MEKSIKA

MEKSIKA (Mexiko), Meksika Qoʻshma Shtatlari (Estados Unidos Mexicanos) — Shim. Amerikaning jan. qismida joylashgan davlat. Mayd. 1958,2 ming km2. Aholisi 101,9 mln. kishi (2001). Poytaxti — Mexiko sh. Maʼmuriy jixatdan 31 shtat va 1 poytaxt federal okrugiga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Meksika — federativ respublika. Meksika Qoʻshma Shtatlarining 1917-y. 5 fev. dagi Siyosiy Kon-stitutsiyasi amal qiladi, unga keyinchalik oʻzgartishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2000-y. dan Vi-sente Foks Kesada), u umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 6 y. muddatga saylanadi. Konstitutsiyaga binoan, prezident qayta saylanishi mumkin emas. Krnun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy kongress (2 palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident amalga oshiradi.

Tabiati. Meksika qirgʻokdari kam parchalangan, eng katta yarim orollari — Kaliforniya va Yukatan. Tinch okeandagi bir necha orol xam Meksika tarkibiga kiradi. Mamlakat qududining katta qismini Meksika togʻligi (aksariyat bal. 1000— 2000 m, eng baland joyi — harakatdagi Orisaba vulkanlari — 5700 m) egallaydi. Sohilga yaqin joylari pasttekislik. Meksika qoʻltigʻida neftgazli havza, Meksika togʻligida rangli metall rudalari (mis, qoʻrgʻoshin, pyx, kumush, simob, margimush, surma, kadmiy, vismut, qalay, volfram, oltin), mamlakatning shim.-sharqida toshkoʻmir, temir va uran rudalari, oltingugurt konlari bor. Iqlimi tropik, shim. da subtropik iqlim. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 10°—25°, iyulniki 15°—30°. Yillik yogʻin togʻ yon bagʻirlarida esa 2000—3000 mm.

Jan.-sharqida daryosoylar koʻp, shim.gʻarbida kam (Yukatan ya. o. da umuman oqar suv yoʻq). Yirik daryolari: Rio-Grande (Rio-Bravodel-Norte), Lerma (quyi oqimida Rio-Grandede Santyago deb ataladi), Balsas, Grixalva — Usumasinta dare sistemasi. Eng katta kuli — Chapala. Shim.-gʻarbida, asosan, boʻz tuproq va choʻlga xos oddiy tuproqlar; togʻliklarda surjigarrang, jigarrrang, savanna qizil tuproqlari va togʻ-oʻrmon qoʻngʻir tuproqlari, pasttekisliklarda surjigarrang, savanna qizil tuproqlari va botqoq tuproqlari uchraydi.

Oʻsimliklari juda xilma-xil. Meksikada oʻsimliklarning 12 mingga yakin turi bor; shulardan 2/3 qismi endemik oʻsimliklardir. Meksika togʻligining shim. kattaroq qismida uziga xos kserofil oʻsimliklar, shuningdek, mimozadosh butalar oʻsadigan chala choʻl va choʻllar asosiy oʻrin tutadi. Togʻliqning jan. qismida va bu yerlarni oʻrab olgan pasttekislik sohillarida boshoqlilar va sertikan butalardan iborat savanna oʻsimliklari, togʻlarda bargli va aralash oʻrmonlar (dub, grab, joʻka, karagay, oqqaragʻay va b.) usadi; M. ning jan. va jan.-sharqiy qismlarida aksari tropik oʻrmonlar, sharqiy yon bagʻirlarida doim yashil sernam oʻrmonlar, gʻarbiy yon bagʻirlarida igna bargli, togʻ etaklarida barg toʻkadigan oʻrmonlar bor.

Yovvoyi hayvonlardan chala choʻl va choʻllarda kemiruvchilar — yer qazir (yer sichqon), koyot (yaylov boʻrisi), Meksika togʻligi oʻrmonlarida qora ayiq, yenot, kizil silovsin, puma, savannalarda bugʻu, chumolixoʻr, jayra, jan. dagi tropik oʻrmonlarda maymunning 2 turi, tapir, yaguar uchraydi. Hayvo-not, oʻsimlik dunyosi va b. noyob joylarni qoʻriqlash maqsadida 50 dan koʻproq bogʻ tashkil etilgan. Eng yiriklari: Kumbreode-Monterrey, Syerrade-San-PedroMartir, Kan-ondelrio Blanko va b.

Aholisining kupi meksikanlar boʻlib, ular indeys kabilalari va elatlari, Yevropa (asosan, Ispaniya)dan kuchib kelganlar va plantatsiyalarda ishlatish uchun keltirilgan afrikaliklardan iborat. Aholining yarmidan ortigʻi aralash nikoxdan tugʻilgan metis va mulatlardir. Tub indeys xalqlari oʻz tillari va madaniyatlarini qisman saqlab qolgan. Ispanlar, basklar, nemislar, fransuzlar, italyanlar va b. ham bor. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning 96% katoliklar. 73% aholi shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Mexiko, Gvadalaxara, Monterrey, Leon, Syudad-Xuares.

Tarixi. Meksika hududida odam yuqori paleolit (miloddan 20—15 ming yil oldin) davridan yashaydi. Bu yerda turli davrlarda Gʻarbiy yarim shardagi eng rivojlangan sivilizatsiyalardan biri mavjud boʻlgan. Mil. av. 1ming yillik oʻrtalaridan aholi oʻtroq hayot kechira boshlagan, dehqonchilik, hunarmandchilik, sanʼat taraqqiy etgan. Milod boshlarida Markaziy Amerikaning shim.-gʻarbiy qismida mayya qabilalari yashagan. 1ming yillikning 2-yarmida Markaziy Meksikada tolteklar xiyla yuksak madaniyat yaratdilar. Lekin bu madaniyatni 2-ming yillikning boshlarida naua qabilalari barbod qildi. Naua qabilalari orasida asteklar ham bor edi, ular hoz. Mexiko sh. ni barpo etdilar va 14-a. da yirik davlat tuzdilar, bu davlat 15-a. da Markaziy va Jan. Meksikaning eng qudratli davlatiga aylandi. Bu yerda dehqonchilik, hunarmandchilik, qurilish texnikasi, tasviriy sanʼat birmuncha rivoj topdi. 1517-y. M. ni ispanlar bosib ola boshladilar. 16-a. oxiriga kelib Meksika xududi butunlay zabtetildi. Yangi Ispaniya vitseqirolligi tuzildi, butun hokimiyat ispan zamindorlari qoʻl ostiga oʻtdi. Mahalliy aholining aksar qismi oʻz yerlaridan mahrum etildi, mustamlaka hokimlari, zamindorlar va katolik cherkoviga tobe boʻlib qoldi. Ocharchilik, kasalliklar koʻplab indeyslarning yostigʻini quritdi (ispanlar zabt eta boshlagan paytda 25 mln. ga yaqin indeys boʻlgan boʻlsa, 1605-y. ga kelganda 1mln. dan sal ortiq indeys qoldi). Ishchi kuchi yetishmay qolgach, Afrikadan koʻplab negr qullar keltirila boshladi. I. ch. sanoatining rivojlanishiga turli yoʻllar bilan toʻsqinlik qilindi, koʻpchilik ekinlarni ekishni taqiqlab, tuz, porox, tamaki mahsulotlari sotish davlat monopoliyasiga aylantirildi. Mahalliy xalq mustamlakachilarga qarshi bosh koʻtarib bir necha bor qoʻzgʻolon qildi. Iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi va ichki bozorning vujudga kelishi, milliy ongning uygʻonishi taʼsirida 19-a. ning boshlarida meksikan millati tarkib topa boshladi.

Amerikadagi ispan mustamlakalarining mustaqillik uchun olib borgan urushi davrida (1810—26), xususan, 1810— 15 y. larda Meksikada Meksika Idalgo va X. M. Morelos rahbarligida dehqonlar qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi, bu qoʻzgʻolon sha-fqatsiz bostirildi. Ispaniyadagi 1820—23 y. lar inqilobi va Jan. Amerikadagi Ispaniya mustamlakalari vatanparvarlarining muvaffaqiyatlari Meksikada xalq ozodlik harakatining yangidan koʻtarilishiga sabab boʻldi. A. Iterbude boshchiligidagi harakat keng xalq ommasi tomonidan koʻllab-quvvatlandi. 1821-y. M. mustaqil davlat, 1824-y. esa respublika deb eʼlon qilindi. 1845-y. AQSH Texasni, 1846—48 y. lardagi Amerika-Meksika urushi natijasida mamlakat hududining qariyb yarmini bosib oddi. Meksikaga qarshi uyushtirilgan Angliya-Fransiya-Yspaniya intervensiyasi meksikan xalqining qahramonona qarshiligiga uchrab, interventlarning magʻlubiyati bilan tugadi. 1877-80 va 1884-1911-y. larda general P. Dias prezident boʻlib turdi; ana shu davrda fuqarolar ozodligi oyoq osti qilindi, kongress oʻz ahamiyatini yoʻqotdi. 20-a. ning boshlaridan inqilobiy yuksalish roʻy bera boshladi. 1910-y. da dehqonlar harakati avj olib ketdi. F. Vilya, E. Sapata dehqonlar harakatining eng yirik rahbarlari edilar. 1910—17 y. larda Meksikada inqilob boʻlib oʻtdi. 1911-y. may oyida Dias rejimi agʻdarib tashlandi. Yangi konstitutsiya qabul qilindi.

