LAOS

LAOS, Laos Xalq Demokratik Respublikasi (Sathalanalat Pasathipatai Pasacon Lao) — Jan.-Shar-qiy Osiyoda, Hindixitoy ya. o. ning markaziy qismida joylashgan davlat. Mayd. 236,8 ming km2. Aholisi 5,6 mln. kishi (2001). Poytaxti — Vyentyan sh. Maʼmuriy jihatdan 13 kxueng (viloyat)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Laos — xalq-demokratik respublikasi. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-y. 14 avg. da qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (1998-y. dan Kxamtay Sipxandon), u Millat majlisi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi, bosh vazir, vazirlar va b. mansabdor shaxslarni tayinlash huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Millat majlisi (bir palatali parlament) boʻlib, u aholi tomonidan umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyat — bosh vazir boshchiligidagi hukumat.

Tabiati. Laos, asosan, togʻli mamlakat. L. ning shim. oʻrtacha balandlikdagi togʻ tizmalari va platodan iborat. Trannin togʻligida L . dagi eng baland choʻqqi — Bia togʻi (2820 m) joylashgan. Mamlakat sharqida Annam togʻining Chiongshon tizmasi, jan. da Boloven platosi bor. Mamlakat gʻarbi va jan.-gʻarbi allyuvial tuproqli pasttekislikdan iborat. Relyefning karst shakllari tarqalgan. Laosda temir rudasi, qalay, oltin, rangli va noyob metallar, koʻmir, kaliy tuzi, chaqmoqtosh konlari mavjud.

Iqlimi subekvatorial, mussonli. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi shim. da 15° dan jan. da 23°gacha, iyulniki 28—30°. Togʻlarida qora sovuq boʻlib turadi. Yillik yogʻin togʻlarda 3000 mm gacha, platoda 1600 mm. Noyab. —apr. quruq mavsum, may — okt. namgarchilik mavsumi hisoblanadi. Yirik daryosi — Mekong; uning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Falokatli suv toshqinlari boʻlib turadi. Tuproqlari, asosan, togʻ laterit tuproqlar. Laos hududining 2/3 kismi oʻrmon (tik, bambuk, dub, qaragʻay, pushti, qora va sandal daraxtlari). Plato va vodiylarida savanna. Hayvonot dunyosi boy: fil, yoʻlbars, krshton, ayiq va b. uchraydi. Maymunlar, sudralib yuruvchilardan ilon, kaltakesak, timsoh koʻp. Xilmaxil qushlar, koʻrshapalaklar yashaydi.

Aholisi. Asosiy aholisi lao (70%); shuningdek kxmu, meo, yao va b. xalqlar — xitoylar, vyetnamlar, hindlar va b. yashaydi. Rasmiy til — lao (laos) tili. Aholisining koʻpchiligi buddaviylikka, qolganlari anʼanaviy mahalliy dinlarga eʼtiqod qiladi. Aholisining 19% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Vyentyan, Savannakxet, Luang-prabang, Pakse, Txakxek.

Tarixi. Laos hududida odam yuqori paleolit davridan yashaydi. Mil. 1-ming yillikning 1-yarmida Laos hududida kxmerlar davlati — Funanning siyosiy va iqtisodiy taʼsiri kuchli boʻlgan. Funan oʻrniga kelgan Chenla (7 — 8-a. lar) va Kambujadesh (9—13-a. lar) davlatlari davrida Laosning jan. hamda markaziy qismida kalʼalar va shaharlar bunyod etildi. 9-a. ga kelib tai va laos feodal knyazliklari paydo boʻldi. 1353-y. xrzirgi Laos va Sharkiy Tailanddagi knyazliklar birlashtirilib, markazlashgan Lansang davlati tuzildi. 1707-y. Lansang davlati Luangprabang, Vyentyan knyazliklariga boʻlinib ketib, Siangkxuang (SiyengKuang) knyazligiga qaram boʻlib qoldi (1710). 1828-y. Vyentyanning bir kismi Siyom, 1832-y. Siangkxuangning koʻpgina hududi Vyetnam qoʻl ostiga oʻtdi. 1893-y. da Luangprabang Fransiya protektoratiga aylantirildi. Shundan keyin Sharqiy Tyampatsak va sobiq Vyentyan knyazligi hududi mustamlaka sifatida Fransiya Laosi nomi bilan Hindixitoy Ittifoqi tarkibiga kirdi. Laos xalqi Fransiya hukmronligiga qarshi bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtardi (1901—07; 1910—36). 1936—38 y. lardagi milliy ozodlik harakati Laos, Vyetnam va Kambodja xalq-demokratik harakati tusini oldi.

2-jahon urushi davrida mamlakatni Yaponiya bosib oldi. 1946-y. ning boshida fransuz qoʻshinlari Laosni yana ishgʻol qildi. 1950-y. 13 avg. da oʻtkazilgan xalq vakillari syezdila L. Birlashgan milliy fronti (Neo Lao Itsala) tuzildi. 1953-y. okt . da Xalq ozodlik armiyasi tazyiqi ostida Fransiya Laosni mustaqil qirollik sifatida tan oldi, biroq 1954-y. Jeneva bitimidan keyingina uning mustaqilligi xalqaro miqyosda tanildi va Fransiya qoʻshinlari bilan Vyetnam xalq koʻngillilari Laosdan olib chiqib ketildi. 1955-y. dek. da Laos BMTga aʼzo boʻldi. Neo Lao Itsalaning nomi 1956-y. 6 yanv. da oʻtkazilgan 2-syezdda Laos vatanparvarlik fronti (LVF) deb oʻzgartirildi. Biroq 1958-y. hokimiyat Laos oʻng kuchlari qoʻliga oʻtdi. LVF faoliyati taqiqlandi. 1960-y. 9 avg. da qirol armiyasining parashyutchilari batalyoni kapitan Kong Le boshchiligida davlat toʻntarishi uyushtirdi va Suvanna Fumaga xukumatni boshkarish topshirildi. 1962-y. 11-iyunda Suvanna Fuma boshliq milliy birlik hukumati tuzildi. Jenevada 14 mamlakat vakillari ishtirokida oʻtkazilgan xalqaro kengashda (1962-y. 23-iyulda) Laos betarafligi haqidagi Deklaratsiya va Deklaratsiya bayonnomasi imzolandi. 1964-y. 19 apr. da davlat toʻntarishi oʻtkazishga uringan unsurlar hukumatning bir necha aʼzolari katori Suvanna Fumani qamoqqa oldi. Lekin ular butun jahon ilgʻor kuchlarining talabi bilan ozod qilindi. Suvanna Fuma 1964-y. iyunda hukumat tarkibini oʻzgartirishga majbur boʻldi. 1969-y. dan Laos ung kuchlari LVFga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirib yubordi. 1971-y. fev. boshida Amerika-Jan. Vyetnam qoʻshinlari (30 ming kishi) Jan. Laos hududiga bostirib kirdi, biroq mart oxiridan vatanparvar kuchlar shiddat b-n qarshi hujumga oʻtdilar. 1973-y. 21 fev. da Vyentyanda LVF bilan Vyentyan hukumati oʻrtasida Laosda tinchlik oʻrnatish va milliy birlikka erishish toʻgʻrisida Shartnoma, 1973-y. 14 sent. da shu Shartnoma bayonnomasi imzolandi. Unda Milliy majlisga saylov oʻtkazish va Milliy birlik hukumatini tuzishga qaror qilindi. 1974-y. koalitsion hukumat tuzildi. 1975-y. 2 dek. da xalq vakillari anjumani monarxiya tugatilganini va L. Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganini eʼlon qildi. Mamlakat tinch qurilish yoʻliga oʻtdi. Xalqaro maydonda Laos barcha mamlakatlar bilan xamkorlik va tinchlik yoʻliga amal qila boshladi. Laos hukumati OʻzR suverenitetini 1992-y. 2 yanv. da tan oldi va oʻsha yili 10 sent. da diplomatiya mu-nosabatlari oʻrnatdi. Milliy bayrami — 2 dek. — Respublika eʼlon qilingan kun (1975).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. L. Xalq-inqilobiy partiyasi, 1955-y. da Laos xalq partiyasi nomi bilan tuzilgan, 1972-y. fev. dan hoz. nomini olgan; L. Milliy qurilish fronti (Neo Lao Sang Sat), 1956-y. tuzilgan. 1979-y. fev. gacha Laos vatanparvarlik fronti deb atalgan, ommaviy vatanparvarlik tashkiloti. Unga Laos xalq inqilobiy partiyasi rahbarlik qiladi. Front tarkibiga Laos xotin-qizlar ittifoqi, xalq-inqilobiy yoshlar ittifoqi, Talabalar uyushmasi va b. jamoat tashkilotlari kiradi. Laos kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1956-y. da tuzilgan, Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasi aʼzosi.

Xoʻjaligi. Laos — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 53%, sanoat va qurilishning ulushi — 17%. Asosiy tabiiy boyliklari — qimmatbaho yogʻochli oʻrmon va gidroenergiya resurslari. Yiliga 828 mln. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy q. x. ekini — sholi (ekinzorning 90%). Makkajoʻxori, paxta, kofe, soya, banan, ananas, sitrus mevalar, kartoshka, sabzavot, shakarqamish, tamaki, ziravor ham yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, buyvol, qoʻy, choʻchqa va b. boqiladi. Daryolarida baliq ovlanadi. Sanoatida konchilik ustun. I. ch. sanoati q. x. xom ashyosini qayta ishlaydigan kichik korxonalardan iborat. Metall buyumlari f-kasi, taʼmirlash ustaxonalari, yogʻochsozlik va toʻqimachilik korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Mamlakatda t. y. yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. 14,1 ming km. Yuklarning aksariyati Mekong daryosida tashiladi. Tashqi savdo uchun Vyetnamning Xayfon va Danang portlaridan foydalaniladi. Laos chetga elektr energiya, yogʻoch, qalay konsentrati, kofe sotadi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, metall, neft mahsulotlari, sement, guruch oladi. Tashqi savdoda Jan.-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy, Rossiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — kip.

Tibbiy xizmati. Tibbiy muassasalarning koʻp qismi davlat qaramogʻida boʻlib, ular bepul xizmat koʻrsatadi. Vrachlar Vyentyan tibbiyot in-tida va chet ellarda tayyorlanadi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 1976-y. dan Laosda taʼlim sohasini isloh qilishga kirishildi. Boshlangʻich va oʻrta maktabda darslar lao tilida olib boriladi. Bepul taʼlim tizimi vujudga keltirilgan. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 y., oʻrta maktabda 6 y. Oʻrta hunar-texnika va ped. taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Vyentyan un-ti, tibbiyot va ped. in-tlari mavjud. Luangpxabang yaqinida davlat q. x. seleksiya st-yasi, Vyentyanda Milliy kutubxona, shahar kutubxonasi, un-t kutubxonasi, milliy sanʼat muzeyi va b. bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Laosda bir necha gaz. va jur. lar nashr etiladi. Yiriklari: «Pasason» («Xalq», kundalik gaz., 1950-y. dan), «Vyentyan may» («Yangi Vyentyan», kundalik gaz., 1975-y. dan), «Num lao» («Laos yoshlari», yoshlar gaz., 1979-y. dan), «Alunvan may» («Yangi tong», jur., 1985-y. dan), «Kxosana» («Targʻibotchi», jur., 1987-y. dan), «Saksa may» («Yangi taʼlim», jur., 1981-y. dan), «Xengngan» («Mehnat», jur., 1980-y. dan). Kaosan Patet Lao hukumat axborot agentligi, 1968-y. da tuzilgan. Laos milliy radiosi hukumat xizmati boʻlib, 1951-y. da tuzilgan, lao, Vyetnam, tay va kxmer, shuningdek, fransuz va ingliz tillarida eshittirish olib boradi. Laos milliy telekoʻrsatuvi, xukumat xizmati, 1983-y. da tashkil etilgan.

Adabiyoti. Laos hududidan 13-a. 2-yarmiga mansub dastlabki yozma yodgorliklar topilgan. Lansang davlati (14-a.) tuzilib, buddaviylik tarqalgach, liniy va dunyoviy mazmundagi asarlar («Shahzoda Xung», «Kxun Bolom haqida doston» va b.) paydo boʻldi. Pankxamning «Sinsay» qahramonlik dostoni 16—17-a. lar Laos adabiyotining yuksak choʻqqisi hisoblanadi. 18-a. da Lansang davlatining yemirilishi (1707) va Laos mustaqilligining barbod boʻlishi (19-a. oxiri) oqibatida Laos adabiyoti tanazzulga uchradi. 2-jahon urushidan keyin Laos adabiyoti yangidan rivojlana boshladi. Zamonaviy adabiy asarlar, asosan, mamlakat mustaqilligi uchun kurash tarixiga va yangi turmush qurish muammolariga bagʻishlangan. Some sheʼrlari, Sisan qoʻshiqlari, Kxamling Folsenning «Jajji Si» va Dian Savanning «Hayot yoʻli» qissalarida zamon ruhi yoritilgan.

Meʼmorligi. Mil. 1-ming yillik oʻrtalari va 2-ming yillik boshlaridan Savannakxet yaqinidagi ibodatxonalar (Ing-Rang va b.) saqlangan. Lansang davlati tashkil topgach (14-a.), budsaviylik tarqaldi va uning taʼsirida oʻziga xos milliy badiiy madaniyat rivojlangan. 16-a. ga mansub «vata» (monastir) majmualari (Luangprebangda Siyeng-Txong, 1561; Vyentyanda Fra-Keo, 1565 va b.) mavjud. Ularning tarkibida ibodatxonalar, kutubxonalar, rohiblarning yotoqxonalari, saroylar, turli shakldagi stupalar boʻlgan. Mustaqillik eʼlon qilingach, ham zamonaviy, ham anʼanaviy milliy shakllardan foydalanildi («Lansang» mehmonxonasi, Ichki ishlar vazirligining binosi va b.). Keyingi yillarda Vyentyan va b. shaxarlarda zamonaviy uy-joy binolari barpo etildi.

Tasviriy sanati. Koʻzalar vodiysi (Trannin yassitogʻligi)dan mil. boshlariga doir kad. sanʼat yodgorliklari — ulkan granit «idish»lar topilgan. Oʻrta asrlarda raqqosalar va b. ning haykalchalarini yasash, imoratlarning yogʻoch peshtoqlariga, eshiklarga, deraza eshikchalariga oʻyib gul solish va zarhallash rasm boʻlgan. Laosda dastgohli rassomlik (lokli, moyboʻyoq rangtasviri), grafika, haykaltaroshlik rivojlana boshladi; xalq hayotini tasvirlovchi manzaralar, natyurmortlar paydo boʻldi. Bezak sanʼati, metall ishlash, toʻqimachilik va b. keng tarqalgan.

Musiqa madaniyatining boshlangʻich davri 12-a. ga borib taqaladi. Laos musiqasida xalq anʼanalari saqlangan. L . da 20-a. ga qadar nota yozuvi boʻlmasada, adabiyotidagi qonunlar zamirida lam kuylari tizimi shakllangan. Yakkanavozlik (sayyoh ashulachilar va oshiqmaʼshuqlar qoʻshiqlari) hamda antifon tarzida xor qoʻshiqchiligi rivojlangan. Qadimdan mavlum — epik qoʻshiqchilik sanʼati, mavlum luang — musiqaviysahnaviy tomoshalari rivojlanib kelgan. Musiqa asboblaridan eng mashhuri — xen boʻlib, u bambuk naychalaridan yasaladi, shuningdek naysimon, 2 torli gʻijjaksimon va bir kancha urma sozlar ommalashgan. 20-a. 2-yarmidan akkordeon, katta baraban xam odat tusini olgan, kompozitorlik ijodi yuzaga kela boshlagan (Bauntxa-mali, Kxamala Nokeo va b.).

Teatri Jan. va Jan.-Sharqiy Osiyo teatrlariga oʻxshaydi. Raqs, musiqa, pantomima va dramalarni umumlashtirgan. Laos teatri sahnasida dekoratsiya va butaforiyalar boʻlmasada, tomoshalar qiziqarli oʻtadi. Qirollik baleti, Fonus xayol teatri va qoʻgʻirchoq teatri qadimdan bor.


Lotin alifbosida maqola: LAOS haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: L harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XITOY
ROSSIYA
YAPONIYA
FRANSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты