QIZILQUM

QIZILQUM — Oʻrta Osiyodagi qumli choʻl. Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, qisman Turkmaniston hududida) joylashgan. Shim. gʻarbdan Orol dengizi, sharqda Tyanshan va PomirOlay togʻ tizmalari bilan chegaradosh. Umumiy mayd. 300 ming km2. Hududining koʻp qismi tekislik. Q. da oʻrtacha balandlik jan. va jan. sharqida 300 m, shim. gʻarbida 53 m. Q. hududidagi Sulton Uvays togʻi, Boʻkantov, Yetimtogʻ, Tomditov, Quljuqtov va boshqalar past togʻlar yuvilib ketgan alp antiklinalining oʻzagidir. Vaqginchalik oqar suvlar togʻlardan yuvib tushgan materiallar togʻ etaklariga toʻplanib nishab prolyuvial tekisliklarni hosil qilgan. Ular togʻlardan uzoqlashgan sari pasaya boradi. Shuningdek, Qizilqum hududida qirlar (Beltov va boshqalar), yassi plitalar, berk botiqlar (Mingbuloq, Oyoqogʻitma, Qoraxotin, Moʻlali va boshqalar) hamda qadimiy suvsiz daryo oʻzanlari: Aqchadaryo, Janadaryo, Daryosoy, Quvonchdaryo, Mahandaryo va boshqalar mavjud.

Togʻlar va ularni oʻrab turgan togʻ oldi tekisliklari bir-biridan qum massivlari bilan ajralib turadi. Qum massivlari uchun qator tepa va koʻzanak qumlari xosdir. Qizilqumning katta qismini qum massivlari: Juranqum, Toshquduq, Yomonqum, Kemirekqum va boshqalar egallagan. Qum massivlarida eol relyef shakllari — qum marzalari, doʻng qumlar, barxanlar uchraydi. Qum marzalari koʻproq meridianal yoʻnalishga ega, oʻsimliklar bilan mustahkamlangan. Ularning. nisbiy bal. 3 — 30 m, baʼzan 75 m ga yetadi. Qizilqumning markaziy qismida koʻpincha doʻng qumlar tarqalgan (ular ham oʻsimliklar bilan mustahkamlangan). Barxanlar nisbatan kam boʻlib, bular aholi yashaydigan joylar va quduqlar atrofida uchraydi. Barxanlarning harakatga kelishi insonning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq. Marza qumlar orasidagi past joylarda taqirlar hosil boʻlgan, ular Qizilqumning shim. gʻarbiy va shim. sharqiy qismida, ayniqsa, keng tarqalgan. Tektonik jihatdan Qizilqum Turon plitasida joylashgan. Qizilqum dagi past togʻlar paleozoy davriga mansub metamorfizlashgan slanes, rogovik, ohaktosh, marmar, granitlardan tashkil topgan. Tekislik qismida mezokaynozoy davri gillari, qumtoshlar, konglomeratlar, mergellar, shim. qismida esa Amudaryo va Sirdaryoning qadimiy daryo yotqiziqlari tarqalgan.

Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Havoning oʻrtacha yillik t-rasi shim. qismida 9,8»—10,5°, jan. da 13°—15°. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 0° dan —9° gacha, eng past t-ra —30, —31°, ayrim joylarda —34°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 29°, ayrim joylarda 30—31°. Eng yuqori t-ra (iyudda) 46—49°. Q. da yozda yer yuzasi qizib ketadi. Namlik serob va oʻsimliklarga boy boʻlgan Amudaryoning quyi oqimiga qaraganda Qizilqumda vegetatsiya davrida musbat tralar yigʻindisi ancha yuqori, nisbiy namlik esa kunduzi oʻrtacha 10—12% past. Havoning nisbiy namligi iyulda kunduz kunlari hech qayerda 20% dan oshmaydi. Qizilqumga yillik t-ra amplitudasining kattaligi xos. Amudaryo etagiga qaraganda bu yerda yogʻin kam. Yillik yogʻin 80—160 mm, asosan, qish (30%) va bahor (48%) fasllarida yogʻadi. Yozda yogʻinning faqat 3% tushadi. Yozda havo quruq keladi va t-ra yuqori, tuproq qurgʻoqchiligi birmuncha vaqtliroq boshlanadi. Qumli massivlar va qumoq tuproqlardagi oʻsimlik oʻsgan joylarda qumoq va gilli joylarga qaraganda tuproq u qadar quchli emas.

Qizilqumda yil davomida shimoliy, shim. sharqiy va shim. gʻarbiy shamollar tezligi oʻrtacha (3—4 m/sek.) esib turadi. Baʼzida kuchli boʻronlar ham boʻladi. Iqlimi quruq boʻlganidan Qizilqumda doimiy oqar suvlar yoʻq. Past togʻlardan boshlanuvchi quruq soylarda faqat bahorgi yogʻingarchilik paytlaridagina suv okddi. Q yer osti suv zaxirasiga boy, lekin, ularning koʻp qismi shoʻr. Faqat Turon plitasi poydevorida joylashgan karstlashgan ohaktoshlardagi yer yoriqlarida chuchuk suvlar zaxirasi mavjud boʻlib, ular qulay joylarda yer yuzasiga buloqlar sifatida (Tomdibuloq, Irlir va boshqalar) chiqadi.

Qizilqumda qumli massivlar va past qirlar katta maydonni egallaydi. Qumli massivlar uchun choʻl qumli tuproqlari, qirlar uchun boʻz qoʻngʻir tuproqlar xos. Taqir, shoʻrxok tuproqlar tarqalgan. Bularda chirindi moddalari kam. Qizilqum oʻsimliklari xilmaxil. Choʻl sharoitida namlikning taqchilligi va havo, tuproq haroratining balandligiga oʻsimliklar ham moslashgan. Oʻsimlik turi 900 ga yaqin, shundan 226 turi (25%) Oʻrta Osiyo uchun xos va 34 turi (3,5%) Q. ga xos oʻsimliklardir. Qizilqumda oʻsimliklar rivojlanishining tez yetiluvchanligi (efemerligi), qurgʻoqchillikka moslashuvchanligi (kseromorfligi), baʼzi oʻsimlik ildizlarining tuproqqa chuqur kirib borishi (freatofit), shoʻr muhitda ham vegetatsiya qilish xususiyatiga ega ekanligi (galofit) bilan ajralib turadi. Oq va qora saksovul, ularga aralash holda oʻsuvchi cherkez, qandim, chogon, borjok (qizilcha), shuvoq va boshqalar keng tarqalgan. Oq saksovulzorlar biyurgʻun, boyalich, keyreuk shoʻralar bilan, goho yulgʻun aralash ham uchraydi. Shuvoqzorlar Qizilqumning katta hududlarini egallagan. Shoʻr bosgan tuproqlarda sarsazan, qorashoʻra, shohilak, yulgʻun va boshqalar bor.

Sutemizuvchilardan jayran, saygʻoq, choʻl mushugi, barxan mushugi, qoʻshoyoq, yumronqoziq, qumsichqon, tulki, boʻri, quyon, olakoʻzan, uzun quloq tipratikan; sudralib yuruvchilardan qum boʻgʻma iloni, oʻqilon, uzun quloqli va taqir dumaloqbosh kaltakesak, agama, echkemar; kushlardan boyqush, chil, xoʻjasavdogar, saksovul toʻrgʻayi, choʻl qargʻasi, bulduruq, burgut, boyqush; hasharotlardan chayon, qoraqurt, biy, chigirtka va boshqalar uchraydi. Qizilqumda mayin junli va qorakoʻl qoʻylar boqiladi. Artezian havzalardan suv chiqarilib, chorvachilikni rivojlantirish maqsadida kichik vohalar vujudga keltirilmoqda. Qoldiq togʻlardan marmar, grafit, feruza, Muruntovdan oltin, uran, shuningdek, fosforit, korund, boksit konlari topilib, qazib olinmoqda. Gazli konidan foydalanilmoqda.

Ad.: Fyodorovich B. A., Lik pustshi, M., 1954;Baratov P., Oʻzbekiston tabiiy geografiyasi, T., 1996; Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002.

Murod Mamatkulov.


Lotin alifbosida maqola: QIZILQUM haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Q harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
QOZOGʻISTON
YER
QORAQALPOGʻISTON
OSIYO


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты