OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY XOʻJALIK SUDI — Oʻzbekistonda xoʻjalik sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi. Xoʻjalik sudining vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 111-moddasi va «Sudlar toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (yangi tahriri, 2000 yil 14 dek.)da belgilab berilgan. Bunga koʻra. mazkur sud Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudining, viloyatlar va Toshkent shahri xoʻjalik sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Oliy xoʻjalik sudi ishlarni 1instansiya sudi sifatida, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida koʻradi; Oliy xoʻjalik sudi Plenumining tushuntirishlari xoʻjalik sudlari tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, quyi xoʻjalik sudlari faoliyatini tekshiradi, ularning ish tajribasini umumlashtiradi va ommalashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasining Oliy xoʻjalik sudi rais, uning 1-oʻrinbosari, oʻrinbosarlar, sudlov hayʼatlarining raislari, Oliy xoʻjalik sudi sudyalaridan iborat boʻlib, quyidagi tartibda ish olib boradi: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Rayosati; fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etish boʻyicha sudlov hayʼati; maʼmuriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etish boʻyicha sudlov hayʼati.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi bir yilda kamida 2-marta chaqiriladi, Rayosatining majlislari har oyda kamida 1-marta oʻtkaziladi.
Oliy xoʻjalik sudi sudyalarining maqomi, ularni saylash va tayinlash tartibi qonunda koʻrsatib oʻtilgan.