KAMBODJA, Kambodja Qirolligi (Cambodia) — Jan.-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy ya. o. ning jan. qismida joylashgan davlat. Mayd. 181 ming 35 km2. Aholisi 12,49 mln. kishi (2001). Poytaxti — Pnompen sh. Maʼmuriy jihatdan 20 viloyat (kxet)ga va markaz qaramogʻidagi 2 shaharga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. Kambodja — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1993-y. da qabul qilingan. Davlat boshligʻi — qirol. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament (Milliy assambleya va Senat)dan iborat. Ijroiya qokimiyatni hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Kambodja hududining koʻp qismini allyuvial va koʻl yotqiziqlaridan iborat Kambodja tekisligi egallagan. Mamlakat gʻarbida Kravan togʻlari (Oral togʻi, 1813 m — eng baland nuqta), shim. da Dangrek qumlogʻi va sharqida Annam togʻlarining tarmogʻi bor.
Iqlimi subekvatorial, mussonli, yozi nam, qishi nisbatan quruq. Eng issiq oy — apr. da oʻrtacha t-ra 29°, 30°, dek. da 25°, 26°. Oʻrtacha yillik yogʻin 700—2000 mm. Kambodjada daryo koʻp. Mekong daryosining quyi qismi Kambodja hududidan oʻtadi; suv sathi mavsum sayin oʻzgarib turadi. Tonlesap koʻli kam suv. K. hududining 3/4 qismiga yaqini oʻrmon. Sharqida barg toʻkuvchi tropik oʻrmon, togʻlarda qimmatbaho yogʻoch beruvchi doim yashil (sal, tik, lak, kamfara) daraxtlar usadi. Qolgan hududida siyrak daraxtli savannalar, qalin bambukzorlar va turli chakalakzorlar bor. Kambodja tekisligi ancha qismining tuprogʻi unumdor allyuvial tuproq. Hayvonlari koʻp va xilma-xil. Yoʻlbars, qoplon, qora ayiq, fillar uchraydi. Mekong daryosi va uning irmoqlarida timsohlar, suzuvchi qushlar, meshkopchiqush va flamingolar bor. Tonlesap koʻlida baliq koʻp.
Aholisining 80% kxmerlar, asosan, Kambodja
ning markaziy pasttekislik qismida yashaydi. Shaharlarda, Mekong daryosi vodiysi va Tonlesap atrofida vyetnamlar, xitoylar, shuningdek, chamlar, malayyalar, togʻlik kxmerlar, fransuzlar (shaharlarda) va b. istiqomat qiladi. Rasmiy tili — kxmer tili. Fransuz tilida ham soʻzlashishadi. Kxmerlarning koʻpchiligi buddaviylikka, xitoylar — konfutsiylikka eʼtiqod qiladi, fransuzlar bilan vyetnamlarning bir qismi katolik mazhabida. Aholining 12% dan koʻprogʻi shaharlarda. Yirik shaharlari: Pnompen, Battambang, Sianukvil ( Kampongsaom).
Tarixi. Hoz. Kambodja hududida odamlar neolit davridan yashaydi. Ular dehqonchilik, baliqchilik va ovchilik bilan shugʻullangan. 1~6-a. larda Kambodja hududida birinchi Funan quldorlik davlati vujudga keldi. U Jan. Hindiston, Xitoy bilan savdo qilgan va madaniy aloqada boʻlgan.
7—8-a. larda Kambodja hududida Yer Chenlasi va Suv Chenlasi davlatlari tashkil topdi. 9-a. da esa Mekong daryosi deltasida Kambujadesh saltanati vujudga keldi. U 13-a. oxirida inqirozga uchradi. 16-a. oʻrtalarida buddaviylik tarqaldi. 16-a. oxirida Tay qoʻshinlari mamlakatning gʻarbiy qismini vayron qildi. 18-a. da K. Siyom va Vyetnam davlatlariga tobe boʻlib qoldi.
19-a. oʻrtalarida Fransiya K. ga bostirib kirib, 1863-y. uni protektorat haqida shartnoma tuzishga majbur etdi. Mazkur shartnoma 1884-y. K. uchun ogʻir bitim bilan almashtirildi. Natijada K. Fransiya mustamlakasiga aylandi. 1887-y. K. Fransiya Hindixitoydagi oʻz mustamlakalarini nazorat qilishni markazlashtirish maqsadida tuzgan Hindixitoy ittifoqi tarkibiga kiritildi.
Kambodjaning asoratga solinishi milliy mustaqillik uchun kurashning avj olishiga sabab boʻldi. 19-a. ning 60—90-y. larida milliy mustaqillikni tiklash uchun xalq harakatlari boʻlib oʻtdi. 1926-y. mustaqillik talab qilgan dehqonlar harakati fransuz mustamlakachilari tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi. 1940-y. da Kambodjani Yaponiya bosib oldi. Vatanparvarlarning Qarshilik harakati Ozod kxmer tashkiloti rahbarligida yapon bosqinchilariga, 1945-y. dan keyin fransuz mustamlakachilariga qarshi keskin kurash olib bordi.
1946-y. saylangan Maslahat majlisi Kambodja tarixida birinchi konstitutsiyani tasdiqladi. Milliy ozodlik harakati tazyiqi ostida Fransiya oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻldi (1953-y. 9 noyab.). Bu sana milliy bayram — K. mustaqilligi kuni deb eʼlon qilindi. 1955-y. 25 sent. da Kambodja konstitutsiyasiga tuzatish kiritildi, birinchi mustaqil hukumat — Sangkum tuziddi. 1970-y. 18-martda mamlakatda davlat toʻntarishi boʻldi; N. Sianuk oʻrniga general Lon Nol davlat boshligʻi qilib tayinlandi. Apr. oyi oxirlarida Kambodjaga Amerika-Saygon qoʻshinlari bostirib kirdi. Kambodja vatanparvarlari bosqinchilarga va Pnompen mustabid hokimiyati qoʻshinlariga qarshi kurash olib bordi. 1970-y. 30-iyunda AQSH qoʻshinlarining katta qismi Kambodja hududidan olib ketildi. 1970-y. 9 okt. da Pnompenda gʻayridemokratik «Kxmer Respublikasi» eʼlon qilindi, 1972-y. 4-iyunda Lon Nol «prezident» qilib «saylandi». U K. da osiyoliklarni osiyoliklarga qarshi urushtirish siyosatini qoʻlladi. 1976-y. da mamlakatdagi hokimiyatni Pol Pot — Ieng Sari toʻdasi egallab olib, fashistsimon mustabid tartiblarni oʻrnatdi, xalqni qirgʻin qildi. 1978-y. da tuzilgan Kambodja milliy najot birlashgan fronti qurolli kuchlari safi partizanlar, muntazam qismlar va b. vatanparvar kuchlar hisobiga kengaydi. Ular mamlakat hududining katta qismini ozod qilishga erishdi. 1979-y. da manfur tu-zum agʻdarildi. 1993-y. da yangi konstitutsiya qabul qilindi, N. Sianuk boshliq monarxiya tiklandi. Shu konstitutsiyada Kambodja qoʻshilmaslik siyosatini yurituvchi mustaqil, suveren, tinchliksevar, betaraf mamlakat deb eʼlon qilindi. Kambodja 1955-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1995-y. 7 sent. da oʻrnatgan. Milliy bayrami — 9 noyab. — Mustaqillik kuni (1953).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Mustaqil, betaraf, tinch va hamkorlik qiluvchi Kambodja uchun milliy front, 1992-y. da tuzilgan; K. xalq partiyasi, 1951-y. da asos solingan; Buddaviylar liberal-demokratik partiyasi, 1992-y. da tuzilgan; Liberal demokratik partiya, 1992-y. tuzilgan; K. milliy qurilish va mudofaa birlashgan fronta, 1978-y. tuzilgan. Kambodja kasaba uyushmalari federatsiyasi 1979-y. tuzilgan.
Xoʻjaligi. Kambodja — iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Xoʻjaligining asosi — q. x. Mehnatga layoqatli aholining 85% band boʻlgan bu soha yalpi ichki mahsulotning46,6% ni beradi. Q. x. da yetakchi tarmoq — dehqonchilik. Sholi, makkajoʻxori, batat, yams, shakarqamish, murch, yer yongʻoq, tamaki, banan, apelsin, mandarin, paxta yetishtiriladi, tabiiy kauchuk olinadi. Qoramoldan koʻpincha ish hayvoni sifatida foydalaniladi. Kambodjada yiliga 100 ming m3 yogʻoch tayyorlanadi. Baliq ovlash (ayniqsa, Tonlesap koʻlida) rivojlangan.
Sanoat korxonalari, asosan, mahalliy q. x. xom ashyosini ishlaydi. Oltin, boksit, fosforit, magnezit, temir rudasi, rangli metallar rudalari, marmar va b. qazib chiqariladi. Elektr energiyasining koʻp qismi issiqlik elektr st-yalari (70 mln. kVt-soat)dan olinadi. Oziq-ovqat tayyorlash ishlab beruvchi sanoatning asosiy tarmogʻidir. Metall va yogʻoch ishlash, oziq-ovqat, neft tozalash, toʻqimachilik va qogʻoz f-kalari, faner, sement, traktor-avtomobil yiguv, shina, pivo z-dlari va b. korxonalar bor. Sanoat markazlari: Pnompen, Battambang va Sianuk-vil sh. lari.
Kambodjada 649 km t. y., 14,8 ming km ga yaqin avtomobil yoʻli bor. Suv yoʻllarining ahamiyati katta (Mekong daryosining quyi oqimida). Asosiy portlari: Pnompen, Sianukvil. Pnompen yaqinida xalqaro aeroport bor. Kambodja chetga guruch, tabiiy kauchuk, qurilish materiallari, kunjut, kapok (dagʻal oʻsimlik tolasi), murch, baliq va baliq mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashinalar, asbob-uskunalar, neft mahsulotlari, transport vositalari, sement, isteʼmol mahsulotlari, metall va metall buyumlar keltiriladi. K. Singapur, Tailand, Malayziya, Vyetnam va b. davlatlar bilan savdo qiladi. Pul birligi — riyel.
Maorifi. Kambodja mustaqillikka erishgach, boshlangich (6 y. lik), toʻliqsiz oʻrta (4 y. lik), oʻrta (7 y. lik) maktablarda bepul oʻqish joriy qilindi. Pnompenda Oliy texnologiya inti va Kirollik texnika un-ti, shuningdek, Milliy kutubxona, Milliy muzey va Qirollik saroyi muzeyi mavjud.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Kambodjada nashr etiladigan gaz. va jur. lar: «Kambodja» (kxmer tilida chiqadigan haftalik gaz., 1979-y. dan), «Kaset kangtoap padivoat» («Kambodja inqilobiy armiyasi», kxmer tilidagi haftalik gaz., 1979-y. dan), «Procheachun» («Xalq», kxmer tilida haftasiga 2-marta chiqadigan gaz., 1985-y. dan), «Pulko» («Mehnatkash», kxmer tilida 2 haftada chiqadigan gaz., 1988-y. dan), «Neak kxusana» («Targʻibotchi», jur.). K. matbuot agentligi 1978-y. da tashkil etilgan. Kambodja milliy radiosi (1978) va Kambodja davlat televideniyesi (1983) ishlaydi.
Adabiyoti. Kambodja yozma adabiyotining sanskritdagi ilk namunalari 2-a. da yaratilgan. Kxmer tilidagi adabiy asarlar 7-a. boshlarida paydo boʻldi. 802—1433-y. larda kxmer madaniyati ravnaq topdi, kxmer tilida «Indradevi» lirik dostoni, «Reamker» eposi va «Tum va Teau» xalq dostoni yaratildi. Yozuvchilardan Yashovar Man II, Kavishvara, Kindra, Subxadra sanskritda, Duong, Tyey Non, Pxokdey va b. kxmer tilida ijod qildilar.
20-a. ning 30—40-y. larida gumanistik ruhdagi dastlabki romanlar — «Paylin atirguli», «Sopxat» va b. yozildi. Kambodja mustaqillikka erishgach, kxmer adiblari ittifoqi tashkil etildi. Tiu Ol, Xel Sumpxa, Suon Soren, Nop Savan va b. yozuvchilar muhim ijtimoiy-siyosiy mavzularda asarlar yaratdi. Folklor materiallarini toʻplash va ularni nashr etish ishlari olib borildi.
Meʼmorligi. Eneolit va jez davrlaridagi dastlabki bino (ibodatxona)lar yogʻochdan, keyinroq toshdan, 6—7-a. larda gʻishtdan qurilgan. Kxmerlarga xos turar joylar qoziqoyoqlarga oʻrnatilgan. 7-a. dagi Sambor-Prey-Kuk ansambli kabi minorasimon ibodatxonalar — prasatlar barpo qilingan. 9-a. da katta meʼmoriy majmualar va ehrom uslubidagi ibodatxonalar bunyod etildi. 10-a. da bino qurishda laterit va qumtosh ishlatildi, oʻymakorlik sanʼati rivojlandi. 9—12a. larda yaratilgan yodgorliklar mustahkamligi, yaxlitligi va oʻz davriga xosligi bilan aj-ralib turadi. 9—13-a. larda meʼmorlik, ayniqsa, ravnaq topdi, serxasham ibodatxonalar va saroylardan iborat Angkor majmui bunyod etildi. Shu davrda 8 shaharda 1000 dan ortiq inshoot qurildi. Shahar markazlarida «togʻ-ehromlar» qurish rasm boʻldi (Roluosdagi Prax-Ko, Banteay Srey va b.). 14a. dan saroy va ibodatxonalar tosh oʻrniga yogʻochdan qurila boshladi. 19-a. ning 2-yarmidan shahar binolarini fransuz eklektikasi ruhida qurish avj oldi. Mustaqillik yillarida Pnompen, Kampongsaom va b. shaharlarda maʼmuriy, jamoat va uy-joy binolari temir-betondan mahalliy anʼanalar galereya, minora, nishabi tik tom)ni saqlagan holda, ayvonli va quyoshdan toʻsadigan qilib, zamonaviy uslubda solindi. Qishloqva shaharlarda koʻpchilik uylar sinchli va ayvonli qilib quriladi.
Tasviriy sanʼati. Kambodja hududida yaratilgan eng qad. sanʼat yodgorliklari neolit davriga toʻgʻri keladi. Mil. av. 1-ming yillikda jezdan yasalgan buyumlar saqlanib qolgan. Mil. 6 — 8-a. larda hindlarnikiga oʻxshash haykalchalar yasalgan. 9—13-a. larda meʼmoriy yodgorliklar haykaltaroshlik va naqshinkorlik usulida bezatilgan. 14-a. dan boshlab haykallarni asosan jez va yogʻochdan yasash odat boʻlgan. 20-a. boshlaridan naqsh va rasmlardagi tasvirlarga hayotiy manzaralar kiritila boshlandi; rangtasvir va grafika rivojlandi. Rassomlardan Ngok Dim, Sam Yun va b. ning asarlari mashhur. Amaliy bezak sanʼati turlaridan qoʻlda shoyi toʻqish, yogʻoch va fil soʻyagi oʻymakorligi, kashtadoʻzlik va b. anʼanalar saqlangan.
Musiqasi qad. zamonlarda vujudga kelib shakllangan. Koʻhna ibodatxonalarda xonanda va sozandalarning nomlari bitilgan yozuvlar, tasvirlar saqlangan. Angkor davri (9—14-a. lar)da rivoj topgan kxmer mumtoz musiqa madaniyati va cholgʻu asboblari hamon oʻz shaklini oʻzgartirmagan. Mumtoz musiqa madaniyatida diniy ibodatlar bilan bogʻliq musiqiy raqs (milliy balet) tomoshalari asosiy oʻrin tutadi. Kambodja baletida asosiy rollarni ayollar ijro etadi, 2 erkak raqqos esa iblis, qiziqchi va hayvonlar niqobida oʻynaydi. Urib chalinadigan asboblar — baraban (sampxo, chxayyam), qoʻsh litavra (skotxom), simbal, gong, puflab chalinadigan — goboysimon (pey o, peypok, pra pey), qamish nay (kxloy), torli asboblar — udsimon (ta diyeu, ta-kxe), gʻijjaksimon cholgʻular (troche, trosao, trokmaye) milliy orkestrda asosiy oʻrinni oladi. 1966-y. da Pnompenda Nafis sanʼat inti tashkil etilgan.
Teatri. Fonus xayol, yaʼni soyalar teatri Kambodja uchun anʼnaviy hisoblanadi. 1955-y. da Davlat drama teatri tashkil etildi. Pnompen, Siyemreap va b. shaharlarda doimiy truppalar ishlaydi. Badiiy havaskorlik keng tus olgan. Professional badiiy jamoalar tashkil etilgan, milliy balet qayta tiklangan. Uning sahnasida mifologiya ruhidagi anʼanaviy rakslar bilan bir qatorda voqeiy tomoshalar (xalqning polpotchilar qamoq lagerlaridagi azoblarini va ozodlik yoʻlidagi kurashini ifodalovchi «Kuz yoshlari va qon» spektakli) koʻrsatilayotir. Pnompenda shahar teatri, Siyemreap sh. da yangi teatr ishlaydi.