«OHANGARONSEMENT» AKSIYADORLIK JAMIYATI — qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yirik korxona. «Oʻzqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Turli navli va markali sement (yuqori sifatli portlandsement, shlakportlandsement), shifer, mineral tolalar, akustik plitalar, asbest quvurlar va b. mahsulotlar ishlab chiqaradi. Korxona 1957-y. apr. oyidagi hukumat qarori bilan 1958-y. dan «Ohangaron sement z-di» nomi bilan qurila boshlagan. Yillik quvvati 450 ming t boʻlgan 1-texnologik liniya 1961-y. oxirida ishga tushirildi. 1967-y. da 4-texnologik liniya ham ishga tushirildi va korxonaning sement boʻyicha yillik i. ch. quvvati 1750 ming t sementga yetkazildi. 1963—65 y. larda shifer ishlab chiqaradigan 6 ta texnologik liniya ishga tushirildi (yillik quvvati 170 mln. shartli taxta). 1970-y. dan k-t, 1980-y. dan «Ohangaronsement» i. ch. birlashmasi, 1994-y. dan ochiq aksiyadorlik jamiyati. 2000-y. da 750 ming t sement, 630 ming t klinker, 36 ming t mineral mahsulotlar ishlab chiqarildi. Korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinadi.
Ad: Muratov M., Sement Axangarana, T., 2001.