METEOROLOGIYA

METEOROLOGIYA (yun. meteora — atmosfera va osmon hodisalari va …logiya) – — Yer atmosferasi va unda sodir boʻladigan fizik jarayonlarni oʻrganadigan fan. M. ning asosiy boʻlimi — atmosfera fizikasi. Atmosferadagi kimyoviy jarayonlarni kimyo atmosferasi, atmosfera omillarining biologik jarayonlarga taʼsirini biometeorologiya oʻrganadi. Atmosfera Yer sirti bilan doimo oʻzaro taʼsirda boʻlgani uchun Meteorologiya, shuningdek, suv havzalarining ustki qatlami va tuproqning issiklik rejimi, havoning tuproq yoki suv bilan issiklik almashuvi, bugʻlanish va b. ni oʻrganadi. Atmosfera uchun birdanbir energiya manbai boʻlgan Quyosh nuri oqimi masalalari bilan ham shugʻullanadi. Atmosfera hodisalarini oʻrganishda Meteorologiyada fizikaning turli sohalarida, jumladan, gidromexanika, termodinamika va b. da qoʻllaniladigan umumiy qrnunlardan foydalaniladi. Ayni paytda atmosfera jarayonlari sodir boʻlayotgan geografik holat inobatga olinadi. Shu sababli, Meteorologiya geofizika fani majmuiga kiradi. Meteorologiyaning kattagina boʻlimi iqlim masalalariga bagʻishlangan boʻlib, alohida fan sifatida iqlimshunoslik nomini olgan. Atmosferaning yuqori qatlamlari fizikasi va kimyosi bilan aeronomiya boʻlimi shugʻullanadi. Meteorologiyaning bir qancha mustaqil tarmoqlari mavjud boʻlib, bularga — aktinometriya, dinamik meteorologiya, sinoptik meteorologiya, atmosfera optikasi, atmosfera elek-tri, aerologiya va b. kiradi. Shuningdek, Meteorologiya amaliy va nazariy Meteorologiyaga boʻlinadi. Bundan tashqari, biror sohaga xizmat qiladigan tarmoq Meteorologiyasi mavjud. Bularga aviatsiya, q. h., tibbiyot, kosmik, yadro, dengiz meteorologiyasi va b. kiradi va, koʻpincha, ular umumlashtirilib tatbiqiy (amaliy) Meteorologiya nomi b-n yuritiladi.

Meteorologiya insonning amaliy faoliyati natijasida vujudga kelgan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning oʻsishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning oʻzgarishi va tabiiy fanlarning ravnaq topishi bilan bogʻliq holda rivojlandi. Meteorologiya sohasidagi dastlabki tadqiqotlar antik davrga oiddir. Qad. madaniyatga ega boʻlgan mamlakatlar (Xitoy, Hindiston, Misr va b.) da meteorologik kuzatishlar juda koʻp yillar ilgari olib borilgan. Zamonaviy ilmiy Meteorologiya asosi faqat 17-a. ga tegishli deyish mumkin. 17-a. ning 1-yarmida G. Galiley va E. Torrichelli barometr va termometrii ixtiro qilganlaridan keyin Meteorologiya tez rivojlana boshladi. 17— 18-a. larda Meteorologiya mustaqil fan sifatida tarkib topdi. 17-a. ning oxiri va 18-a. ning 1-yarmida atmosfera hodisalarini nazariy tu-shuntirishda va miqdoriy qonuniyatlarini aniqlashda baʼzi tajribalar, jumladan, E. Galley (1735) ning passat va mussonlar nazariyasi, birinchi barometrik formulasini, P. Buger (1729)ning atmosferada radiatsiyaning kuchsizlanish krnuni va b. ni aniqlashda baʼzi tajribalar oʻtkazildi. 18-a. ning oʻrtalarida rus olimlari Meteorologiya Lomonosov va G. V. Rixman, amerikalik olim V. Franklin tomonidan atmosfera elektri boʻyicha tajribalar oʻtkazildi. 19-a. ning boshlarida A. Gumboldt Yerning birinchi iqlim xaritasini tuzdi. Jahonda dastlabki Bosh fizika (hozirda geofizik) rasadxonasi 1849-y. da Peterburgda tashkil etildi. 19-a. ning oʻrtalarida Antarktidadan boshqa barcha qitʼalarda meteorologik st-ya davlat tarmogi tashkil etilib boʻlgan edi. Bu davrda mu-him meteorologik asboblar, t-ra oʻlchovidan namlikni aniqlaydigan Avgust psixrometri (1825), kosali barometr, aneroid (1847), termograf, aktinometr yaratildi. U paytlarda Meteorologiya fizika fani sifatida rivojlandi, lekin tadqiqotlar kuzatish materiallarini statistik tahlil yoʻnalishi boʻyicha olib borildi.

Meteorologiyaning yangi davri sinoptik usullarning taraqqiyoti bilan boshlanadi. Obhavo xizmati tuzildi. 19-a. ning 50-y. larida ingliz gidrografi va meteorologi R. Fisroy va fransuz olimi U. Leveryelar elektrik telegrafdan foydalanib, obhavoni prognoz qilish maqsadida amaliyotda kundalik obhavo xaritasini tuzishni tatbiq etdilar. Sinoptik Meteorologiya b-n bir vaqtda dinamik Meteorologiya ham rivojlana bordi. Meteorologiya rivojlanishida 20-a. ning 30-y. larida atmosferaning yuqori qatlamlarini oʻrganishda radiozondlarning uchirilishi muhim oʻrin tutadi. Bu davrda obhavoni oʻrganishda aviatsiya xizmatiga talab orta boshladi. Meteorologik kuzatish tarmoqlari va xizmati okeanlarga, tropik mintaqa, Arktika va Antarktikada keng yoyila boshladi. Obhavo xaritalarini va b. materiallarni faksimil uzatishda telealoqadan foydalanish kengaydi; avtomatik meteorologik st-yalar paydo boʻldi; meteorologiya maqsadida radiolokatsiya, raketa snaryadlari va b. tatbiq etila boshlandi. Obhavo hodisalariga faol taʼsir etish ishlari ham rivojlandi.

M. Oʻzbekistonda 1921-y. da Toshkentda Turkiston meteorologiya in-ti (Turkmet) tashkil etilgandan keyin rivojlana boshladi. Shu yilning kuzida Turkmetda sinoptika boʻlimi tashkil etilib, obhavo maʼlumotlariga ega boʻlgan byulletenning 1nashrini chiqara boshladi va Turkiston hududi boʻyicha sifatli kundalik prognoz tay-yorlashga kirishdi. 1925-y. dan bu in-t Oʻrta Osiyo meteorologiya in-ti (Sredazmet) deb atala boshlandi. 1927-y. noyabr oyidan oʻzining bosmaxonasida oylik obhavo meteorologiya byulletenini muntazam ravishda nashr eta boshladi.

Xalq xoʻjaligining rivojlanishi meteorologik taʼminotni q. x., chorvachilik, irrigatsiya, aviatsiya va uning boshqa tarmoqlari uchun kengaytirish talabini qoʻydi. Yangi talablarga muvofiq, Gidrometxizmatni qayta tashkil etish va yangi boʻlimlar bunyod etish amalga oshirildi, ular bajaradigan ish doiralari kengaytirildi va tadqiqot ishlari kuchaytirildi. Oʻzbekistonlik olimlar va amaliyotchilar faqatgina shu xudud gidrometeorologiyasini batafsil oʻrganibgina qolmay, balki Meteorologiya fani sohasida umumjahon bilimga katta hissa qoʻshdilar.

Meteorologiyaning hoz. bosqichida fizika va texnikaning yangi yutuklari — radiolokatsiya usullari, meteorologik yoʻldoshlar, elektron hisoblash mashinalari va b. keng koʻllanilmoqda. Meteorologiya sohasida ilmiy va amaliy ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorologik Bosh boshqarmasida, OʻzMUning fizika va geogr. fakultetlari va b. da olib borilmoqda.

Ad.: Tverskoy P. N., Kurs meteorologii (fizika atmosferы), L., 1962; Xromov S. P., Meteorologiya i klimatologiya dlya geograficheskix fakultetov, L., 1964; Xromov S. P., Mamontova L. I., Meteorologicheskiy slovar, L., 1974; Zverev A. S., Sinopticheskaya meteorologiya, L., 1977.

Tohir Muxtorov.


Lotin alifbosida maqola: METEOROLOGIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: M harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
FIZIKA
GEOGRAFIYA
KIMYO
OKEAN


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты