SELEKSIYA (lot. selectio — tanlash, saralash) — yuqori mahsuldor oʻsimliklar navlari va duragaylarini, hayvonlar zotlarini va mikroorganizmlar shtammlarini yaratish nazariyasi va amaliyoti. Seleksiyaning ilmiynazariy bazasi genetika hisoblanadi. Oʻsimliklar Seleksiyasi botanika, sitologiya, embriologiya, gistologiya, fiziologiya, fitopatologiya, entomologiya, ekologiya, biokimyo, oʻsimlikshunoslik va q. x. maxsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi bilan chambarchas bogʻliq. Ibtidoiy Seleksiya koʻrinishlari (beixtiyor tanlash) dehqonchilik paydo boʻlgan davrlardan boshlangan. Bunday Seleksiya astasekin muayyan maqsadli yoʻnalishlarda olib borilgan.
Xalq seleksiyasi Oʻrta Osiyoda ham rivojlanib, gʻoʻza, zigʻir, don, beda, sabzavotpoliz ekinlari, tok va mevali daraxtlarning qimmatli navlari yaratilgan. 3—4-a. larda afrikaosiyo gʻoʻzasining qattiq quruq iqlimga moslashgan ertapishar shakllari chiqarilgan. Yumshoq bugʻdoyning Qizil bugʻdoy, Tuyatish navlari hosildorligi, qurgʻoqchilik va kasalliklarga chidamliligi hamda donining sifati bilan mashqurdir. Tok (Soyaki, Sohibi, Parkent va b. navlari), oʻrik (Koʻrsodiq, Obinovvot), arpa (Toshkallak), sholi (Arpa sholi, Xoʻjaahmad, Qozoqi), joʻxori (Xoʻraki, Kattabosh), qovun (Joʻjaburun), tarvuz (Qoʻzivoy), sabzi (Mirzoi, Mushak), piyoz (Oq piyoz) va b. ning sifatli mahsulot beradigan, mevasi uzoq saqlanadigan koʻpchilik navlari hozir ham ekiladi. Beda seleksiyasi sohasida, ayniqsa, katta yutuqlarga erishilgan. Xorazm va Samarqand bedalari butun dunyoga mashhur boʻlib, hozir ham juda qimmatli navlar hisoblanadi. Chorvachilikda uzoq tanlash yoʻli bilan qorakoʻl, hisori qoʻy zotlari, qorabayir, laqay ot zotlari va b. yaratildi. Keyinchalik koʻpgina muhim xoʻjalik xususiyatlarga ega boʻlgan bu navlar va zotlardan Seleksiya ishlarida qimmatli boshlangʻich material sifatida foydalanildi.
Ch. Darvin oʻzining «Turlarning kelib chiqishi» (1859) asari bilan Seleksiyaning ilmiy asosini yaratdi (q. Evolyutsion taʼlimot), hayvonlar va oʻsimliklar dunyosida yangi shakllarning paydo boʻlishida tanlaitit ahamiyatini koʻrsatib berdi.
Seleksiyaning keyingi rivojlanish bosqichlarida irsiyat qonunlarining kashf etilishi katta ahamiyatga ega boʻldi. Shuningdek, Seleksiyaning rivojlanishida I. V. Michurinnit ishlari ham muhim rol oʻynadi. Irsiy oʻzgaruvchanlikning gomologik katorlar qonuni hamda madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari toʻgʻrisidagi taʼlimot muallifi N. I. Vavilov S. ning rivojiga katta hissa qoʻshdi.
Yevropa va Amerikada Seleksiya 19-a. da rivojlana boshladi. Fransiyada L. Vilmoren koʻp marta tanlash yoʻli bilan qand lavlagining tanlab olingan shakllari qandliligini 3 hissa oshirishga erishdi. Shved seleksioneri G. NilsonEle oʻzidan changlanuvchi oʻsimliklarda yakka tanlash usulini qoʻllab, sulining qimmatli navini yaratdi. AQSHdaL. Byorbank duragaylashni qatʼiy tanlash bilan qoʻshgan holda mevali oʻsimliklar va b. ekinlarning eng yaxshi navlarini yaratdi. Rossiyada Seleksiya ishlari 19-a. oxiridan rivojlana boshladi.
Oʻzbekistonda ilmiy Seleksiyaning boshlanishi 20-a. boshlariga toʻgʻri keladi. Rossiya imperiyasi sanoatining paxta xom ashyosiga boʻlgan katta ehtiyojlari taʼsirida dastlab gʻoʻza S. si bilan shugʻullanadigan muassasalar tashkil etildi. 1898-y. da ish boshlagan Turkiston q. x. tajriba st-yasida (hoz. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. inti) R. R. Shreder q. x. sohasida koʻp qirrali ilmiy faoliyat bilan birga gʻoʻza, gʻalla, sholi Seleksiya ishlariga asos soldi. 1899-y. da Andijon tajriba dalasi. 1900-y. da Mirzachoʻl tajriba dalasi, 1913-y. da Namangan sh. yaqinidagi Paxtalikoʻlda gʻoʻza boʻyicha maxsus Fargʻona seleksiya st-yasi tashkil etildi. M. M. Bushuyev, G. S. Zaysev, Ye. L. Navroskiy kabi olimlar gʻoʻza, gʻalla ekinlari, qoramolchilik boʻyicha Seleksiya ishlarini faol olib borishdi va gʻoʻzaning yangi mahalliy 169 (Dehqon), 182 (Oq joʻra), Amerikadan keltirilgan Rusel navidan «Navroskiy», Triumf navidan «Navroskiy zafari» navlari, Bushuyev koramol zoti yaratildi.
20-a. ning 20y. laridan boshlab Oʻzbekistonda oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, yilqichilik, qorakoʻlchilik, pillachilik va b. yoʻnalishlarida tajriba va Seleksiya st-yalari, i. t. muassasalari tashkil etila boshladi. 1922-y. da Turkiston seleksiya st-yasi (1965-y. dan Butunittifoq gʻoʻza seleksiya va urugʻchiligi i. t. inti), 1924-y. da Butunittifoq oʻsimlikshunoslik in-tining Oʻrta Osiyo tajriba st-yasi, 1925-y. da Milyutin (hoz. Gʻallaorol gʻalla ekinlari) tajriba st-yasi, 1927-y. da Oʻrta Osiyo ipakchilik inti, 1929-y. da Butunittifoq paxtachilik in-ti (SoyuzNIXI), 1932-y. da Oʻzbekiston sholichilik tajriba st-yasi, 1934-y. da Oʻzbekiston sabzavot va kartoshka ekinlari tajriba st-yasi, 1935-y. da Butunittifoq qorakoʻlchilik inti, 1940-y. da Oʻzbekiston chorvachilik in-ti va ularning respublikaning turli zonalarida joylashgan keng tarmokli styalari ish boshladi.
Chorvachilikda Seleksiya mollarning mahsuldorlik va mahsulotlari sifati, kasalliklarga bardoshi, sharoitlarga moslashishi, yem-xashakdan samarali foydalanishi boʻyicha olib boriladi. Yalpi, yakka, yakkaqarindoshlik, guruhliqarindoshlik belgilari majmui boʻyicha tanlash Seleksiyaning asosi hisoblanadi (q. Duragaylash, Naslchilik, Saralash).
Oʻsimliklar Seleksiyada navning asosiy yaroqlilik belgisi uning hosildorligi va hosili tarkibida koʻzlangan zarur moddalar (mas, bugʻdoyda oqsil, kartoshkada kraxmal)ning koʻpligi hisoblanadi. Shuningdek, tanlashda oʻsimliklarning noqulay omillarga (qurgʻoqchilik, sovuqqa chidamlilik, kasalliklar va zararkunandalarga) bardoshlik, mexanizatsiya bilan ishlov berishga qulaylik, agrotexnologiyaga moyilligi ham muhim belgilar hisoblanadi.
Oʻsimliklar Seleksiyasi boshlangʻich material yaratish yoki tanlashdan boshlanadi. Ular tabiiy va duragay populyatsiyalar, ilgari yaratilgan navlar, oʻzidan changlangan liniyalar, poliploidlar, mutantlar boʻlishi mumkin. Boshlangʻich materialdan tanlab olingan oʻsimliklar avlodi dastlabki baholash, baʼzan qayta tanlash uchun seleksion koʻchatzorlarga ekiladi. Ularning eng yaxshilari nav sinash uchun (dastlabki, stansion, konkurs) tanlab olinadi. Soʻngra ular yakuniy baholash va r-nlashtirish uchun Davlat sinoviga oʻtkaziladi (q. Davlat nav sinash tarmogʻi, Nav). Makkajoʻxori S. da geterozisi yuqori boʻlgan liniyalararo va nav liniyalari duragaylari yaratiladi. Qand lavlagining yuqori geterozisli shakllarini yaratish uchun diploidlar tetraploidlar bilan chatishtiriladi. Sorgo, pomidor, garmdori, piyoz, poliz va boshqa ekinlar. Seleksiyasida ham geterozis duragaylari chiqariladi.
Gʻoʻza Seleksiyasi yalpi tanlash, yakka tanlash usullari bilan serhosil va tezpishar navlar yaratish yoʻnalishida olib boriladi. Bunda navlarning sifat belgilariga (kasallik va zararkunandalarga, qurgʻoqchilikka, shoʻrga chidamliligi, tola chiqishi, mashinada terishga qulayligi va b.) eʼtibor beriladi. Boshlangʻich material sifatida chet el Seleksiya navlaridan, tur ichida va turlararo madaniy, yovvoyi, yarim yovvoyi nusxalarni va turlarni chatishtirish yoʻli bilan olingan populyatsiyalardan, radioaktiv nurlanishlar va kimyoviy mutagenlar taʼsirida chiqarilgan populyatsiyalardan foydalaniladi. Bir qancha mamlakatlarda geterozis samaradorligidan yoki turlararo va tur ichidagi duragaylar birinchi boʻgʻinining yuqori biologikxoʻjalik mahsuldorligidan foydalaniladi. Gʻoʻza Seleksiyasida oddiy yoki juft, pogʻonali, duragaylar ichida, duragaylararo, takroriy (bekkross), murakkab chatishtirish usullari qoʻllaniladi.
20-a. da Oʻzbekiston olimlari Seleksiyaning nazariy va amaliy masalalarini ishlab chiqishga munosib hissa qoʻshdilar. Gʻoʻza Seleksiyasida S. S. Kanash, A. I. Avtonomov, L. V. Rumshevich, A. Dadaboyev, S. S. Sodiqov, S. M. Mirahmedov, O. Jalilovvab., mevalar va tok Seleksiyasida M. Mirzayev, M. S. Juravel, A. M. Negrul, subtropik ekinlar (limon) S. sida 3. Faxriddinov, sabzavot, poliz ekinlari kartoshka Seleksiyasida D. Abdukarimov, A. Obidov, K. Yusupov, Ye. V. Yermolova, A. S. Hakimov va b., krramolchilik Seleksiyasida U. Nosirov, parranda (tovuq) S. sida S. Gʻ. Azimov, qoʻychilik S. sida I. N. Dyachkov, ipak qurtining yangi zotlari va duragaylarini yaratishda B. L. Astaurov, V. A. Strunnikov, U. Nasrillayev va b. ning xizmatlari katta.
Oʻzbekistonda Seleksiya ishlari Oʻzbekiston FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti, Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi ilmiyishlab chiqarish Markazining paxtachilik; gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi; oʻrmon xoʻjaligi; sholichilik; oʻsimlikshunoslik; bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik; sugʻoriladigan yerlarda don va dukkakli ekinlar; chorvachilik; krrakoʻlchilik; ipakchilik i. t. intlarida; lub ekinlari tajriba st-yasida; K,oraqalpogʻiston dehqonchilik i. t. in-tida; Toshkent agrar un-ti, Andijon, Samarqand qishloq xoʻjaligi intlari Seleksiya kafedralarida olib boriladi. Oʻzbekistonda Seleksiya amaliyoti, uni tashkil etish va Seleksiya yutuqlari (oʻsimliklar navi, hayvonlar zoti)ga doir huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining «Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida» qonuni (1996-y. 30 avg.) bilan tartibga solinadi.
Chet el mamlakatlarida Seleksiya ishlarini davlat seleksiyatajriba muassasalari va xususiy urugʻchilik firmalari amalga oshiradi. Meksikada yaratilgan kalta poyali bahori bugʻdoy navi (Sonora 63, Lerma Roxo va b.) boshqa mamlakatlarda bahori bugʻdoy S. sida foydalaniladi. Bunday navlarni yaratish burdoy hosildorligini ancha oshirish imkoniyatini berdi. Makkajoʻxorining (AQSH) yuqori hosilli duragaylari, qand lavlagining liniyalararo duragaylari (AQSH, Shvetsiya), kalta poyali javdarbugʻdoy amfidiploidlari (Kanada), serkraxmal kartoshka navlari (Gollandiya, GFR, Polsha), uy parrandalari inbred liniyalari (AQSH) muhim oʻrinda turadi.
Ad.: Simongulyan N. G., Shafrin A. N., Muhammadxonov Seleksiya, Gʻoʻza genetikasi, seleksiyasi va urugʻchiligi, T., 1974; Miraxmedov S, Mirjurayev M ., Kachestvo volokna i seleksiya sortov xlopchatnika, T., 1986; Yigitaliyev M ., Muhammadxonov S, Dala ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi, T., 1981; Abdukarimov D., Safarov T., Ostonaqulov T., Dala ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligi va genetika asoslari, T., 1989; Seleksiya yutuklariga oid qonunlar va meʼyoriy hujjatlar toʻplami, T., 2001; Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloqxoʻjaligi ekinlari taʼrifi, T., 2001.
Bahodir Normatov.