SUBOSHI — lashkarboshi, sarkarda, oliy bosh qoʻmondon. Bu unvon Turk xoqonligida saltanat uchun qilgan buyuk xizmatlari, sarkardalik isteʼdodi bilan dong taratgan shaxslar (mas, Turk xoqonligida Kultegin, Moʻgʻilon, Inal qagʻan) gagina berilgan. Qoraxoniylar qoʻshinida Sdan rostgoʻylik, shijoat va botirlik, harbiy amaliyotlar chogʻida turli harbiy mahorat ishlata bilishlik talab qilingan. Saljuqiylar saltanatida «Suboshi» atamasi qabila boshligʻi, viloyat, oʻlka hokimi maʼnolarida qoʻllangan. Saljuqiylar sulolasi asoschisi Saljuq xam S unvoniga ega boʻlgan. Viloyat hokimlariga S unvoni qatori arabcha «amir» unvoni ham berilgan. Suboshi sulton farmoniga muvofiq harbiy yurishga chiqqan. Usmonli turklar davlatida Suboshi avvalgi mavqeini asta-sekin boy bergan, u chekka viloyatlarda mirshab vazifasini bajargan. Uning vazifasini bashbuk, miri ashiret, reye deb atalgan amaldorlar egallagan. Ayni shu maʼnoda Suboshining Oʻrta Osiyoda ham faoliyat koʻrsatganligi tarixiy manbalarda aks etgan. Hoz. Turkiyada yermulkni boshqaruvchi shaxs S. atamasi bilan ataladi.