SHOʻRBULOQSOY (Oltikoʻl, Sarmichsoy, Buragansoy, Shahristonsoy) — Tojikiston Respublikasining Sugʻd viloyati va Oʻzbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyatining jan. dagi daryo. Uz. 92 km, havzasining mayd. 712 km2. Turkiston tizmasining shim. yon bagʻridagi Shahriston dovonidan (3270 m) boshlanadi. Bosh qismida (chap irmogʻi boʻlgan Qumbel jilgʻasining quyilish joyigacha) Oʻrtakoʻl, undan quyiroqda (Shahriston qishlogʻigacha) Oltikoʻl, keyin Sarmichsoy, Nijoni qishlogʻidan quyida Havotag va Oʻzbekiston hududiga oʻtgach Nurbuloqsoy, Uchqoʻrgʻon qishlogʻidan quyida Shoʻrbuloqsoy deb ataladi. Quyilish qismi Xovos t. y. stansiyasidan 4 km shim. gʻarbda. Asosiy irmoqlari oʻngdan — Kusavli, chapdan — Yaskaksuv. Qor suvlaridan toʻyinadi. Oʻrtacha yillik suv sarfi Yaskaksuvning quyilish joyidan pastroqda, Shahriston qishlogʻidan 2 km yuqorida — 1,1 m3/sek. Eng koʻp yillik suv sarfi 1,50 m3/sek, eng kam yillik suv sarfi 0,740 m3/sek. Toʻlinsuv davri apr. dan avgustgacha. Suvi sugʻorishga sarflanadi.