NAVOIY VILOYATI — OʻzR tarkibidagi viloyat. 1982-y. 20 apr. da Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan. 1988-y. da maʼmuriy birlik sifatida tugatilib, 1992-y. boshida qayta tiklandi. Shim. va shim.-sharkdan Qozogʻiston, jan.sharqdan Jizzax, Samarqand, jan. dan Qashkadaryo, jan.-gʻarbdan Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Mayd. 111,0 ming km2. Aholisi 802,3 ming kishiga yaqin (2003). Navoiy viloyati tarkibida 8 qishlok tumani (Konimex, Navbahor, Navoiy, Nurota, Tomdi, Uchquduk, Xatirchi, Qiziltepa, 5 shahar (Zarafshon, Qiziltepa, Navoiy, Nurota, Uchquduq), 8 shaharcha (Konimex, Langar, Malikrabot, Muruntov, Tinchlik, Shalqar, Yangirabot, Gʻozgʻon) va 53 qishlok fukarolari yigʻini bor (2003). Markazi — Navoiy sh. Tabiati. Navoiy viloyatining hududi tabiiy sharoitiga koʻra, 3 qismga boʻlinadi: viloyatning shim.-gʻarbiy qismini Qizilqum choʻli egallagan — bu yerda berk botiqlar (Karaqota, Moʻlali, Mingbulok), eol qumli tekisliklar va qoldik togʻlar (Ovminzatogʻ, Yetimtogʻ, Boʻkantov, Tomditov va h. k.) bor; jan.sharqiy qismini Nurota togʻ tizmalarining gʻarbiy qismi past va oʻrtacha balandliklardagi togʻlar (Qoratogʻ, Oktogʻ va b.) hamda togʻlararo botiqlar (Nurota botigʻi va b.) egallagan; Zarafshon daryosi vohasining oʻrta qismida viloyatning paxtachilik zonasi oʻrnashgan. Navoiy viloyati dagi togʻlar, asosan, silur, devon, toshkoʻmir, bur, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davrdagi kompleks tabiiy omillar taʼsirida oʻzgargan. Muruntovda oltin, Ovminzatogʻ shim. da grafit topilgan. Viloyatda volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement, ohaktoshning zaxiralari mavjud. Navoiy viloyatida mineral shifobaxsh, shoʻr va yer osti chuqur suv zaxiralari aniqlangan. Chunonchi, Tomdibulok, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda keng foydalanilmoqda. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli zilzila zonasiga kiradi. Qizilkum choʻli tufayli iqlimi keskin kontinental choʻl iqlimi: yozi uzoq, quruq. issik, iyulda oʻrtacha t-ra 27,2—29,6°, kumda oftobda t-ra 60—70° gacha koʻtariladi. Yanv. da oʻrtacha t-ra — 1,9° dan —0,6° gacha. Choʻl va yaylovlarda, vohalarda iqlim oʻrtacha. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Yillik yogʻin 125— 282 mm. Vegetatsiya davri 177—212 kun. N. v. ning asosiy suv manbai — Zarafshon daryosi. Zarafshondan Konimex kanali chikarilgan. Navoiy viloyatini suv bilan taʼminlashda Quyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlari, Konimex kanalining ahamiyati katta. Viloyatning shim. va gʻarbiy katta qismi koʻchma qum barxanlari, unda-bunda uchraydigan gilli choʻllardan iborat. Astragal, shuvok, shoʻra, isirik, qamish, zarpechak, saksovul, yulgʻun, va b. choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Choʻl tuproqlarida chirindi kam, ohak, gips, eruvchi tuzlar koʻp. Choʻl oʻsimliklari, ayniqsa, shoʻra, shuvoq kabilar qorakoʻl qoʻylari va b. mollar uchun ozuqa boʻladi. Bukantovda va Mingbuloq botigʻida qobon, boʻri, chiyaboʻri, tulki, uzun dumli mushuk, choʻl mushugi, boshqa yerlarda malla yumronqoziq, kalamush, sichqon, sugʻur, sassiqkoʻzan, jayron, kaltakesak, turli xil ilonlar, toshbaqa, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar, qargʻa, hakka, musicha, chumchuq uchraydi.
