MOʻGʻULTOGʻ — Qurama tizmasining jan.-gʻarbidagi togʻ. Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan. Jan.-gʻarbdan shim.-sharqqa yoʻnalgan. Qurama tizmasining gʻarbiy tarmoqlari boʻlmish Oltintopgan va Qoramozor tizmalaridan Mirzarabot beli bilan ajralgan. Jan.-gʻarbiy etaklari Sirdaryo vodiysiga tutashadi. Uz. 85 km chamasida. Eng baland joyi 1624 m (Moʻzbek togʻi), jan.-gʻarbda Katta Supa togʻi (bal. 1277 m gacha) mavjud. Togʻ kuchli parchalangan, yalangʻoch, qoyali yon bagʻirlarida yozda qurib qoladigan chuqur soy koʻp. Ular nuragan jins parchalari bilan qoplangan. Etaklari keng prolyuvial shleyflar bilan band. Geologik tuzilishida quyi silur davrining granitli, filitli slaneslari, qumtoshlari, shuningdek, yuqori devon quyi karbon davrlarining ohaktoshlari va marmar toshlari ishtirok etgan.
Moʻgʻultogʻda Mozorbel, Chingildi, Daxchal dovonlari bor. Yiliga 200—250 mm yogʻin tushadi. 1200 m balandlikkacha boʻz tuproqlarda efemerlar (rang, qoʻngʻirbosh), undan yuqorida yuvilgan jigarrang tuproqlarda turli oʻtli bugʻdoy-iqzorlar siyrak holda uchraydi. Togʻ etagida Kattaayri, Choruhdayra qishloklari joylashgan.