1929—33 y. lardagi jahon iktisodiy boʻhroni davrida inqilobiy harakat kuchaydi va milliy inqilobiy partiyaning radikal qanoti vakili L. Kardenas-idelrio prezident qilib saylandi. Uning hukumati (1934—40) mu-him oʻzgarishlar qildi, yer islohoti oʻtkazdi.

2-jahon urushining boshlarida Meksika hukumati betaraf ekanligini bildirdi; lekin 1942-y. may oyida fashistlar blokiga qarshi urush eʼlon qildi. Urushdan keyingi yillarda Meksika iqtisodiyoti yuksala bordi. Biroq qishloqda ahvol oʻzgarmadi. 60-y. lardan boshlab L. Mateos (1958—64) va D. Ordas (1964—70) hukumatlari milliy iqtisodiyotni mustahkamlash yoʻlini tutdi. 1970-y. da hokimiyat tepasiga kelganL. Echeverria hukumati ahvolni yaxshilash uchun yer islohoti toʻgʻrisida qonun (1971), yangi saylov qonuni (1972), mahalliy kapital qoʻyilishini ragʻbatlantirish va chet el kapitalini tartibga solish toʻgʻrisida qonun (1973) qabul qildi, davlat xizmatchilari uchun haftasiga 5 ish kuni joriy qildi. Meksikaning Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, Yaponiya va Lotin Amerikasidagi bir qancha mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari kengaytirildi.

1976-y. da saylangan prezident L. Portilyo va ayniqsa, 1994-y. da saylangan E. Sedilyo hukumatlari sanoat va q. x. ni rivojlantirish, iqtisodiy islohotlar oʻtkazishga urindi. Ammo mamlakatning tashqi qarzi oshdi, i. ch. quvvatlaridan foydalanish pasaydi, ekinzorlar qisqardi. 2000-y. «Oʻng markazchi alyans» blokidan Visente Foks Kesadaning prezident lavozimiga saylanishi 1929-y. dan buyon mamlakatni idora qilib kelayotgan Institutsioninqilobiy partiyaning hukmronligiga chek qoʻydi. Keyingi yillarda xoʻjalik boshqaruvini maxalliylashtirish, davlatga qarashli norentabel korxonalarni qisqartirish, iqtisodiyotning «ochikligi» va tadbirkorlik fa-oliyatini kuchaytirish, oʻzaro manfa-atli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish siyosati oʻtkazila boshladi. Meksika 1991-y. 26 dek. da OʻzR mustaqilligini tan olgan va 1992-y. 16-martda u bilan diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Meksika 1945-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 16 sent. — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1810).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Institutsion-inqilobiy partiya, 1929-y. da tuzilgan (1938-y. gacha Milliyinqilobiy partiya, 1946-y. gacha Meksika inqilobiy partiyasi deb atalgan, 1946-y. dan hoz nomda); Kardenista milliy yangilanish fronti partiyasi, 1972-y. da asos solingan; M. koʻkatparvar ekologiya partiyasi, 1987-y. da tuzilgan; Demokratik inqilob partiyasi, 1989-y. da tashkil etilgan; Milliy harakat partiyasi, 1939-y. da tuzilgan. Kasaba uyushmalari: Mehnat kongressi, 1966-y. da tuzilgan; M. mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1936-y. da asos solingan; M. ishchilari mintaqa konfederatsiyasi, 1918-y. da tashkil etilgan; Ishchi va dehqonlarning inqilobiy konfederatsiyasi, 1952-y. da tuzilgan; M. ishchi va dehqonlarining Xasinto Lopes nomidagi umumiy ittifoqi, 1949-y. da asos solingan; Mehnatkashlarning inqilobiy konfederatsiyasi, 1954-y. tashkil etilgan; Davlat xizmatchilari kasaba uyushmalari federatsiyasi 1938-y. tuzilgan.

