POʻRSILDOQ YARA, pemfigus — terining rangi oʻzgarmagan holda, turli sabablarga koʻra, unga toshma toshishi bilan oʻtadigan kasalliklar guruhi. Surunkali Poʻrsildoq yara, chaqaloklar va zaxm P. ya. si farq qilinadi.
Surunkali Poʻrsildoq yara (asl Poʻrsildoq yara) teri va shilliq qavatlarga qaytaqayta pufakchalar toshib turishi bilan tavsiflanadi. Toshmalar yorilib, shu sohalar qattiq ogʻriydi. Bemor isitmalaydi, uyqusi, ishtaqasi yoʻqoladi, ozib ke-tadi. Kasallik bir oy, baʼzan bir yil davom etadi. Koʻpincha nerv sistemasi zararlanadi, moddalar almashinuvi buziladi.
Chaqaloqlar Poʻrsildoq yarasi — yiringli mikroblar qoʻzgʻatadigan oʻtkir kasallik (chaqaloklar hayotining dastlabki kunlarida paydo boʻladi). Chaqaloqning tanasi, oyoq va qoʻllari terisida noʻxatdan tortib yongʻoqdek kattalikda pu-faklar paydo boʻladi (ular yorilgan joy suv achib, bezillab turadi). Kasallik 6 — 8 kun davom etib, tuzalib ketadi. Lekin nozik chaqaloqlarda juda ogʻir kechadi. Kasal chaqaloqni sogʻlom bolalardan ajratib qoʻyib, vrach buyurgan dori-darmonlar bilan davolash kerak. Chaqaloqning ichki kiyimlari va yoʻrgagi, albatta, dazmollanadi.
Zaxm Poʻrsildoq yarasida kaft yuzasi va oyoq tagida, boldir va bilakda, baʼzan badan va yuzda yalligʻlanib, sogʻlom teridan ajralib turadigan hoshiyali pufakchalar paydo boʻladi. Zaxm Poʻrsildoq yarasida ichki aʼzolar ham zararlanishi mumkin. Bemor zaxmga qarshi qoʻlla-niladigan dori-darmonlar b-n davolanadi.