OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ORDEN VA MEDALLARI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ORDEN VA MEDALLARI — Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari. Ular bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun taqdirlanishlari mumkin. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi uchun xizmat koʻrsatgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham, ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy boʻlinmalar, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriyhududiy birliklari ham mukofotlanishi mumkin. «Davlat mukofotlari toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1995 yil 22 dek.)ga koʻra, orden va medallar Oliy Majlis tomonidan taʼsis etiladi, orden va medallar bilan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti takdirlaydi.

Orden, medal bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va orden, . medalni topshirish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Orden, medallar bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

Bir shaxs ayni bir orden, medal bilan, qoida tariqasida, bir marta taqdirlanadi. Orden, medallar bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Fuqarolar navbatdagi mukofotga avval mukofot bilan taqdirlangan vaqtidan keyin kamida 3 yil oʻtgach taqdim etiladilar. Favqulodda hollarda avval taqdirlangan vaqtidan qatʼi nazar taqdim etilishlari mumkin.

Har bir orden va medal Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiklangan oʻz Nizom va tavsifiga ega. Orden va medallar, orden va medallarga oid tegishli hujjat tantanali vaziyatda topshiriladi. Orden va medal bilan mukofotlangan shaxslar bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar va qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar. Orden, medal bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda, orden, medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Orden Va Medallari va m., odatda, umumdavlat bayramlari hamda boshqa bayramlar va tantanali majlislar vaqtida taqib yuriladi. Boshqa hollarda esa nishondorlar OʻzRning yo orden, medallarini, yoxud ularning plankalardagi lentalarini taqib yurishlari mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Orden Va Medallari va m. ni, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurish qoidalari hamda orden va medallar lentalarining tavsifi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 6 apr. dagi 1095son farmoniga ilovada bayon qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasining Orden Va Medallari va m. dan shaxs ogʻir jinoyat sodir etgani uchun hukm qilinganida — sudning taqdimnomasiga binoan; shaxs oʻz shaʼnini badnom etuvchi xattiharakatlar sodir etganida — taqdirlash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish huquqiga ega boʻlgan organning taqdimnomasiga binoan mahrum etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari: «Mustaqillik» ordeni — Oʻzbekiston Resggublikasining 1994-yil 5 may Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi marxum Abdulla Qodiriy (Julqunboy) (1994-yil), Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 29 avg. qarori bilan), marhum shoir Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon (1999-yil 24 avg.) mukofotlangan (yana q. «Mustaqillik» ordeni).

Amir Temur ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26 apr. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Samarqand va Shahrisabz shaharlari (1996-yil 28 avg.), Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 26 dek. qarori bilan), Andijon viloyati (2003-yil 22 avg.), shaxmat boʻyicha jahon birinchiligining gʻolibi Rustam Qosimjonov (2004-yil 14 iyun) mukofotlangan (yana q. Amir Temur ordeni).

Jaloliddin Manguberdi ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 30 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Xorazm viloyati (2003-yil 22 avg.), Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 1-oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari birlashgan shtabining boshligʻi Ismoil Ergashev, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining oʻrinbosari, JanubiGʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni Alisher Jumamurotovich Sobirov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimi Muyidjon Vahhobovich Tohiriy mukofotlangan (yana q. Jaloliddin Manguberdi ordeni).

«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 29 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda xorijiy davlatlarning fuqarolari fan va texnikani, iqtisodiyot va madaniyatni rivojlantirishdagi katta xizmatlari, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga hamda Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini oshirishga qara tilgan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirish ishiga sezilarli hissa qoʻshganligi uchun taqdirlanadilar. Orden 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 darajali (probali) qumushdan tayyorlanadi va 8 qirrali musamman koʻrinishida boʻlib, uning qirralari yoqut rangda tayyorlangan. Ordenning qalinligi 8 mm, ogʻirligi 65 g.

«Elyurt hurmati» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 28 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy maʼnaviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan, oʻz mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bp jamoatchilikning izzathurmatiga sa zovor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishlari mumkin. Orden 1 mikron qalinlikdagi tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi va u 2 yoqlama nurlar taraluvchi 8 qirrali yulduz shaklida boʻladi.

«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan mamlakatning iqtisodiy va madaniy yuksalishiga, mudofaa qudratini kuchaytirish va milliy xavfsizligini taʼminlashga, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo hamjihatlikni mustahkam lashga, xalq farovonligini oshirishga katta hissa qoʻshgan, oʻzining isteʼdodi, bilim va tajribasini Vatan ravnaqiga baxsh etib, fidoyilik namunasini koʻrsatib kelayotgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar mukofotlanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. Orden 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi hamda 8 qirrali yoqut rangli yulduz shaklida boʻladi.

«Mehnat shuhrati» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1995-y. 30 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekistonda iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saklanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar. Mustasno hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. Orden 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Orden markaz qismidan nurlar taralib turgan yashil dafna novdalari bilan oʻralgan boʻrtma notoʻtri ellips shaklidadir.

I va II darajali «Soglom avlod uchun» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-may Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi, sogʻlom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni taʼminlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan kishilar ham mukofotlanishlari mumkin. I darajali orden yuqori darajali hisoblanadi. Mukofotlash, qoida tariqasida, quyidagi tartibda: avval II darajali, oradan kamida 3 yil oʻtgandan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi. I darajali «Sogʻlom avlod uchun» ordeni oltin suvi yugurtirilgan 925 probali qumushdan tayyorlanib, 34 mm diametrdagi toʻgʻri doira shakliga ega. II darajali «Sogʻlom avlod uchun» ordeni 925 probali kumushdan tayyorlanadi.

I va II darajali «Shonsharaf» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 30 avg. Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Vatanni himoya qilishda fidoyilik va mardlik uchun, Oʻzbekistonda mudofaa qudratini va milliy xavfsizlikni mustahkamlash, qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirish va huquqtartibotni taʼminlash ishidagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadilar. Mustasno hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. «Shonsharaf» ordeni 2 darajadan iborat: I darajali «Shonsharaf» ordeni; II darajali «Shonsharaf» ordeni. Ordenning oliy darajasi I darajadir. Mukofotlash, qoida tariqasida, kamida 3 yil oralatib: II darajali va I darajali navbatida amalga oshiriladi. I darajali «Shonsharaf» ordeni 0,25 mikron qalinlikdagi tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi. II darajali «Shonsharaf» ordeni 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Har ikkala darajali ordenning asosi xiyol boʻrtma shakldagi 8 qirrali yulduz koʻrinishida boʻlib, uning markazidan uchi tugal nurlar taralib turadi.

«Doʻstlik» ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-may Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, Oʻzbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganliklari uchun mukofotlanadilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. Orden 1 mikron qalinlikda tilla qoplangan tompakdan tayyorlanadi va u bir-biriga joylashtirilgan turli kattalikdagi, markazi bitta boʻlgan 2 ta 8 qirrali yulduz shaklida boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasining medallari: «Oltin yulduz» medali — q. «Oʻzbekiston Qahramoni».

«Jasorat» medali — Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-may Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu medal bilan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmatining va ichki ishlar organlarining xodimlari respublikaning milliy xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy burchni yoki xizmat burchini ado etish vaqtida koʻrsatgan mardlik va jasoratlari uchun mukofotlanadilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar tabiiy ofat, yongʻin va boshqalar favqulodda holatlar vaqtida jamoat tartibini saqlashda odamlar hayotini, davlat va jamoat mulkini saqlab qolishda koʻrsatgan jasoratlari uchun mukofotlanishlari mumkin. Medal dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinliqda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 mm li doira shaklida boʻladi.

«Shuhrat» medali — Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-may Qonuni bilan taʼsis etilgan. Bu medal bilan respublika iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida oʻzining halol mehnati bilan katta yutuqlarga erishgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar mukofotlanadilar. Medal dastlab 0,5 mikron qalinliqda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va qisman turli rangdagi emal berilgan boʻladi. Medal diametri 34 mm li doira shaklida.


Lotin alifbosida maqola: OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ORDEN VA MEDALLARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: O' harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI
YAPONIYA
TOSHKENT
JANGOVAR TARTIB
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты