ORIPOV

ORIPOV Abdulla (1941.21.3 — Kashqadaryo viloyati Koson tumani Nekoʻz qishlogʻi) — shoir va jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq shoiri (1990). Oʻzbekiston Qahramoni (1998). ToshDUning jurnalistika f-tini tugatgan (1963). «Yosh gvardiya» (1963— 69), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida muharrir (1969—74), «Sharq yulduzi» jur. da adabiy xodim, boʻlim mudiri (1974—76), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1976—82), masʼul kotib (1985—88), Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1982—83), «Gulxan» jur. da muharrir (1983—85), 1996-y. dan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ayni vaqtda, Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi (1989-y. dan).

Oripovning «Tilla baliqcha», «Men nechun sevaman Oʻzbekistonni» singari dastlabki sheʼrlari talabalik yillarida yozilgan va oʻzbek sheʼriyatiga yangi, isteʼdodli, oʻziga xos ovozga ega shoirning kirib kelayotganidan darak bergan. Koʻp utmay, «Mitti yulduz» (1965) ilk sheʼrlar toʻplamining nashr etilishi sheʼriyat muxlislarida paydo boʻlgan shu dastlabki tasavvurning toʻgʻri ekanligini tasdiqlagan. Shundan keyin shoirning «Koʻzlarim yoʻlingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «Oʻzbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qalʼasi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari sheʼriy kitoblari nashr etilgan.

Oripov oʻzbek sheʼriyatiga oʻtgan asrning 60-y. larida sobiq sovet jamiyatida esa boshlagan yangi shabadaning elchisi sifatida kirib keldi. U dastlabki sheʼrlaridan boshlab milliy sheʼriyatda yangi poetik tafakkurning qaror topishi yoʻlida ijod qildi; turmushda paydo boʻla boshlagan yangicha karashlar, kishilarning ruhiy olamidagi evrilishlar, fikr va xattiharakat erkinligiga boʻlgan ehtiyoj Oripov sheʼrlarining gʻoyaviy mundarijasini belgilab berdi. Oripovning dastlabki sheʼrlaridagi romantik kayfiyat asta-sekin oʻz oʻrnini falsafiy mushohadalarga boʻshatib, shoirning hayotda roʻy berayotgan voqea va qodisalarga munosabati faol tus oldi. Shu maʼnoda «Tilla baliqcha», «Qoʻriqxona», «Genetika», «Olomonga» kabi sheʼrlar Oripovning lirik sheʼriyat ufklarini hayot muammolari tasviri hisobiga kengaytirib borayotganidan darak berdi. Xuddi shu narsa Oripovning doston janriga murojaat etishi va liro-epik tasvir imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga sababchi boʻldi. Oripov «Jannatga yoʻl» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlarida maʼnaviyat masalalariga alohida eʼtibor berib, kishilarning ruhiy olamidagi ayrim qusurlar bilan ilmiy-texnik taraqqiyot va tafakkurning parvozi oʻrtasidagi ziddiyatni ochib tashladi. Umuman, Oripovning sheʼr va dostonlarida olgʻa surilgan maʼnaviy muammolar mustaqillik davrida, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etib, shoirning xuddi shu masalalar tasvirida oʻz davriga nisbatan (ularning aksari 90-y. larga kadar yozilgan) ilgʻorlab ketganini namoyish etdi.

Oripov ijodida, bir tomondan, Gʻafur Gʻulom lirikasiga xos falsafiylik koʻzga tashlansa, ikkinchi tomondan, Hamid Olimjon sheʼrlariga xos musiqiy ravonlik va badiiy soddalik aks etib turadi.

Mazkur 2 manba O. sheʼrlarida oʻzaro tutashgan holda orifona sheʼriyatning asosiy xususiyatlarini ifodalab keladi. Oripovning soʻnggi yillar lirikasida tuygʻu va kechinmalar tasviri susaymagan holda yana bir muhim fazilat bor. Bu, Oripov sheʼrlariga liro-epik tasvir unsurlarining koʻplab kirib kelishidir.

Oripov mustaqillik yillarida adabiyotning rang-barang tur va janrlarida ijod eta boshladi. Shu davrda tarixiy adolatning tiklanishi, oʻtmishda yashagan sarkardalar va allomalar xotirasining eʼzozlanishi Oripovning Amir Temurning Oʻrta Osiyo xalkdari tarixiy taqdirida oʻynagan buyuk rolini koʻrsatuvchi «Sohibqiron» sheʼriy dramasini (1998) yozishga ilhomlantirdi. Oripov bu asarida qariyb uch asr davomida hukm surgan qudratli Temuriylar saltanatining asoschisi va 15-a. da Sharkda Uygʻonish davrining boshlanishiga ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sharoit yaratgan Amir Temur obrazini yorqin gavdalantirib berdi. Mazkur asar respublikaning barcha yirik teatrlari va qardosh mamlakatlar sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan oʻynaldi.

Oripov — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining matnini yozgan (1992). U Navroʻz va Mustaqillik bay-ramlarini oʻtkazish boʻyicha yozilgan ssenariylarning aksariyati muallifi.

O. Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida Oʻzbekistondagi xoz. adabiy jarayonga rahbarlik qilmoqda. Sheʼriyati Muhammad Yusuf kabi koʻplab yosh shoirlar ijodining shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan.

Dante «Ilohiy komediya»sining «Doʻzax» qismini, A. S. Pushkin, N. A. Nekrasov, T. G. Shevchenko, L. Ukrainka, R. Hamzatov, Q. Quliyev va M. Bayjiyev asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Oʻz navbatida, uning asarlari ham rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbay-jon kabi koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilingan. 1990-y. dan Oʻzbekiston Oliy Kengashi, 1995-y. dan Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputata. Oripov Kaliforniya (AKSH) Fan, taʼlim, sanoat va sanʼat xalkaro akademiyasining haqiqiy aʼzosi. Soka universiteti (Yaponiya) prof. «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» Bosh tahrir hayʼati aʼzosi (1997-y. dan). Xamza nomidagi (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati.

As: Tanlangan asarlar [4-j. li], T., 2001. Ad.: Qoʻshjonov M ., Meli S, Abdulla Oripov, T., 2000.

Naim Karimov.


Lotin alifbosida maqola: ORIPOV haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: O harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
ALISHER NAVOIY
GʻAFUR GʻULOM
TOSHKENT VILOYATI
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты