MAGNIT KALLAK — tovush (nutq, musiqa)ni magnit lentata yozib olish (oʻchirish) yoki qayta eshittirish uchun moʻljallangan qurilmaning asosiy qismi. U, asosan, oʻzak (magnit oʻtkazgich) va bir yoki bir necha chulgʻamdan iborat. Magnit kallak oʻzagida magnit lenta bilan kallakning magnit aloqasini taʼminlovchi ish oraligʻi (slyuda, bronza bilan toʻldirilgan bir necha mkm oraliq) bor. Oʻzak magnit oqimini toʻplash, chulgʻam esa elektr signallarni keltirish yoki ketkazish uchun xizmat qiladi. Oʻzak temirnikel qotishmalar, alyuminiy qotishmalari, ferritlar va permalloydan yasaladi, chulgʻamlar elektr oʻtka-zuvchi simlardan oʻraladi. Tovushni yozib olish yoki eshittirishda Magnit kallak oʻzagi magnit lentaga tegib turishi (kontaktli yozuv) yoki havoli tirqish bilan undan ajralib turishi (kontaktsiz yozuv) mumkin. Kontaktli yozib olish usulida tovushni yozish (oʻchirish) paytida chulgʻamga keladigan elektr signallar (rayemga q.) oʻzakda magnit oqimini vujudga keltiradi, magnit oqimi olinayotgan signalga monand ravishda ish tirqishi yaqinidagi qoldiq magnitlanganlik darajasini oʻzgartiradi. Tovushni qayta eshittirishda esa foydali signal (elektr yurituvchi kuch) magnit lenta M. k. ga nisbatan harakatlanganda vujudga keluvchi magnit induksiya natijasida paydo boʻladi. Magnit kallakning foydali magnit oqimi oʻzgarishlariga sezgir; yarimoʻtkazgichli; oʻzak oʻzgarishlariga asoslangan; magnit maydon bilan elektron nurning oʻzaro taʼsiriga asoslangan va b. xillari boʻladi. Magnit kallak videomagnitofonlar, diktofonlar, magnitofonlar, EHM xotira qurilmalari va b. radiotexnika hamda elektron qurilmalarda keng ishlatiladi.