KAPTARLAR (Columbidae), kabutarlar — kaptarsimonlar turkumiga mansub qushlar oilasi. Gavdasining uz. 10—15 sm dan (mitti kaptar) 89 sm gacha (tojli kaptar). Boʻyni kalta, tanasi miqti, qanotlari baquvvat, yaxshi uchadi. Ustki tumshugʻi asosida yumshoq teri boʻrtmasi bor. 43 urugʻi va 285 turi maʼlum. Jan. va Shim. qutblardan boshqa hamma hududlarda tarqalgan. Oʻzbekiston faunasida asl Kaptarlar va gʻurraklar urugʻiga mansub 9 tur uchraydi. Asl Kaptarlar urugʻidan togʻ koʻk kaptari (Colum livia) juda keng tarqalgan; gov Kaptarlar (S. palumbus) va togʻ Kaptarlari (S. rupestr) togʻli hududlarda, qora Kaptarlar (S. Eversmanni) tof etaklari va vodiylarda, klintux (S. oenas) sharqiy hududlarda tarqalgan. Gʻurraklar urugʻidan musicha (Streptopelia senegalensis) va gʻurrak (S. turtur) koʻp uchraydi; togʻ gʻurragi (S. orientalis) togʻli hududlarda yashaydi. Kaptarlar daraxtlar va ularning kovagiga, jarliklar, koyader, binolar tomiga juftjuft boʻlib uya quradi. Moda va narisi tuxumlarini navbat bilan bosadi. Bir yilda 2, baʼzan 4—5-martagacha 2 tadan tuxum bosadi. Tuxumdan yalangʻoch (patsiz) jish joʻja chiqadi. Joʻjani dastlab nari va modasi jigʻildonidan ajralib chiqadigan oqsilga boy suyuqlik — qush suti, keyinroq jigʻildonda ezilgan don b-n boqadi. Koʻk Kaptarlar barcha xonaki Kaptarlarning zot boshi hisoblanadi. Koʻk Kaptarlar va gov Kaptarlar qisman ovlanadi.
Xonaki Kaptarlarning 200 ga yaqin zoti mavjud boʻlib, ular pochtachi, dekorativ va goʻshtdor guruhlarga boʻlinadi. Pochtachi Kaptarlar uchganda oson yoʻl topadi. Qadimda ulardan xat tashishda foydalanilgan. Hozir faqat koʻngil ochish maqsadlarida koʻpaytiriladi. Dekorativ Kaptarlar ajib qiyofasi va patining juda chiroyli boʻlishi (buqoq, yakobin, tovus kaptar) yoki oʻziga xos uchishi (turmanlar, baliqchi qorasimon zotlar) bilan ajralib turadi. Goʻshtdor zotlar yirik (900 g gacha) boʻladi (karno, king, rim zotlari).