SEYSHEL OROLLARI

SEYSHEL OROLLARI (Seychelles), Seyshel Orollari Respublikasi (Republic of Seychelles) — Hind okeanida, Afrikaning sharqiy sohili yaqinidagi Seyshel va Amirant o. lari, Aldabra, Farkuar va b. orollarda joylashgan davlat. Mayd. 405 km2. Aholisi 80,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Viktoriya sh. (Mae o. da).

Davlat tuzumi. SO. — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1993-y. 18-iyunda maʼqullangan va unga keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Davlat boshligʻi — prezident (1977-y. dan Frans Alber Rene), u toʻgʻri umumiy saylov yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy majlis, ijrochi hokimiyatni prezident bilan hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Seyshel Orollari materikdan, ayrimlari marjonlardan hosil boʻlgan. Eng bal. joyi 905 m (Mae o. da). Yirik orollari — Mae, Siluet, Praslen, LaDig. Iqlimi subekvatorial, dengiz iqlimi. Oʻrtacha oylik tra 26—28°. Yillik yogʻin 4000 mm gacha (asosan, yezda). Marjon orollari tarkibidagi ohaktoshlar namni oʻzida saqlamaydi, shu sababli ularni xoʻjalik jihatidan oʻzlashtirib boʻlmaydi. Yirik orollarning ichki hududlarida doim yashil tropik oʻrmonlar saqlanib qolgan, ularda faqat mahalliy jaydari oʻsimliklar (jumladan, seyshel palmasining qad. turi) oʻsadi. Bahaybat filsimon toshbaqa va qush koʻp. Aldabra, Kuzen va b. rezervatlar, SentAnn dengiz milliy bogʻi bor.

Aholisining aksariyati seyshelliklar yoki kreollar (asosan, koʻchib kelgan fransuzlar va afrikalik qullarning avlodlari, umumiy soni 65 ming kishi); hindlar, malagasilar, xitoylar, inglizlar ham yashaydi. Rasmiy tillar — kreol, ingliz va fransuz tillari. Aholining 90% xristiankatolik, qolganlari — musulmon, hindular va konfutsiychilar. Shahar aholisi 55,3%.

Tarixi. Seyshel Orollari qad. arab va hind dengiz sayyoxlariga maʼlum boʻlgan. 1609-y. bu orollarga ingliz dengiz sayyohlari kelib tushgan. 18-a. oʻrtalarida fransuzlar bosib olib, Fransiya moliya vaziri Moro de Seshell nomi bilan atashgan. 1794-y. uni inglizlar egallab olgan. 1903-y. dan Buyuk Britaniya mustamlakasi. Mahalliy xalq mustamlakachilarga qarshi tinimsiz kurash olib bordi. 20-a. oʻrtalarida siyosiy partiya va kasaba uyushmalari tuzildi, ular xalqning ozodlik yoʻlidagi kurashiga boshchilik qildi. 1970 i. S. O. ga ichki muxtoriyat berilib, Qonun chiqaruvchi assambleya tuzildi, 1976-y. 29-iyunda mustaqillikka erishdi. SO. 1976-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 18 iyun — Millat kuni (1993).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Demokratiyu partiya, 1992-y. tuzilgan; Seyshel xalqi taraqqiyot fronti, 1978-y. tashkil etilgan; Seyshel milliy partiyasi, 1993-y. asos solingan. Seyshel ishchilari ittifoqi federatsiyasi kasaba uyushma birlashmasi, 1978-y. tuzilgan.

Xujaligi. SO. — agrar mamlakat. Baliq ovlash va xorijiy sayyohlik muhim ahamiyatga ega. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, baliq ovlash ulushi 4,1%, sayyohlik ulushi 12,3%, sanoat va kurilishning ulushi 20,5%. Q. x. mamlakat iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. Kokos palmasi, kofe, tamaki, meva, sabzavot, moyli ekinlar, ziravorlar, choy yetishtiriladi. Qoramol, choʻchqa boqiladi. Kopra va vanilni qayta ishlaydigan, efirli moylar, kokos tolasidan turli buyumlar, sovun ishlab chikaradigan va choy qadoqlaydigan kichik korxonalar, yogʻoch tilish z-di, bir kancha oziqovqat korxonalari bor. Yiliga oʻrtacha 126 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. T. y. yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. 345 km. Orollar orasida mahalliy kemalar qatnaydi. Mae o. da xalqaro aeroport bor. SO. chetga kopra, shuningdek, dolchin yogʻi va dolchin, vanil, muzlatilgan va konservalangan baliq, toshbaqa kosasi, granit chiqaradi, chetdan sanoat mollari, oziq-ovqat oladi. AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, JAR, Yaponiya, Singapur bilan savdo qiladi. Pul birligi — seyshel rupiyasi.

Maorifi. Xalq taʼlimi tizimi ingliz, qisman fransuz tizimlari taʼsirida shakllangan. 1980-y. 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy 9 y. lik taʼlim joriy etilgan, u 6 y. lik boshlangʻich va 3 y. lik toʻliqsiz oʻrta maktabni oʻz ichiga oladi. Zamonaviy taʼlim tizimi 6 y. lik boshlangʻich, 3 y. lik toʻliqsiz oʻrta va 2 y. lik toʻliqoʻrta maktabdan iborat. Toʻliqoʻrta maktabda oʻquvchilar ilmiy bilimlarni oʻrganishdan tashqari unumli mehnat bilan ham shugʻullanadi. Toʻliq oʻrta maktab negizida ped. kolleji, 9 y. lik majburiy maktab negizida hunartexnika bilim yurtlari ishlaydi. Yoshlar oliy taʼlimni chet ellarda oladilar. Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Gaz. va jur. lari: «Neyshn» («Millat», kreol, fransuz va ingliz tillarida chiqadigan hukumat gaz.), «Ofishl gazett» («Rasmiy gazeta», hukumat xabarnomasi), «Pipl» («Xalq», kreol, fransuz va ingliz tillarida nashr etiladigan oylik jur.), «Eko dez il» («Orollar aks sadosi», fransuz, kreol va ingliz tillarida chiqadigan diniy jur.). Seyshel matbuot agentligi, milliy axborot agentligi, 1979-y. tuzilgan. 1941-y. dan ingliz, fransuz va kreol tillarida radioeshittirish olib boriladi. Hukumat nazoratidagi Seyshel radio va televideniyesi xizmati 1983-y. da tuzilgan.


Lotin alifbosida maqola: SEYSHEL OROLLARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: S harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BUYUK BRITANIYA
FRANSIYA
TOSHKENT
HINDISTON
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты