STAFILINLAR (Staphylinidae) kalta ustqanotli qoʻngʻizlar oilasi. 30 mingdan ortiq turi maʼlum. Tanasi ingichka va choʻziq (1,5—40 mm); ust qanoti kalta, boshi, koʻkragi va korni oʻzaro birikkan, harakatchan. Qanotlari yaxshi rivojlangan. Lichinkasining boshi yirik, oyoqlari harakatchan. Stafilinlar keng tarqalgan. Hazon, daraxt poʻstloqlari ostida, qush va b. hayvonlar hamda chumolilar inida yashaydi. Stafilinlarning koʻpchiligi entomofaglar, shuningdek, parazit, saprofag (chirigan hayvon qoldiqlari bilan oziqlanadi), nekrofag (oʻlimtikxoʻr)lari ham mavjud. Yirtqichlaridan oleoxarlar (Aleocharabilineata, A. bipustulata) maʼlum. Ularning voyaga yetgan qoʻngʻizlari karam pashshasining tuxum va lichinkasi bilan, Oligota oviformus Cas. qoʻngʻizi oʻrgimchakkana va b. bilan oziqlanadi. Baʼzi turlari qishloq xoʻjaligi. ekinlarining ikkinchi darajali zararkunandasi. Paederus turkumiga kiradigan Stafilinlar qonida zaharli modda boʻlib, ezilganda kishi terisida yalligʻlanish paydo qiladi.
Alovuddin Hamroyev.