Qizilqum choʻlida pastak koʻhna togʻlar, Mingbuloq botigʻi, shuningdek, Qaraqota havzasi, shoʻrxok tekisliklar va pastliklar, qator qum tepalari alohida manzara kashf etgan. Yaylovlarda chorva boqiladi. Saksovul, qandim, cherkez, singren, oqpechak, selin, efemer va shoʻralar chorva mollari uchun ozuqa.
Aholisining koʻpchiligini oʻzbeklar (63,3%) tashkil etadi. Shuningdek, rus (13,5%), qozoq (11,5%), tatar (2,6%), ukrain (1,4%), qoraqalpoq (1,4%), tojik (1,3%), ozarbayjon (0,9%), belorus (0,2%) va b. millat vakillari yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 7 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar — 319,7 ming kishiga yaqin, qishloq aholisi — 482,6 ming kishidan ziyod (2003).
Xoʻjaligi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari energetika, konchilik (oltin va b. metallar qazib olish), metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalaridan iborat. Yirik korxonalari: Navoiy kon-metallurgiya k-ti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, «Navoiyazot» i. ch. birlashmasi, «Qizilqumsement», «Elektrkimyo», «Nurotamarmar» korxonalari, mahalliy sanoat konserni. Toʻkma kon chiqindilaridan oltin ajratib oluvchi «Zarafshon-Nyumont» oʻzbek-amerika qoʻshma korxonasi samarali faoliyat koʻrsatyapti. Ulardan tashqari «Agama», «Zerispark», «Bentonit» va b. qoʻshma korxonalar ishlab turibdi. Jami 20 dan ortiq qoʻshma korxona bor. 730 ga yaqin kichik korxona, 30 shirkat korxonasi, 10 mingdan ziyod kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Kichik korxonalardan «Ittifoq», «Navoiy» (qurilish materiallari ishlab chiqaradi), «Edem» korxonalarining hissasi salmoqlidir.
Eksport qilinadigan mahsulotlarning aksari qismini paxta tolasi, ammiak selitrasi, kimyoviy tola, sulfat ammoniy, ortoaminofenol tashkil qiladi. Chetdan xalq isteʼmoli mollari, kalsiy karbid, kaustik soda, tiomochevina, tikuv uskunalari, tibbiy texnika, yuk va yengil avtomobillar, avtobuslar va ularga ehtiyot qismlar, xoʻjalik uskunalari keltiriladi.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoklari — paxtachilik, gʻallachilik; shuningdek, bogʻdorchilik, tokchilik, sabzavotchilik, pillachilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligi koʻp tarmokli. 228 ming donadan ziyod qorakoʻl terisi tayyorlanadi (2003). Navoiy viloyati qorakoʻl teri tayyorlash boʻyicha respublikada 1-oʻrinda turadi. Q. x. da foydalaniladigan yerlar maydoni 9266,2 ming ga, haydaladigan yer mayd. 111,1 ming ga, yaylovlar 9137,5 ming ga (2003). Barcha ekin mayd. 112,6 ming ga, shu jumladan, paxta 39,4 ming ga, don ekinlari 42,0 ming ga, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari 1,4 ming ga yerga ekiladi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2,6 ming km kollektor drenaj tarmoqlari, 138 zax qochirish qudugʻi qurilgan. Navoiy viloyatida dehqonchilik maydonlari AmuBuxoro mashina kanali Navoiy, Oʻrtachoʻl, Amu, Sumbul, Mayna tarmoklari hamda Zarafshon daryosidan suv oladigan Toss, Shovot, Chovli, Oʻng va Chap qirgʻoq, Navkar, Konimex kanallari orqali suv bilan taʼminlanadi. 32 yirik suv chiqarish elektr nasos st-yalari ishlab turibdi. Navoiy viloyatida 75 shirkat, 4 ming fermer xoʻjaliklari mavjud.
Viloyat jamoa va xususiy xoʻjaliklarida 200,0 ming qoramol (shu jumladan, 96,4 ming sigir), 1458 ming qoʻy va echki, 723 ming parranda bor (2003).
Transporti. T. y. larninguzunligi — 390,7 km, avtomobil yoʻllarniki — 4,1 ming km (shu jumladan, qattiq qoplamalisi — 3,3 ming km). Toshkent — Buxoro — Turkmanobod, ToshkentUchquduq — Nukus yoʻnalishlaridagi t. y. liniyalari viloyat hududidan oʻtadi. Navoiy, Zarafshon, Uchquduq sh. larida zamonaviy aeroportlar bor. Havo yoʻllari Navoiy sh. ni Toshkent orkali respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan bogʻlaydi.
Madaniy-maorif, sogʻliqni saqlash va sport. 2002/2003 oʻquv yilida viloyatda 376 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 201,3 ming oʻquvchi, 5 gimnaziyada 6,4 mingga yaqin oʻquvchi, 2 akademik litseyda 1040 oʻquvchi, 11 musiqa va 19 sport maktabida 16795 oʻquvchi taʼlim oldi. Navoiy viloyatida 2 oliy oʻquv yurti (Navoiy davlat ped. instituta, Navoiy davlat konchilik in-ti) bor. Bu oliy oʻquv yurtlarida 7,7 ming talaba taʼlim oladi (2003). Viloyat shahar va tumanlarida 1998—2003-y. larda 18 kollej va akademik litseylar binolari ishga tushirildi. Ular zamonaviy oʻquv qurollari va texnika bilan jihozlandi. Viloyatda 23 kasb-hunar kollejida 16,03 ming talaba oʻqiydi.
Navoiy oʻlkashunoslik muzeyi, uning Qosim Shayx majmuasi filiali va viloyatdagi 7 ta boʻlimi, 253 jamoat kutubxonasi (1893 ming nusxa asar), 105 dan ziyod klub, 7 madaniyat saroyi, 429 badiiy xavaskorlik jamoalari bor. Navoiy viloyatida Yosh tomoshabinlar teatri faoliyat koʻrsatadi.
Viloyatda 5 madaniyat va istirohat bogʻi, koʻplab favvorali koʻkalamzor xiyobonlar mavjud. Zarafshon va Navoiy sh. larida mehnatkashlarning xordiq chiqarishi uchun sunʼiy koʻllar barpo qilingan. Bir qancha tumanlarda bogʻlar yaratilgan. Xalq hunarmandchiligi ham rivojlangan.
Sogʻliqni saqlash. Navoiy viloyatida 3223 oʻrinli (10 ming kishiga 45,3 oʻrin), 40 kasalxona muassasasi, 1567 vrach, 7,013 ming oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlab turibdi. 85 ayollar konsultatsiyasi, 93 qishloq vrachlik punkta, 116 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 18 poliklinika, 3 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 4 profilaktoriy faoliyat koʻrsatadi.
Sport. Navoiy viloyati sportchilari sportning koʻplab turlari boʻyicha nufuzli musobaqalarda ishtirok etmoqdalar (kurash, voleybol, futbol, tennis, boks va b.). Viloyatdan sportning suzish, nafis gimnastika, ogʻir atletika, armestling, pauerlifting turlari boʻyicha mamlakat va Osiyo chempionlari yetishib chiqqan. Markaziy stadion, tumanlarda 13 stadion, 14 suzish havzasi, sport majmui, 190 sport zallari, 1287 sport maydonchalari, 18 tennis korti mavjud. Navoiy viloyatida 19 bolalar va oʻsmirlar maktabida 15 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi, sport seksiyalariga 68 mingga yaqin yoshlar jalb etilgan (2003).
Adabiyoti. Navoiy zaminida qad. dan mashhur allomalar, shoir va faylasuflar, adib va muxaddislar, moqir xattot va tarjimonlar yashab oʻtgan. Karminiy taxallusi bilan ijod qilgan bir necha oʻnlab ijodkorlarning nomlari maʼlum. Shulardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Zavʼ al Karminiy, Abu Hamid Ahmad ibn Lays al Karminiy (996-y. v. e.), Al Muntasir ibn Muhammad al Karminiy va b. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Zavʼ al-Karminiy Qurʼonga tafsir bitishi b-n birga arab, fors sheʼriyati nazariyasini ishlab chiqqan, ilk marta arab, fors, turk maqollarini qiyosiy oʻrgangan. Najmiddin Abulvafo al-Boʻzjandiy (9a.), Zabeho as-Samarqandiy (16-a.) Karmanada tugʻilib boshqa shaharlarda ijod etganlar. Shuningdek, shoirlar Shayx Pahlavon Muhammad Gʻolib (18-a.), Mavlono Dilkash Tanburiy (19—20-a. boshlari), Shayx Koʻriy Muhammad Hasan (1823 — 1921) va b. shu yurt farzandlaridir. 20-a. da Navoiy viloyatidan chiqqan ijodkorlar Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari adabiy muhitida shakllandilar. Karmanalik shoir Saʼdulla Mahmudovning ilk kitobi 1939-y. da nashr etilgan. Shundan keyin Dushan Fayziy, Toshpoʻlat Hamid, Yodgor Baxshi, Raybulla Salomov, keyinchalik Oydin Hojiyeva, Sulaymon Rahmon, Gʻaffor Hotamov, Hosiyat Bobomurodova, Odil Hotamov, Amir Poʻlkan oʻgʻli, Ashurali Joʻrayev, Marusa Hosilova, Nazira Yoʻldoshevalar adabiyot maydoniga kirib kelishdi. Faylasuf olim Naim Gʻoyibov Ahmad Donish merosidan «Navodir al-vaqoeʼ»dan lavhalar tarjima qildi. 1990-y. lar boshlaridan Aziz Saidov, Halima Ahmedova, Faxriddin Nizomov, Vafo Fayzullayev, Barno Eshpoʻlatov, Bektemir Pirnafasov, Surayyo Zoirova, Farhod Arziyev singari yosh shoirlar faol ijod qilmoqdalar. Ayni paytda qozoq va tojik tilida yozayotgan ijodkorlar safiga rus tilida asarlar yaratayotgan yosh adiblar ham qoʻshildi. Ibodulla Jahongirov ozarbayjon yozuvchisi Anorning «Oq koʻrfaz» qissasini tarjima qildi.
Navoiy viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va b.)ning viloyat tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Matbuoti, radio va te-levideniyesi. Navoiy viloyatida 2 gaz. («Doʻstlik bayrogʻi», «Znamya drujbы»), 9 tuman gaz., 1 shahar gaz. chiqadi. Viloyatda, shuningdek, 22 tarmoq va tijorat gaz., 2 jurnal nashr etiladi.
Navoiy viloyatida dastlabki radio-eshittirishlar 1982-y. da boshlangan. 1982-y. dan viloyatda telestudiya tashkil etilib telekoʻrsatuvlar berila boshladi. Viloyatda shuningdek, «Qizilqum» (2002-y. dan) nodavlat telekanali koʻrsatuvlar olib boradi.
Meʼmoriy yodgorliklar. Navoiy viloyati vda kad. davr, ilk va oʻrta asrlarda qurilgan 10 dan ziyod meʼmoriy yodgorliklar bor. Shulardan qad. Karmanadagi Mirsaid Bahrom maqbarasi (11-a.), Qosim Shayx meʼmoriy majmuasi (16-a.), Katta Gumbaz masjidi (17—18-a. lar), Qiziltepa tumani Vangʻozi qishlogʻidagi Toshmachit (16 — 19-a. lar), Nurota tumanidagi Abdullaxon bandi (16-a.), Buxoro — Navoiy yoʻlidagi Raboti Malik karvonsaroy va sardobasi (11-a.) mashhur. Viloyatda 30 ga yaqin arxeologiya yodgorliklari mavjud. Ayniqsa, Navbahor tumani Uchtut qishlogʻidagi shaxta (neolit davri), Nurota tumani hududidagi Qoratogʻda oʻyib yozilgan qoyatosh yozuvlari (mil. av. 3-a.) va b. tarixchilar diqqatidadir.
Qahramon Rajabov, Zulxumor Abdiyeva, Barno Eshpoʻlatov