LAMBLIYALAR (Lamblia), lyambliyalar — koʻp xivchinlilar turkumiga mansub xivchinlilar urugʻi. Sut emizuvchilar (odam, quyon, sichqonlar), suvda va quruqliqda yashovchilar, ayrim umurtqasiz hayvonlar ichagida parazitlik qiladi. Tanasi noksimon, 2 tomonlama simmetriyali, uz. 8—30 mkm. Botiq qorin tomonida ichak devoriga yopishadigan soʻrgʻich boʻladi. Asosan, boʻyiga boʻlinish orqali jinssiz koʻpayadi. Toʻgʻri ichakka tushgan Lambliyalar qalin poʻstga oʻralib, sista hosil qiladi. Tashqi muhitga chiqqan sista boshqa organizmlarni zararlaydi. 100 ga yaqin turi maʼlum. Odam (koʻpincha, bolalar) ingichka ichagi va oʻt yoʻllarida parazitlik qiladigan ichak Lambliyalari lyamblioz paydo qiladi.