NAMANGAN ZILZILASI — Namanganda roʻy bergan zilzila. 1927-y. 12 avg. da sodir boʻlgan. Zilzila magnitudasi Rixter shkalasi boʻyicha M-6, zilzila kuchi 12 ballik MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 ball boʻlgan. Namangan zilzilasi gipotsentri 14 km chuqurlikda, epitsentri esa Fargʻona shim. dagi fleksura-yorilmasida joylashgan. Zilzila vaqtida koʻpgina uylar shikastlangan. Oʻsha yili 19 avg. da zilzilaning eng kuchli aftershoki 7 ball kuch bilan takrorlandi. Uning magnitudasi M-5,7, chuqurligi N-20 km. Yana bir necha oy davomida zilzilaning koʻplab aftershoklari roʻy berdi.