar koʻchalari qingʻir-qiyshiq, tor boʻlib, ularda ark («kasba»), masjid, Madrasa, rasta va saroylar (Qalʼa-BeniHammaddagi majmua) koʻplab qurilgan. 10-a. daJazoir sh. ga, 12 — 13-a. larda Tlemsen sh. ga asos solindi. Jazoir va Konstantinada turk hokimlarining 16—18-a. larga oid saroy va bogʻlari saqlangan. Turar joylar shaharda 2—3 qavatli qilib gʻishtdan, qishloqda bir qavatli qilib loyguvaladan (tomlari tekis qilib) solingan. 1930-y. dan Jazoir, Oran, An-naba kabi shaharlarda Yevropa meʼmorligi (M. Korbyuzye gʻoyasi) taʼsirida koʻp qavatli uy-joy va jamoat binolari qurildi. Jazoir mustaqillikka erishgach, maʼmuriy binolar, un-t majmuasi (meʼmori O. Nimeyr), maktab va turar joylar qurish tezlashdi.

Tasviriy sanʼati. Jazoir hududidan neolit davriga xos qoyalarga ishlangan odam va jonivor tasvirlari, ov hamda marosim manzaralari va b. rasmlar, rimliklardan qolgan mozaika qoldiqlari topilgan. Oʻrta asr inshootlari (12—13a. masjidlari) ganch oʻymakorligi va koshinkorlik bilan ziynatlangan. Jazoir zamonaviy tasviriy sanʼati fransuz rassomlari ishtiroki va taʼsirida rivojlangan. Jazoirlik moʻyqalam ustalari orasida aka-uka Muhammad va Umar Rasimlar, Temam Ranem, X. Benanbur, M. Buzid, M. Aldan mashhur. 20-a. ning 20—30-y. lariga kelib tasviriy sanʼatda mahalliy rassomlar ijodi ustunlik qila boshladi. 60—90-y. larda baʼzi rassomlar realistik mavzuda, ayrimlari esa abstrakt uslubda ijod qildi. Qad. amaliy bezak sanʼati (kandakorlik, oʻymakorlik, toʻqimachilik, kulolchilik, zargarlik) anʼanalari zamonaviy ruhda rivojlanayotir. Mahalliy meʼmorlar, rassom, haykaltarosh va amaliy sanʼat ustalari Jazoir sh. dagi Milliy meʼmorlik va nafis sanʼat maktabida (1881-y. asos solingan) tarbiyalanadi.

Musiqasi arab musiqasining mahalliy-hududiy uslublaridan biri boʻlib, 7—8-a. larda umaviylar, 10-a. da Andalusiya (arab Ispaniyasi), 15—16-a. lardan boshlab turk musiqa anʼanalari taʼsirida shakllangan. Koʻchmanchi va oʻtroq jazoirliklar musiqa folklorida tuya boquvchilarining qoʻshiklari — «huda», toʻy marosim qoʻshiklaridan «zajal», lirikishqiy — «layali», «mavval», diniy aytimlaridan «risa», «zikr» marosim turkumi, «agʻani ramazon», «agʻani mavlud» qoʻshiqlari, mumtoz ashula — «muashshax» va b. vokal janrlar keng tarqalgan. Jazoir anʼanaviy kasbiy musiqaning asosiy janri — nuba turkumi 8—9-a. lardan tarkib topgan boʻlib (mashhur bastakor, xonanda va sozanda Ziryod maktabi), har bir nuba 5 asosiy qism (Btayxi, Msaddar, Bashraf, Darj, Insiraf yoki Xlas)dan iborat. Jazoir mumtoz musiqasida 3 mahalliy uslub farklanadi: Jazoir (poytaxt, markaziy), Tlemsen va Kustantaniya (Konstantina). Kustantaniya nuba turkumi eng qad. hisoblanadi va yaratilgan joyiga nisbatan «alQarnatiya» (Grenada) deb ham ataladi. Nuba turkumi tarkibida rasd (rost), nava (navo), charka (chorgoh), irak (iroq), sika (segoh), hsin (husayniy) kabi oʻzbek maqomlariga nomdosh nubalar mavjud. Nuba ijrochiligida torli cholgʻulardan ud, kamonli rabob, qonun, puflama cholgʻulardan — nay, urma cholgʻulardan — darbukka, tor, daff va naqqora, 20-a. dan boshlab (turk madaniyati taʼsirida) yevropa sozlari (skripka, alt, violonchel, klarnet) ham keng qoʻllaniladi. Anʼanaviy mumtoz va xalq musiqa janrlari oʻzaro yaqinlashuvi tufayli 20-a. dan yangi ommabop musiqa uslubi taraqqiy etdi. Sozanda va bastakor Hoji Muhammad al-Anqo bu uslubning yorqin namoyandasidir. Xonandalardan Zerok Muhammad, Muhammad Tobil, Maryam Vafo, sozandalardan Bin Hamza, Saad, Bilqosim, Xalfalar mashhur. Jazoir sh. da Milliy musiqa in-ti mavjud.

Teatri. Jazoir xalqining qad. oʻyinlari, diniy marosimlarida teatr sanʼati nishonalari boʻlgan. Birinchi Jazoir teatr truppasi (arab tilida) 20-a. ning 20-y. larida tashkil topgan. Uning asoschisi — 100 dan ortiq pyesa yozgan dramaturg, aktyor va rej. R. Ksentini. Uning «Bu-Borma», «Istanbuldagi amakim», «Zed-Alex» va b. pyesalari mashhur. Ksentinining izdoshi B. Muhiddinning «Xoinlar», «Xushomadgoʻylar qabilasi» pyesalarida ozodlik gʻoyalari koʻtarildi. Muhiddin truppasi A. Nakli, Molyer, Sofokl va Ibsenlarning asarlarini sahnalashtirdi. Koʻp aktyorlar Milliydemokratik inqilob (1954)da qatnashdilar va keyinchalik chet el (Tunis)ga oʻtib ketishga majbur boʻldilar. Ular Tunisda badiiy dasta tuzdilar. Mamlakat mustaqillikka erishgach, 1962-y. da shu dasta asosida aktyor va rej. M. Kotib boshchiligida Jazoir milliy teatri tashkil etildi.

Kinosi. Milliy kinematografiya Milliy-demokratik inqilob davri (1954—62) da yuzaga keldi. 1957-y. milliy ozodlik fronti kinematografiyaga tayyorlov maktabini ochdi, 1961-y. esa muvaqqat inqilobiy hukumat maxsus kino boʻlimini tashkil etdi. Bu tashkilotlar ozodlik uchun kurashga bagʻishlangan bir qancha hujjatli va tashviqiy filmlar i. ch. ga sharoit yaratdi. 1962-y. dan Jazoir kinematografiyasi ancha kengayib, badiiy filmlar ham ishlab chikarila boshladi. 1967-y. Milliy kinematografiya savdo va sanoati boshkarmasi (1974-y. J. xronika xizmati bilan birlashtirilgan) tashkil etilgan. «Jazoir shaxri uchun kurash», «Auresdan esgan shamol», «Olovli yillar solnomasi», «Dekabr», «Qochqin», «Sir kaliti», «Meros», «Birinchi qadam», «Kelin» kabi lentalar Jazoir kinematografiyasining eng yaxshi filmlaridir. Ularda ozodlik harakati tarixi, dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar, xotin-qizlar ozodligi muammolari koʻtarilgan.

Oʻzbekiston — J. munosabatlari. Ikki mamlakatning iqtisodiy hamkorligi va savdo-sotiq aloqalari endigina yoʻlga qoʻyila boshladi. Ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2000-y. da 1,3 ming AQSH dollarini tashkil etdi. OʻzRda jazoirlik sarmoyadorlar ishtirokidagi 2 korxona tashkil etilgan. OʻzR bilan Jazoir oʻrtasida imzolangan «Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi hujjat»ga qoʻshimcha ravishda savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalarni oʻzaro himoyalash va ragʻbatlantirish, ikkiyoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik, boj ishi sohasida hamkorlik va oʻzaro yordam haqida bitimlar tayyorlanayotir.


Lotin alifbosida maqola: JAZOIR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: J harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XITOY
FRANSIYA
AFRIKA
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты