KINOSHUNOSLIK

KINOSHUNOSLIK — kino sanʼati haqidagi fan, sanʼatshunoslik sohasi; kino sanʼati nazariyasi va amaliyotini, tarixi, uning taraqqiyot yoʻllarini, shuningdek, aktyor ijodi, rejissura, kinodramaturgiya muammolari, kinomusiqa, operatorlik sanʼati va b. ni oʻrganadi va tadqiq etadi. Kinoshunoslik sohasiga kino nazariyasi va tarixi, kino tanqidchiligi va qoʻshimcha boʻlim sifatida kinobibliografiya va filmografiya kiradi.

Oʻzbekistonda Kinoshunoslik 20-a. ning 20-y. laridan boshlangan. Unda yozuvchi, jurnalist, muharrir va b. tomonidan kino haqida koʻplab maqola va taqrizlar yozilgan. 30-y. larda oʻzbek kinosining boshlovchilari Nabi Gʻaniyev, Sulaymon Xoʻjayevlar ham kino haqida risola va maqolalar eʼlon qilganlar. 1949-y. da Zikrilla Kalonovning «Sovet Oʻzbekistoni kinematografiyasi» nomli birinchi kitobi oʻzbek va rus tillarida chop etildi.

50-y. larda adabiyot sohasida ishlaydigan kinotanqidchilar va ilmiy xodimlarning bir guruhi milliy ekran sanʼatining rivojlanish jarayonini oʻrganishga kirishdilar. Bunga oʻsha davrda ishlab chiqarilgan filmlar doirasining kengayishi, yirik kino ustalari guruhining shakllanib borayotganligi turtki boʻldi. S. Muhamedov, R. Pirmuhamedov, M. Melkumov, A. Abdullayev kabi kinochilarning oʻzlari ham Kinoshunoslik bilan shugʻullanganlar.

Oʻzbek Kinoshunoslik gining rasmiy rivoji 60-y. larning boshlaridan boshlangan. Bu Sanʼatshunoslik in-tiga ishga kelgan bir guruh kinoshunoslar faoliyati b-n bogʻliq. Joʻra Teshaboyev, X. Abulqosimova, H. Akbarov, B. Hasanovlar shular jumlasidan. Keyinchalik bu boʻlimga M. Mirzamuhamedova, S. Xoʻjayeva, V. Kosheleva, M. Zohidov, S. Hayitmetova qabilar kelib qoʻshildilar. Bu davrda M. Aliyev («Komil Yormatov», 1960), J. Teshaboyev («Komil Yormatov», 1964; «Sovet Oʻzbekistoni kino sanʼati», 1968; «Shukur Burhonov», 1968; «Asad Ismatov», 1968), X. Abulqosimova («Nabi Gʻaniyev», 1965; «Oʻzbek kinosining tugʻilishi», 1967)larning kino sanʼatining rivojlanish jarayoni, taraqqiyot tarixi, oʻzbek kino ustalarining ijodi va b. masalalarga oid asarlari yaratildi.

Asosiy eʼtibor endi milliy kino nazariyasi masalalariga qaratildi, milliy kinodramaturgiya va rejissura rivoji, teatr aktyorlarining kino sanʼati rivojiga qoʻshayotgan hissasi, kinoning boshqa sanʼat turlari bilan oʻzaro bogʻliqligi kabi masalalarga karatilgan asarlar yaratildi. Oʻzbek kinosidagi anʼana va bunyodkorlik, milliylik va baynalmilallik, mashhur kino ijodkorlarining hayot va ijod yoʻlini yoritishga alohida eʼtibor qaratildi. B. Hasanovning «Malik Qayumov» (1970), «Oʻzbek hujjatli kinosi» (1972), H. Akbarovning «Yetuklik» (1971), «Sehrli nur» (1977), X. Abulqosimovaning «Taniqli rejissyor» (1971), «Yoʻldosh Aʼzamov» (1972), «Shuhrat Abbosov» (1976), J. Teshaboyevning «Qahramon — yirik planda» (1972), «Taraqqiyot yoʻli va izlanishlar» (1973), «Ustaning baxti» (1975), «Oʻzbek kinosi: anʼana va ijodkorlik» (1979) kabi asarlari nashrdan chikdi. Bolalar kinosi va rivojiga bagʻishlangan, «Oʻzbekfilm»da yaratilgan bolalar va multiplikatsion filmlar tavsiflangan M. Mirzamuhamedovaning «Oʻzbekistonda bolalar kinosi» (1976) kitobi nashr etildi.

80-y. larda yangi kitoblar bilan bir qatorda kino sohasidagi muhim muammolarga bagʻishlangan tadqiqotlar amalga oshirildi. Ularda koʻproq respublika kino sanʼatining turli jabhalari, milliy sanʼatda oʻzbek kinosining tutgan oʻrni va roli, televideniye va televizion filmlar muammolariga eʼtibor berildi. H. Akbarovning «Zohid Sobitov» (1980), «Adabiyot va kino» (1981), «Latif Fayziyev» (1985), «Oʻzbekiston kino va televideniyesi» (1989), M. Mirzamuhamedovaning Oʻ«zbekiston bolalar kinosi» (rus tilida, 1982), S. Xoʻjayevaning «60—70-yillar Osiyo va Afrika mamlakatlari kino sanʼatidagi ilgʻor gʻoyalar» (1982), J. Teshaboyevning «Oʻzbek kinosi: izlanishlar va ishonchlar» (1984), X. Abulkrsimova, J. Teshaboyev, M. Mirzamuhamedovalarning «Oʻzbekiston kinosi» (1985) kabi asarlari shular jumlasidan.

Mustaqillik yillarida kinochilik muammolarini yangicha, yangi davr nuqtayi nazaridan hal etish yoʻllarini izlash koʻzga tashlanadi. Bu yillarda nafaqat oʻzbek kinosiga balki hind, turk, arab mamlakatlari, qoʻshni davlatlar kinematografiyasiga oid i. t. ishlari olib borildi. Shuningdek, oʻzbek kinosining janr va turlari (multiplikatsiya, hujjatli kino, komediya, teleseriallar va b.)ga bagʻishlangan tadqiqiy ishlar ham paydo boʻldi. Kinoshunoslikboʻlimi aspirant va ilmiy xodimlar bilan toʻldirildi.

Oʻzbekistonda Kinoshunoslik masalalari Sanʼatshunoslik ilmiy tadqiqot intining kino boʻlimida oʻrganiladi. Kinoshunoslikga oid maqolalar «Sanʼat» jurnali, «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gaz. va b. nashrlar sahifalarida yoritib boriladi (yana q. Kino sanʼati).

Joʻra Teshaboyev.


Lotin alifbosida maqola: KINOSHUNOSLIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: K harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



KINO SANʼATI
TARIX
FRANSIYA
XITOY
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты