SHOʻRTOBLAR — tuproqlar tipi; yuvilmaydigan suv rejimi sharoitida tuproq singdirish kompleksida natriy (singdirish hajmining 10 — 14% dan 70% gacha) toʻplanganda (tuproq eritmasi yoki grunt suvidan oʻtadi) shakllanadi (shoʻrtoblanish jarayoni). Shoʻrtoblarda tabiiy holda qora shuvoq, izen, shoʻra va boshqalar oʻsimliklar oʻsadi. Afrika, Osiyo, Shoʻrtoblar Janubiy Amerika, Avstraliyada uchraydi. Tuzlar tarkibiga koʻra, sodali va sodasulfatli, xloridsulfatli boʻladi. Tuzlarning joylashish chuqurligiga nisbatan shoʻrxokli Shoʻrtoblar (suvda oson eriydigan tuzlar 5—20 sm chuqurlikda joylashgan), shoʻrxoklangan Shoʻrtoblar (20—40 sm) va yuvilgan Shoʻrtoblar (60—80 sm) mavjud. Shoʻrtoblar namlanganda kuchli disperslanadi, tuproqning strukturasiz massasi boʻkadi va suv oʻtkazmaydi, quriganda esa zichlashib, palaxsapalaxsa yorilib ketadi. Shoʻrtoblarning meliorativ holatini yaxshilash uchun kalsiy tuzlari, ayniqsa, gips solinadi. Bunda kalsiy tuproq singdirish kompleksidagi natriyning oʻrnini olib, tuproq strukturasining tiklanishiga imkon yaratadi. Sodali Shoʻrtoblarga gips solish, ayniqsa yaxshi natija beradi. Xloridsulfatli Shoʻrtoblarni plantaj haydash, oʻt oʻsimliklar (ayniqsa, ildiz sistemasi kalsiy birikmalariga moyil boʻlgan dondukkakli)ni ekish yoʻllari bilan oʻzlashtirish mumkin. Ad.: Pochvovedeniye, M., 1988.