ShEROBODDARYO — Amudaryoning oxirgi oʻng irmogʻi, Irgʻoyli va Qizilsoy daryolari qoʻshilishidan hosil boʻladi. Machay qishlogʻigacha Machaydaryo, u yerdan Sherobod shahrigacha Sheroboddaryo, Sherobod shahridan quyilish joyigacha Qorasuvdaryo deb ataladi. Umumiy uz. 177 km. Havzasining mayd. 2950 km2, oʻrtacha suv sarfi may oyida 20,6 m3/sek. iyul oyida 18,3 m3/sek., togʻlardan chiqish yeridagi oʻrtacha suv sarfi 7,5 m3/sek. Suv oqimi yil davomida notekis taqsimlangan. Sheroboddaryo havzasidagi soyliklarning uvoq jinslari suvni yaxshi oʻtkazadi, yogʻinning koʻp qismi shu jinslar orasiga sizib, keyinchalik bir meʼyorda daryo oʻzaniga qaytib chiqa boshlaydi; shu tariqa oqim fasllar davomida bir tekis taqsimlanadi. Quyi oqimida daryo suvi kamayib ketadi. Sheroboddaryodan Darband, Dara, Sisanga, Xoʻjaboʻlgan, Munchoq, Sherobod qishloqlari suv oladi. Sheroboddaryoda Sherobod GES qurilgan.