Xoʻjaligi. Meksika — industrial-agrar mamlakat. Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24,5%, qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikning ulushi 9%. M. paxta, shakarqamish, kofe yetishtirishda, neft, gaz, kumush, rux, qoʻrgʻoshin, oltingugurt, simob qazib olishda dunyoda oddingi oʻrinlarda turadi.

Sanoatida iqtisodiy faol aholining 15,3% band. Muhim tarmoqlari: konchilik, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, metallurgiya, qurilish, toʻqimachilik, oziq-ovqat, mashinasozlik sanoati. Neftgaz sanoati va ularni qayta ishlash korxonalari Meksika qoʻltigʻi sohilida, konchilik va metallurgiya sanoati Meksika togʻligi shim. da, i. ch. sanoati korxonalari yirik shaharlarda joylashgan. Kumir sanoati muhim oʻrin oladi. Verakrus, Tampiko, Minatitlan, Mexiko va Salamanka sh. lari neft kimyosining, Monterrey, Monklova, Mexiko atroflari qora metallurgiya, Mexiko, Verakrus, Kananea, Chiuaua, Torreon sh. lari rangli metallurgiya, Mexiko, Toluka, Pu-ebla mashinasozlik va metall ishlash sanoatining asosiy markazlaridir. Bundan tashqari, dizellar, t. y. vagonlari, avtomobillar, toʻqimachilik mashina-uskunalari, elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlari (shu jumladan, televizorlar), stanoklar, kemalar ishlab chikaradi. Energetika, qurilish ashyolari, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn-poyabzal, oziq-ovqat sanoati ham rivojlangan. Hunarmandchilik buyumlari i. ch. ga alohida ahamiyat beriladi. Yiliga 89,5 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (asosan, issiqlik elektr st-yalarida).

Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy faol aholining 27,8% band, Q. x. aholining ehtiyojini asosan taʼminlaydi va mahsulotining bir qismini eksport qiladi. Yerlarning ʻ/4 qismiga ekin ekiladi, 3/4 qismi yaylov. Ekin maydonining 5,15 mln. ga sunʼiy sugʻoriladi. Yerlarning koʻp qismi q. x. jamoalari — exidoga qarashli. Asosiy tarmoq — dehqonchilik. Eksport uchun paxta, kofe, ichki ehtiyoj uchun shakarqamish, makkajoʻxori, oq joʻxori, bugʻdoy, sholi, loviya, kartoshka, soya ekiladi. Pomidor, yer yongʻoq, ertagi sabzavot, sitrus mevalar, ananas va b. bir qancha tropik va subtropik ekinlar eksport ahamiyatiga ega. Koʻp mikdorda yogʻoch tayyorlanadi. Chorvachiligida koramol, ot, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Dengizlarda baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi.

T. y. uz. — 26,4 ming km, avtomobil yoʻllari uz. — 242,3 ming km. 11 ming km neft va gaz quvuri bor. Barcha shtat va shaharlari aviatsiya havo yoʻllari orqali tutashtirilgan. Mexiko, Verakrus, Merida, Monterreyda katta aero-portlar bor. Asosiy dengiz portlari: Verakrus, Mexiko, Tampiko, Koatsa-koalkos, Salina-Krus.

Meksika chetga tayyor va chala tayyor buyumlar, shuningdek, neft va neft mahsuolotlari, paxta, kofe, dengiz, konchilik sanoati va rangli metallurgiya mahsulotlari chiqaradi. Chetdan chala tayyor buyumlar, mashina va asbob-uskunalar, isteʼmol mollari sotib oladi. Savdo-sotikdagi asosiy mijozlari: AQSH, Kanada, Yaponiya, Lotin Amerikasi va Yevropa mamlakatlari. Chet el turizmi rivojlangan. Pul birligi — M. pesosi.

Tibbiy xizmati. Meksikada, asosan, davlat tibbiy xizmat tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Vrachlar un-tlar huzuridagi 4 ta tibbiyot f-tida tayyorlanadi. Akapulko, Kuernavaka, Orisaba, Verakrus kabi kurortlari bor.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati — 6 y., oʻrta maktabda 5 va 6 y. 6—15 yoshdagi bolalar uchun boshlangʻich taʼlim — bepul. Davlat maktablaridan tashqari, koʻpgina xususiy maktablar ham bor. Mamlakatda 189 ta oliy oʻquv yurti, shu jumladan, 60 ta un-t mavjud. Eng yiriklari,: Mexikodagi Meksika milliy muxtor unti (1551), Milliy politexnika in-ti (1936), Gvadalaxara, Moreliya, Puebladagi un-tlar. Ilmiy muassasalari: M. tillar akademiyasi, Meksika tarix akademiyasi (1940), Milliy tabiiy fanlar akademiyasi (1884), Milliy tarix va geogr. akademiyasi (1925), M. milliy tibbiyot akademiyasi (1864), yadroviy, tibbiybiol. tadqiqot markazlari, Panamerika kimyo in-ti, Milliy matematika maktabi. 30 dan ortiq boshqa i. t. muassasalari va 60 dan ziyod ilmiy jamiyat va uyushmalar mavjud. Mamlakatning eng katta kutubxonasi — Mexikodagi Milliy kutubxona (1833), boshqa shahar va un-tlarda ham yirik kutubxonalar bor. Muzeylari: Zamonaviy sanʼat muzeyi (1964), Milliy antropologiya muzeyi (1825), Milliy tarix muzeyi (1825), Sankarlos rangtasvir va haykaltaroshlik galereyasi (1785) va b.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Meksikada 2 mingdan koʻproq davriy nashr, shu jumladan, 227 ta kundalik gaz. chiqadi. Eng nufuzlilari: «Dia» («Kun», 1962-y. dan), «In-formador» («Xabarchi», 1917-y. dan), «Universal» (1916-y. dan), «Uno maye uno» («Bir plyus bir», 1977-y. dan), «Ekselsior» (1917-y. dan), «Eraldo de Mexiko» («Meksika xabarnomasi», 1965-y. dan); Informasyones Mexikanas — Informeks Milliy axborot agentligi aksiyadorlik jamiyati boʻlib, 1960-y. da tuzilgan. Notisias Mexikanas — Notimeks xukumat axborot agentligi boʻlib, 1968-y. da tashkil etilgan. Meksikada mingdan koʻproq radio va 700 dan ortiq telest-ya bor. Meksikaning yetakchi «Televisa» telekoʻrsatuv tijorat konsorsiumi 1973-y. tuzilgan. Milliy radio va televideniye sanoati palatasi 1942-y. tashkil etilgan.

Adabiyoti 16-a. ga kadar tub joy indeys qabilalari tillarida, ispanlar bosib olganidan keyin ispan tilida rivojlandi. Mustamlakachilikdan avvalgi davrda mayya (3—9-a. lar) va asteklar (14—16-a. lar) adabiyoti gʻoyat ravnaqtogshi. Mustamlakachilik davridagi adabiyot yevropacha anʼanalar yoʻlidan bordi. Xalq ogʻzaki ijodiyoti ham uzluksiz rivojlanib adabiyotga kuchli taʼsir etib turdi.

Ispan gumanist maʼrifatparvari B. de Las Kasas adabiyotning rivojida katta rol oʻynadi. Ispan tilida ilk bor E. Kartesning «Ispan qirollariga mak-tublar», B. Dias del Kastilyoning «Yangi Ispaniya istilochilarining asl tarixi» asarlari vujudga keldi. B. de Valbuenaning «Meksikaning latofati» dostoni (1604) Meksika mavzuidagi birinchi asar boʻldi. 17-a. adabiyotida sheʼriyat asosiy oʻrinni egalladi. 18-a. da R. Landivarning «Meksika qishlogʻi» (1781), F. Klavixeroning «Meksikaning qadimgi tarixi» (1780—81) dostonlari maydonga keldi. Mustaqillik uchun kurash yillarida (1810—24) A. Kintan Rooning inqilobiy sheʼrlari shuhrat qozondi (milliy madhiya —«Oʻn oltinchi sentyabr» va b.). X. X. Fernandes de Lisardaning «Perikilyo Sarniyento» romanida mustamlakachilik tuzumi qattiq tanqid qilindi.

Mustaqil Meksika adabiyotida paydo boʻlgan birinchi badiiy yoʻnalish romantizm edi. M. Akunya, G. Priyetoning sheʼrlari va M. Payno («Shaytonning nayranglari»), L. Inklan («Astusia…»)ning Meksika milliy mustaqilligini haqqoniy va badiiy tasvirlagan tari-xiy romanlari romantizm ruhida yozildi. 19-a. da Meksika sheʼriyatida modernizm paydo boʻldi (M. X. Oton, S. Dias Miron, A. Nervo va b.) 19-a. oxirida, P. Dias diktaturam davrida nasriy realistik tamoyil vujudga keldi. R. Delgado, X. Lopes Portilyo-i-Roxas romanlarida mamlakat ijtimoiysiyosiy hayotining qaramaqarshiligi va illatlari fosh etildi. 1910—17 y. lardagi burjuademokratik inqilob Meksikada tarakdiypar-var adabiyotning rivojlanishiga sabab boʻldi. M. Asuelaning «Pastdagilar» (1916) romanida kurashayotgan xalqsiymosi va ommaviy harakatlar aks ettirilgan. M. L. Gusman («Burgut bilan ilon», 1928), G. Lopes-i-Fuentes («Harbiy lager», 1931; «Mening generalim», 1934) va b. yozuvchilarning asarlari ham shu ruxda yozildi.

20-a. ning yirik shoirlari (R. Lopes Velarde, E. Gonsales Martines, K. Peliser)ning asarlarida xalqning maʼnaviy hayoti va milliy turmushi yorqin aks ettirilgan. Meksika nasri 50-y. larning oʻrtalaridan yana yuksala boshladi. Romannavislar milliy voqelikni badiiy tadqiq qilishni chuqurlashtira borib, umumbashariy muammolarni koʻtarib chiqdi. A. Yanyesning «Jala oldidan», X. Rulfoning «Pedro Paramo», Nobel mukofoti sovrindori K. Fuentesning «Oʻta tiniq soha», «Artemio Krusning oʻlimi», Rosario Kastelyanosning «Zulmatdagi ibodat» romanlari ana shunday asarlardir. Keyingi yillar adiblari hoz. zamon milliy voqeligini oʻrganib, azaliy insoniy muammolarni yangi sharoitda hal etishga intilmoqda.

Meʼmorligi. Qad. davrda (16-a. gacha) Meksika hududida indeyslar madaniyatining qator sohalari ravnaq topgan. Mil. av. 1ming yillikda meʼmorlik ayniqsa yuksaldi. Meksika markaziy viloyatlarida, jan. da va Yukatan ya. o. da shaharlar bar-po etildi. Olmeklar mahobatli insho-otlar, qad. madaniyatga ega boʻlgan mayya xalqi zinapoyali ehrom (piramida) shaklidagi ulkan ibodatxonalar (Choluladagi exrom asosining bir tomoni 440 m) va rangbarang naqshlar bilan bezatilgan gumbazli binolar qurishgan.

Mustamlaka davri (16—19-a, boshlari)da Meksikada shaxarsozlik rivojlandi. Binolar ispancha uslubda qurildi, shu b-n birga, meʼmorlikda mahalliy anʼana ham oʻz aksini toddi. 17-a. dan boshlab barokko uslubi paydo boʻldi (Moreliyadagi sobor, 1640—1705; Me-xikodagi Milliy saroy, 1692—99; La Profesa cherkovi, 1714—20; Sagrario Metropolitano cherkovi, 1749—68; Gvadalaxaradagi Santa-Monika cherkovi, 1720—33; Tlaskala yaqinidagi Santa-Mariya de Okotlan cherkovi, 1745 — 60 va h. k.).

19-a. da ispan, italyan va fransuz ustalari yetakchi rol oʻynadi. 19-a. ning 2-yarmi — 20-a. boshlarida Mexikoda yirik binolar qurildi, yangi magistrallar ochildi. Binolar beton, temir, temirbetondan qurila boshladi. 1949 — 54 y. larda Mexikoda K. Laso rahbarligida qurilgan Un-t shaharchasi 20-a. oʻrtalaridagi Meksika meʼmorligining eng yaxshi xususiyatlarini aks ettirgan; goʻzal joyda qurilgan bu shaharcha oʻquv, sport va turar joy binolaridan iborat boʻlib, meʼmorlik bilan mahobatlidekorativ sanʼat mahsulidir. 50—80-y. larda Meksikada zilzilaga chidamli koʻp qavatli turar joy va jamoat binolari qad koʻtardi. Mexikoda bir qancha turar joy dahalari va yoʻldosh-shaharlar paydo boʻldi. Astek stadioni, Sport saroyi qurildi.

Tasviriy sanʼati juda qad. boʻlib, mil. av. 2-ming y. likdan boshlab rivojlangan. Bu davrga mansub tosh va terrakotadan yasalgan haykalchalar, shakldor idishlar saqlanib qolgan. Mil. av. 1ming y. liqda Meksika qoʻltigʻi boʻyida yashovchi olmeklar hoz. Verakrus va Tavasko shtatlarida qabariq tosh yod-gorliklar, ibodatxonalar kurganlar, tosh tobutlar, odam va hayvon qiyofasidagi iloxlar yasaganlar. Mil. 1ming y. likda totonaklar, sapoteklar, may-yalar goʻzal amaliy va tasviriy sanʼat namunalarini yaratdilar. 10—16-a,lar sanʼatida harbiy manzaralar, dahshatli siymolar, murakkab bezaklar ustunlik qila boshladi.

Mustamlaka davrida cherkovlarning sirti va ichi xilma-xil oʻymakorlik uslubida bezatildi, ayniqsa, 18-a. da ultrabarokko (hashamdorlik) rivoj topdi, yogʻoch oʻymakorligi usulida rangbarang haykallar yasash, diniy mavzudagi rangtasvir va odamlar qiyofasini chizish (B. de Echave, M. Kabrera), keyinchalik akademik haykaltaroshlik (M. Tolsa) urf boʻldi.

19-a,da Meksika tasviriy sanʼatida Yevropa badiiy madaniyati oʻziga yoʻl ocha boshladi. Shu bilan birga, tasviriy sanʼ-atda milliy mavzuga qiziqish boshlandi. 19a. oxiri — 20-a. boshlarida Meksika

tasviriy sanʼatiga Yevropadagi yangi badiiy oqimlar («modern», impressionizm) taʼsir eta boshladi. Bir qancha sanʼatkorlar (X. Murilyo, S. Erran) Meksika sanʼatini tiklash, zamonaviy milliy uslub yaratish gʻoyasini olgʻa surdilar. X. G. Posada esa xalq badiiy anʼanalari bilan bogʻliq inqilobiydemokratik satirik grafikaga asos soldi. 50—60-y. larda mahobatli tasviriy sanʼatda yangi meʼmorlik binolari bilan bogʻliq asarlar (bezakli mozaika, boʻrtiq mozaika, naqshlar) asosiy oʻrin tuta boshladi. Meksikada tasviriy sanʼat va grafikaga Karaganda zamonaviy haykaltaroshlik kamroq taraqqiy etdi. Meksika xalq sanʼatida indeys va ispan sanʼati anʼanalari qoʻshilib ketgan.

Musiqasi. Meksika musiqasi qadimdan oʻziga xos va boy. Mahalliy aholi, jumladan, qad. asteklar turmushida (mas, diniy va ibodat marosimlarida, ish paytlarida) musika katta rol oʻynagan. Bir qancha shaharlarda maxsus musika maktablari boʻlgan. Birmuncha sof «indeys musiqasi» ayrim chekka joylardagi tub aholi oʻrtasida hanuz saqlanib qolgan. Hoz. Meksika hududining katta qismida ispan va kreol musiqa madaniyati taʼsirida indeys musiqasi ham uchrab turadi. Qad. cholgʻu asboblari — gitara hamda unga oʻxshash gitarron va xaranita, skripka, arfa, truba koʻpdan mashhur.

Professional musiqa 16-a. dan rivojlana boshladi, 19-a. boshlaridan poytaxt va yirik shaharlarda italyan kompozitorlarining operalari qoʻyildi. 1825-y. Mexikoda birinchi musiqa akademiyasi, 1826-y. simfonik orkestr paydo boʻldi. 1866-y. konservatoriya ochildi. 19-a. ning oʻrtalaridan opera janrida ishlaydigan milliy kompozitorlar paydo boʻla boshladi. S. Revu-eltas va Ch. Chaves (20-a. ning 1-yarmi) milliy kompozitorlar maktabining asoschilaridir. Kompozitorlar L. Sandi, D. Ayala, B. Galindo, R. Alfter, dirijyor L. Errera de la Fuente, skripkami G. Shering, pianinochilar K. Baraxas va M. T. Kastrilyon, gitarachi A. Bribyeska, ashulachilar X. Araya, E. Kasanovas yetakchi musiqa arboblaridir. Mexikoda Milliy simfonik orkestr, Un-t simfonik orkestri, Milliy opera, un-t huzurida oliy musiqa maktabi ishlaydi. Bir qancha shtatlarda simfonik orkestrlar bor. Xalq musiqasini ijro etadigan koʻplab vokal-instrumental ansambllar katta muvaffaqiyat qozongan.

Meksikada balet sanʼati ayniqsa rivoj topgan. Meksika xoreografiya sanʼati raqs folklori va indeyslarning qad. raqslari bilan ispan raqqoslarining anʼanalari zaminida paydo boʻlgan. Hoz. sahna raqsi 30-y. larda amerikacha «modern» raqsi taʼsirida tarkib topa boshlagan. Folklor bilan «modern» raqsining qoʻshilishidan oʻziga xos milliy raqs shakllari paydo boʻldi. 1966-y. dan Mexikoda har yili xalqaro raqs tanlovlari oʻtkaziladi. 1947-y. dan Milliy balet, 70-y. lardan Meksika raqsi akademiyasining zamonaviy balet jamoasi, mustaqil balet truppasi va b. ishlab turibdi. Meksika folklor baleti chet ellarda ham juda mashhur.

Teatri. Meksika teatr sanʼati qad. indeyslarning diniy marosimlari asosida vujudga kelgan. Afsonalar asosida diniy, dunyoviy va hajviy tomoshalar koʻrsatilgan. Meksika 16-a. da yevropaliklar tomonidan istilo qilinganidan keyin xalq sanʼati quvgʻinga uchradi. Ammo cherkovning qarshiligiga qaramay, 1597-y. dan Mexikoda «Komediya uyi» teatri ishlay boshladi, 1670-y. birinchi doimiy «Koliseo» xalq teatri ishga tushdi, Gvadalaxara (1758), Verakrus (1787) sh. larida ham doimiy teatrlar ochildi. 1923-y. Dramaturglar uyushmasi milliy teatr madaniyatini yaratishda faol ishtirok etdi. 1946-y. Mexikoda Milliy nafis sanʼat in-ti, uning huzurida esa aktyorlar va rej. lar tay-yorlaydigan maktab ochildi. Eng mashhur teatrlari: «Ximenes Rueda», «Idalgo», «Xoda», «Reforma», «Insurxentes», Bolalar teatri, «Ginyol» qoʻgʻir-choq teatri va b.

Kinosi. 19-a. oxiridan kinoxronika paydo boʻldi, 1905-y. birinchi badiiy film koʻyildi. 1910-y. da Meksika mustaqillik kurashi haqidagi «Alam hayqirigʻi» filmi, qisqa metrajli komediya va melodramalar chiqarildi. 30-y. lardan ovozli kino rivojlana boshladi. S. M. Eyzenshteyn boshchiligida 1931— 32 y. larda Meksika haqidagi film yaratilishi Meksika kino arboblari hayotida katta voqea boʻldi. 20-a. 30—40-y. larida yaratilgan filmlarda Meksika dagi ijtimoiy nizolar, xalq hayoti aks ettirildi. «Mariya Kandelyariya» (1944), «Durdona» (1947), «Rio Eskondido» (1948), «Qishloqi qiz» (1949) kabi badiiy jihatdan yuksak kinofilmlar butun dunyoga ma-shhur boʻldi. Meksika kino sanʼatining key-ingi eng yaxshi asarlari: «Gʻisht teruvchilar» (rej. X. Fone), «Janubdagi uy» (rej. S. Olxovich), «Pastkash odamlar» (rej. X. Estrada),ʻ «Xuan Peres Xolote» (rej. A. Burns), «100-meridian» (rej. A. Xoskovich). Meksikada yiliga 70 dan ortiq badiiy film ishlanadi, 2000 kinoteatr bor, Oʻzbekiston — M. muiosabatlari. Garchi Oʻzbekiston bilan Meksika oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida hukumatlararo bitim tuzilmagan boʻlsa ham, oʻzaro savdo-sotiq aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. OʻzR bilan Meksika oʻrtasidagi tovar aylanmasi 1998-y. da 1855,9 ming AQSH dollarini tashkil etdi. «Savdoiqtisodiy hamkorlik» va «Investitsiyalarni ragʻbatlantirish hamda oʻzaro himoya qilish» toʻgʻrisida shartnomalar tuzish masalasi koʻrib chiqilayotir.


Lotin alifbosida maqola: MEKSIKA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: M harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
TOSHKENT
ROSSIYA
XITOY
FRANSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты