ShEROZIY (taxallusi; asli nomi Yoqubov Madrahim, 1890, Xiva — 1973.22.10, Urganch) — xonanda va sozanda (dutor, garmon). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1949), Oʻzbekiston xalq artisti (1970). Qurji ota Avazmatovdan dutor chalishni, Polvon duzchidan suvora yoʻllarini, Qurbon ota Ismoilovdan xalq qoʻshiqlarini va garmon chalishni oʻzlashtirgan. Yoshligidan toʻy, bazm, xalq sayillarida xizmat qilib, Xorazm, Qoraqalpogʻiston va Turkmanistonda shuhrat qozongan. Xivada konsert brigadasi (1920), Hamza tashkil qilgan teatr truppasi (1921)da xonanda va sozanda. Moskvadagi oʻzbek sanʼati dekadasi (1937), Katta Fargʻona kanali qurilishi (1939)da qatnashgan. 1941— 45 yillarda Yangiyoʻl musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. U xalq qoʻshiqlari (mas, «Tasadduqman», «Qora shomlar», «Aliqambar» «Qora soching» va boshqalar), Xorazm doston yoʻllari, suvoralar, maqomlarning tarona va ufar qismlarini mahorat bilan ijro etgan. Sheroziy bastalagan «Gul Vatan», «Asrlar orziqib» va boshqalar qoʻshiqlar ommalashgan. Sanʼatshunoslik instituti Sh. dan ayrim xorazm xalq qoʻshiqlari va, asosan, suvoralarni magnit lentasiga yozib olgan (1957). M. Yusupov Sh. ijrosida notaga olgan xorazm xalq qoʻshiqlarini «Oʻzbek xalq muzikasi»ning 7jildiga kiritgan (1960). V. Fayozov, K. Otaniyozov, M. Rahimov, S. Rahimova, M. Yusupovlar Sh. ning shogirdlaridir.
Ad.: Avaz Sotim, Madrahimov O., Madrahim Sheroziy, Urganch, 1989.