KASABA UYUSHMALARI

KASABA UYUSHMALARI — mehnatkashlarni jinsi, diniy eʼtiqodi, irqiy va milliy mansubliklaridan qatʼi nazar i. ch. va noishlab chiqarish sohalarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va oʻz aʼzolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida birlashtiruvchi ommaviy jamoat tashkilotlari. 18-a. oxirida Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va AQSHda oʻzaro yordam jamiyatlari sifatida paydo boʻlgan. Rivojlangan mamlakatlarda 19-a. da legallashdi. Kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat sharoiti, ish haqi, turmush, madaniyat va sh. k. sohalardagi manfaatlarini himoya qilishga daʼvat etilgan. 14 yoshga toʻlgan va mehnat (kasb) faoliyati bilan shugʻullanayotgan har bir kishi oʻz xohishiga koʻra, oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun Kasaba uyushmalari tuzish, ularga kirish, Kasaba uyushmalari faoliyati bilan shugʻullanish va Kasaba uyushmalaridan chiqish huquqiga ega. Eng yirik xalqaro Kasaba uyushmalari markazlari: Jahon Kasaba uyushmalari federatsiyasi (1945-y. Parijda tuzilgan, 80 dan ortiq mamlakat milliy kasaba uyushma markazlarini birlashtiradi, kasaba uyushma umumiy aʼzolarining soni 20-a. ning 90-y. larida 213 mln. dan ortiq boʻlgan), Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Jahon mehnat konfederatsiyasi (1920-y. Vatikan yordamida Xalqaro xristian Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi nomi bilan tuzilgan, 14 mln. dan ortiq aʼzosi bor, qarorgohi Bryusselda).

Oʻzbekistonda Kasaba uyushmalarining huquqiy maqomi OʻzR Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida»gi OʻzR qonuni (1992-y. 2 iyul) va b. bilan belgilanadi. Kasaba uyushmalariga mehnat, unga haq toʻlash va b. tayin masalalarni hal qilish sohasida huquqlar berilgan. Kasaba uyushmalarining ustavlari «Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida»gi OʻzR qonunida belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi. Barcha Kasaba uyushmalari teng huquklardan foydalanadilar. Kasaba uyushmalari oʻz faoliyatida davlat boshqaruv idoralaridan, xoʻjalik idoralaridan, siyosiy partiyalardan mustaqil, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi (qonun xujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno). Kasaba uyushmalarining huquqlarini cheklaydigan yoki shu huquqlarning amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiladigan tarzdagi har qanday aralashuv man etiladi. Kasaba uyushmalari oʻz ustavlarida belgilangan maqsadlarga va vazifalarga muvofiq ravishda boshqa mamlakatlarning Kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilish, oʻz xohishiga koʻra, xalqaro va boshqa Kasaba uyushmalari birlashmalariga va tashkilotlariga kirish huquqiga ega.

Kasaba uyushmalarining tuzilishi federalizmga asoslangan. Quyidan yuqorigacha barcha organlar Kasaba uyushmalari aʼzolari tomonidan saylangan vakillarning yigʻilishlari, konferensiyalari va qurultoylarida saylanadi va ular oldida hisob beradi. Kasaba uyushmalari har bir aʼzosi saylashi va Kasaba uyushmalari organlariga saylanishi, yigʻilishlar, matbuot va b. vositalar orqali Kasaba uyushmalari hamda maʼmuriy organlar faoliyatiga taalluqli masalalarni qoʻyishi mumkin. Kasaba uyushmalari ishlab chiqarish, tarmoq va hududiy prinsiplar asosida tashkil etiladi. Tarmoq va hududiy Kasaba uyushmalari aʼzo tashkilotlar sifatida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasini tashkil etadilar (q. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi).

Kasaba uyushmalarining asosi — boshlangʻich tashkilot boʻlib, kasaba uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi uning oliy organidir. Boshlangʻich tashkilot kamida 3 aʼzosi boʻlgan joylarda tuziladi. Kundalik ishlarni olib borish uchun kasaba uyushmasining guruhlarida guruh tashkilotchisi, 15 tagacha aʼzoni birlashtirgan boshlangʻich tashkilotda tashkilotchi va uning oʻrinbosari, 15 va undan koʻp aʼzoni birlashtirgan boshlangʻich tashkilotda kasaba qoʻmitasi saylanadi.

Iqtisodiy islohotlar va bozor munosabatlari sharoitida Kasaba uyushmalarini tashkiliy jihatdan mustahkamlash, kuch va mablagʻlarni birlashtirishga ehtiyoj kuchaydi. Endilikda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi oʻz faoliyatini ijtimoiy sherikchilik asosiga qurmoqda va hukumat, vazirliklar, idoralar, viloyat hokimliklari bilan ikki tomonlama hududiy va tarmoq bitimlari tuza boshladi. Mehnatga layoqatli aholini ish b-n taʼminlash, ishsizlikning oldini olish, mehnatkashlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, mehnatkashlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish masalalari bilan shugʻullanish Kasaba uyushmalari faoliyatining eng muhim yoʻnalishlari boʻlib qoldi. Oʻzbekistonda Kasaba uyushmalari aʼzolarining umumiy soni 6.730.545 kishini tashkil etadi (2002-y. apr.). Bundan tashqari, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga kirmaydigan Q«izilqumkamyobmetalloltin» konsernida 65 mingdan ortiq kasaba uyushma aʼzosi bor.


Lotin alifbosida maqola: KASABA UYUSHMALARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: K harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



FRANSIYA
TOSHKENT
ROSSIYA
YAPONIYA
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты