SHEʼRIYAT

SHEʼRIYAT, poeziya — sheʼriy asarlar majmui. Dastlab Sheʼriyat deyilganda, umuman badiiy adabiyot tushunilgan. Sheʼriyat badiiyatga daxldor sanalgan. Insoniyat tarixida faqat sheʼr shaklida yozilgan bitiklargina soʻz sanʼatiga tegishli hisoblab kelingan. Garchi qadim zamonlarda ham nasrga oid asarlar yaratilgan boʻlsada, ular nafis sanʼatga, badiiy adabiyotga tegishli emas, deb qaralgan. Sheʼrning muayyan ichki tartib asosiga qurilganligi, oddiy soʻzlashuvga oʻxshamasligi, hamma ham fikru tuygʻularini bu shakdda ifodalay olmasligi unga qandaydir sirlilik, mumtozlik maqomini beradi. Bunday qarash butun dunyoda hukmron boʻlgan. Yevropada Uygʻonish davriga kelibgina nasriy asarlar badiiy adabiyotga tegishli ekanligi tan olingan. Rossiyada 19-asr boshlarida nasriy asarlar ham badiiy adabiyot namunalari sanaladigan boʻldi. Musulmon Sharqida esa, nasrni soʻz sanʼatiga tegishli, deb hisoblamaslik 19-asr oxirlariga qadar davom etib keldi.

Alisher Navoiy «Hayrat ulabror» asarida chamanzordagi gul kabi goʻzal va tartibli sheʼr (nazm)ning tuproqqa qorishib yotgan chechak singari boʻlgan nasrdan mislsiz darajada ustun ekanligini «Nazm anga gulshanda ochilmogʻligʻi, Nasr qaro yergʻa sochilmogʻligʻi» va «Boʻlmasa eʼjoz (moʻjiza) maqomida nazm, Boʻlmas edi Tengri kalomida nazm» tarzida ifoda etadi. Shuning uchun ham oʻzbek adabiyoti tarixida Sheʼriyat ustuvor oʻrin tutadi. Sheʼriyatning axborot berish vositasigina boʻlgan soʻzlashuvdan yoki fikrni tushuntirish yoʻli boʻlmish ilmiy bayondan oʻzining alohida qurilishi, nutqning odatdagi talablariga boʻysunmasligi bilan ajralib turishi, kishida hissiyot uygʻotadigan ohangga egaligi ajdodlarimizda unga nisbatan ehtiromli munosabat uygʻotgan. Sheʼriyatga xos musiqiylik, tartiblilik, shartlilik uni oʻz-oʻzidan ijodga, badiiyatga daxldor qilib qoʻrsatgan.

Sheʼriyat tufayli inson nutqi jarangdor musiqiylik, tugallik, butunlik va uygʻunlik kasb etadi. Chunki Sheʼriyatda soʻzning sehrli jozibasi, odam ruhiyatiga taʼsir koʻrsata oladigan darajadagi koʻtarinkiligi namoyon boʻlgan. Qadimda Sheʼriyatga ijro etiladigan, binobarin, kishilar tomonidan bevosita idrok qilinadigan hodisa sifatida qaralgan. Minglab yillar mobaynida Sheʼriyat, asosan, inson tuygʻulariga taʼsir koʻrsatish vositasi sanalgani uchun ham uning musiqiyligi, ohangdorligi va jarangdorligiga alohida eʼtibor berilgan. Sheʼriyat namunalari faqat mazmuni bilan emas, balki ifoda tarzi orqali ham oʻquvchilar va tinglovchilarni rom etgan. Bu hol Sh. namunalarining kuylaydigan darajadagi qatʼiy akustik xususiyatlarga ega boʻlishini taqozo qilgan. Sheʼriyatda muayyan musiqiy zarb (ritm) va qofiya, poetik sintaksis va inversiyalar qoʻllanishi soʻzlarning harakatchanligi, ohangdorligi va yoqimliligini taʼminlaydi. Bu hol mazmun tovlanishlariga erishish borasida Sheʼriyatga tuganmas imkoniyatlar beradi. Nasriy asarlar oʻquvchi tomonidan yolgʻiz idrok etilgani, asosan, ichda oʻqilgani uchun ham muallif hamda qahramonlar ovozini har bir kishi alohida «ichki quloq» bilan eshitgan.

Sheʼriyat uchun voqea va tafsilotlar tasviri emas, balki inson ruhiyati ifodasi muhimdir. Bu borada oʻzbek Sheʼriyati ayricha yuksak maqomda turadi. Shu bois milliy Sheʼriyat uchun voqeabandliqdan koʻra inson tuygʻulari jilvasi, chigal kechinmalarini hissiyotga taʼsir etadigan, uni titroqqa soladigan yoʻsinda ifoda etish muhimdir. Qatʼiy poetik qoliplarga amal etilgan holda sheʼriy kashfiyotlar qilish zaruriyati oʻzbek Sheʼriyat ining mukammallashuviga olib keldi.

Shoir sheʼriy olamining tamomila oʻzgachaligi, muayyan sheʼrda ifodalangan poetik mazmunni boshqa asarlarda, boʻlakcha yoʻsinda berish deyarli mumkin emasligi Sheʼriyatda universallikning koʻzga koʻrinmaydigan, ilgʻab boʻlmaydigan darajada kam ekanligiga sababdir. Har bir sheʼr oʻzigagina mansub qoida bilan tugʻiladi va shunga koʻra yashaydi. Choʻlpon qalamiga mansub quyidagi misralarda Sheʼriyatga xos ayni shu xususiyatlarni koʻrish mumkin: Bir tugam sochlaring mening qoʻlimda, Gʻijimlab oʻpaymi yo tarab ochay? Sir deb saqlaganing mening qoʻynimda, Sir deb saqlayinmi yo yelga sochay? Sochilgan sochingday sochilsa siring, Anor yuzlaringni kimga tugasan? Oʻzingku ularda vafo yoʻq deding, Nimaga ularni tagʻin kutasan? Bu misralar nasriy matnga aylantirilsa, undagi sirlilik, taʼsirchanlik, mukammallik butunlay yoʻqqa chiqib, oddiy soʻzlarning unchalik ham mantiqli boʻlmagan yigʻindisiga aylanib qoladi. Sheʼriyatning sehri uning mohiyatini anglash mushkulligida, mazmunning tutqich bermasligidadir. Shoirning oʻzigagina xos jonli ohang, faqat oʻzigagina tegishli betakror ruhiy holatning ifodalanishi Sheʼriyatni yuksak darajaga koʻtaruvchi omildir.

Soʻz sanʼatining alohida shakli sifatida nasrning paydo boʻlishi oʻzbek Sheʼriyat ining mohiyatini oʻzgartirib, taraqqiyotini susaytirib qoʻymagan boʻlsada, uning tabiatiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Yangi oʻzbek Sheʼriyati yanada nafislashdi, yanada turfalashdi. Sheʼriyat jamiyat va tabiatda roʻy bergan hayotiy hodisani badiiy hodisaga aylantirish vositasi hamda shaxsiy kechinmalarni, shoirning betakror va haqiqiy hislarini ifoda qilishning yoʻli sifatida shiddat bilan rivojlanmoqda. Shubhasiz, yangi oʻzbek Sheʼriyati koʻproq lirik mohiyat kasb etayotir.

Qozoqboy Yoʻldoshev.


Lotin alifbosida maqola: SHEʼRIYAT haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: SH harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ALISHER NAVOIY
XITOY
ROSSIYA
YAPONIYA
FRANSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты