SHAFTOLI (Regasa) — raʼnoguldoshlarga mansub daraxtlar turkumi; mevali daraxti. Vatani — Oʻrta Osiyo. 6 turi maʼlum: oddiy Shaftoli, gansun Shaftolisi, david Sh. si, potanin Sh. si, mir Sh. si, fargʻona Sh. si.
AQSH, Yevropaning janubi, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Oʻrta Osiyo, Zakavkazyeda keng tarqalgan. Bundan 2 ming yil oldin madaniylashtirilgan. 5000 ga yaqin navi bor. Hoz. davrda Shaftoli Janubiy yarim sharning barcha subtropik va tropik mamlakatlarida oʻstiriladi. Jahon boʻyicha yalpi hosili 12,0 mln. t (1999). Oʻzbekistonda ekin maydoni jihatidan mevali daraxtlar orasida 3-oʻrinni egallaydi.
Bogʻdorchilikda, asosan, oddiy Shaftoli turi navlari oʻstiriladi (boshqa turlaridan manzarali oʻsimlik yoki payvandtag sifatida foydalaniladi). Boʻyi 3—9 m, bargi ketmaket joylashgan, nashtarsimon, gullari ikki jinsli. Mevasi sersuv (50 — 600 g gacha), danakli, yassi dumaloq, tuxumsimon, oqishyashildan toʻq qizilgacha, tukli va tuksiz (luchchak). Eti koʻkimtiroq, och pushti, sariq, toʻq qizil, danagidan ajraladi (ajralmaydigan navlari ham bor), mazasi nordonshirin, shirin. Tarkibida 80—90% suv, 10— 14% qand, 0,081,02% olma, vino, limon kislota, 0,56—1,26% pektin, shuningdek, oshlovchi va azotli moddalar, A, S, V vitaminlari, danagi magʻzida 20—60% yogʻ, amigdalin, oqsil moddalar va boshqalar bor. Yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva (jem, murabbo, kompot) qilinadi, bargi va guli qaynatmasi xalq tabobatida bosh ogʻrigʻi, revmatizm, oshqozonichak kasalliklarini davolashda qoʻllaniladi. Shaftoli yaxshi asal beruvchi daraxt.
Shaftoli danagidan va payvand qilib qoʻpaytiriladi. Payvandtag sifatida odsiy Shaftoli va boshqalar turlari urugʻkoʻchati, bodom, togʻolcha, baʼzan oʻrikdan foydalaniladi. Hosiddorligi 200—400 s/ga. Ekilganidan keyin 3 — 4yili hosilga kiradi. 12—15 yil yaxshi hosil beradi (daraxti 100—150 kg gacha). Oʻzbekistonda apr. da gullaydi, naviga qarab mevasi may—okt. oylarida pishadi. Shaftoli nisbatan issiqsevar, yorugʻsevar va —15, — 20° li qisqa sovuqlarga chidaydi, —25° da nobud boʻladi, ayniqsa, gullagan paytida bahorgi qorasovuqlardan koʻp zararlanadi. Koʻchati kuzda va bahorda 25—30 sm chuqurlikda haydalgan yerga 5×4, 5×5, 6×3 m sxemada ekiladi. Yosh daraxtlar vegetatsiya davrida 15—16, hosilga kirganlari 4—5, toshloq yerlarda 10—12-marta sugʻoriladi. Shaftoliga kosasimon shakl beriladi va har yili erta bahorda butaladi. Oʻzbekistonda 50 ga yaqin navlari r-nlashtirilgan. Shaftolining ertapishar — Anjir shaftoli. Lola, Morettini; oʻrtapishar — Zafar, Start, Malinoviy, Elberta, Shirinmagʻiz, Oq shaftoli, kechki — Salvey, Farhod navlari koʻp ekiladi.
Kasalliklari: barg bujmayishi, shira oqishi, dogʻlanish va boshqalar.
Zararkunandalari: Sh. barg biti, Shaftoli kuyasi, Shaftoli tana biti. Ularga qarshi bahorda kurtaklar boʻrtishiga qadar insektitsidlar va fungitsidlar bilan ishlov beriladi.
Ad.: Oʻrik, shaftoli, olxoʻri, T., 1960; Pomologiya Uzbekistana, T., 1983; Sobirov M . Q., Tomorqa bogʻdorchiligi, T., 1991.
Sulton Xolnazarov.