SUD TIBBIYOTI — tibbiyotning bir boʻlimi; dastlabki tergov va sud amaliyotida yuzaga keladigan tibbiy va biologik muammolarni oʻrganadi.
«Sud tibbiyoti» atamasini ilk bor 1690-y. nemis olimi Iogan Bonn tavsiya etgan. Sud tibbiyoti birbiridan uzoqroq sohalar — tibbiyot va huquq fanlarini oʻzaro bogʻlaydi. Qadim zamonlardayoq sogʻliqqa putur yetganda yoki oʻlim roʻy berganda huquqiy masalalarni hal etishga vrachlar jalb qilingan. Xitoyda 13-a. da SunSi tahriri ostida «SiYuanLu» kitobi chop etilgan boʻlib, unda murdani koʻzdan kechirish, undagi oʻzgarishlar, jaroxatlar, zaharlanishlar va h. k. haqida maʼlumotlar keltirilgan. Abu Ali ibn Sino oʻzining «Tib qonunlari» kitobida murdadagi oʻzgarishlarning kelib chiqish sabablarini tushuntirib berishga harakat qilgan. Kitobilaning IV—V jildlarida zahar va zaharlanishlar, mexanik jarohatlar haqida maʼlumotlar berilgan. Ibn Sino jarohatlarni farqlab tasvirlash haqida fikr yuritgan.
Oʻzbekistonda Sud tibbiyoti fanining rivojlanishi 20-a. ning boshlariga borib taqaladi. 1922-y. Toshkentda Turkiston un-tining tibbiyot fti qoshida Sud tibbiyoti kafedrasi tashkil etilib, Sud tibbiyoti ekspertizalarini rasman oʻtkazish va kadrlarni tayyorlash ishlari boshlandi.
OʻzR da Sud tibbiyoti fanining quyidagi tizimlari mavjud: S. t. fani va uning kelib chiqish tarixi; S. t. ekspertizasining protsessual va tashkiliy asoslari; tashqi taʼsirotlar natijasida jarohatlanish va oʻlimning kelib chiqishi; tirik shaxslar sud tibbiy ekspertizasi; murdalar sud tibbiy ekspertizasi; ashyoviy dalillar sud tibbiy ekspertizasi; jinoiy va fuqarolik ishlari materiallari boʻyicha sud tibbiy ekspertizasi; tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy huquqbuzarliklari boʻyicha sud tibbiy ekspertizasi. Shuningdek, Sud tibbiyoti qonunlar asosida tibbiy maʼlumotlarni tahlil qiladi.
Sud tibbiyoti tibbiyotning boshqa sohalari, xususan patologik anatomiya (murdalarni tekshirishda), farmakologiya va toksikologiya (zaharlanishlarni oʻrganishda), klinik fanlar (tirik shaxslarni koʻrikdan oʻtkazish), gematologiya va immunologiya fanlari bilan (ashyoviy dalillarni tekshirishda) uzviy bogʻliq.
Oʻzbekistonda Sud tibbiyoti fanining rivojlanishida I. V. Markovich, M. I. Rayskiy, N. F. Kolosova, SSH. Shaxabutdinov, F. J. Toʻlaganov, J. J. Jalolov va b. ning xizmatlari katta. Mamlakatdagi mavjud tibbiyot intlarida Sud tibbiyoti kafedralari mavjud, u yerda va huquqshunoslik yoʻnalishidagi oʻquv muassasalarida Sud tibbiyoti fani oʻqitiladi. Sud tibbiyoti ekspertlari vrachlar malakasini oshirish intlarida oʻz malakalarini oshiradilar. Hoz. Sud tibbiyoti kafedralarida magistrlar tayyorlanmoqda. Oʻzbekistonda sud tibbiyotchilarining ilmiy jamiyati tashkil etilgan (1954). «Oʻzbekiston sud tibbiyoti ekspertlarining ilmiy maqolalar toʻplami» chop etilmoqda (1975-y. dan). 1990-y. dan boshlab «Sudtibekspertiza» ilmiyoʻquvamaliy birlashmasi faoliyat koʻrsata boshladi.
Ad.: Jalolov J. J., Sud tibbiyoti, T., 1996.
Ibrohim Bahriyev.