SUDAN

SUDAN, Sudan Respublikasi (Jumhuriya asSudan) — Afrikaning shim. sharqida joylashgan davlat. Mayd. 2,5 mln. km2. Aholisi 37,09 mln. kishi (2002). Poytaxti — Xartum sh. Maʼmuriy jihatdan 26 shtatga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. S — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1998-y. 30-iyunda kabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (1993-y. dan Umar Hasan Ahmad alBashir), u toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy assambleya (parlament), ijrochi hokimiyatni prezident tayinlaydigan hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. S hududining katta qismi bal. 300—1000 m boʻlgan plato; shim. da uning talaygina qismida Liviya va Nubiya choʻllari, jan. da Markaziy Afrika togʻligi (eng baland joyi — Kinyeti togʻi, 3187 m), gʻarbda Darfur va Kordofan platolari, sharkda Efiopiya togʻligining etaklari joylashgan. Kizil dengiz sohili — ensiz pasttekislik. Mis, oltin, xromit, temir, marganes rudalari, neft, marmar, gips konlari bor. Iklimi — shim. da tropik choʻl iqiimi, issiq va qurgʻoqchil, jan. da ekvatorial, mussonli. Xartumda oʻrtacha tra yanv. da 22°, iyulda 33°. Iillik yogʻin shim. da 20 mm gacha, mamlakat oʻrta qismida .100—300 mm, jan. da 1000 mm dan ortiq. Asosiy daryosi — Nil va uning irmoklari — Oq Nil va Koʻk Nil. Daryolardan ekinzorlarni suyurishda, yuk tashishda va gidroenergiya olishda foydalaniladi. Sudan jan. dagi baland boʻyli oʻtlar oʻsuvchi savannalarda qizil ferralit va alferrit tuproklar, shim. roqdagi choʻlga aylangan quruq savannalarda qizilqoʻngʻir va qizgʻish qoʻngʻir tuproklar, ayrim joylarda qoramtir ogʻir tuproqlar tarqalgan. Tropik, gidromorf va allyuvial tuproqlar ham uchraydi. Jan. da va togʻlarda tropik oʻrmonlar bor, baobab va akatsiya koʻp. Hayvonot dunyosi boy: kiyik, gʻizol, jirafa, fil, qoplon, arslon, begemot va b., qushlardan tuyaqush, marabu, sesarka, sudralib yuruvchilardan piton, daryolarda timsoh, har xil baliklar bor. Boma, Dinder, Nimule, Sautern milliy bogʻlari, Erkovit qoʻriqxonasi tashkil etilgan.

Aholisining aksariyati arablar. Nil vodiysida nubiylar, shim. sharqida bejalar, shuningdek, dinka, azande, nuer, shilak xalqlari ham yashaydi. Shahar aholisi 35%. Rasmiy til — arab tili. Rasmiy din — islom. Xristianlar ham bor. Yirik shaharlari: Xartum, Omdurman, Shim. Xartum, PortSudan, Juba, AlUbayd.

Tarixi. Sudan hududida tosh davridan odam yashay boshlagan. Mamlakatning katta qismi (qadimda Kush mamlakati, 7-a. dan Nubiya) da qad. misrliklarga yaqin boʻlgan somxom va kushit qabilalari istiqomat kilganligi maʼlum. Mil. av. 2ming y. likda jan. dan kelgan negroid qabilalar ularga qoʻshilib ketgan. Mil. av. 16 — 12-a. larda S. Misrga tobe boʻlgan. Mil. 6-a. da xristianlik tarqala boshladi. 7-a. ga kelib, Sudanda Aloa, Mukurra va Nobatiya xristian davlatlari paydo boʻldi. 7-a. oʻrtalaridan arablar kirib kela boshladi. Natijada mamlakat shim. va gʻarbiy hududlarida islom dini va arab madaniyati tarqaldi. 14-a. oxiri — 16-a. boshlarida musulmon davlatlari (Darfur, Sennar sultonliklari va b.) vujudga keldi. 1820—22 y. larda Sudanning katta qismini Misr hukmdori Muhammad Ali bosib oddi. Sudan garchi Usmonli turk imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshilgan boʻlsada, amalda Misr mulkiga aylandi. 19-a. ning 60y. lari oxiri — 70y. lar boshlaridan Sudanda Buyuk Britaniya taʼsiri kuchaya boshladi. Ingliz mustamlakachilarining shafqatsiz zulmiga qarshi xalq ommasi koʻp marta qoʻzgʻolon koʻtardi (q. Mahdiychilar qoʻzgʻoloni). 1899-y. inglizlar S. ni Buyuk Britaniya bilan Misrning mushtarak mulki (kondominium) deb eʼlon qiladigan bitimni Misrga majburan imzolatdi. Sudan rasman AngliyaMisr Sudani deb atala boshladi. Sudan amalda Angliyaning mustamlakasiga aylanib, uning asosiy paxta bazasi boʻlib qoldi. Sharqsa milliy ozodlik kurashi yuksalgan sharoitda Sudanda dastlabki siyosiy tashkilotlar tuzildi. 2-jahon urushi vaqtida Sudan harbiy qismlari Eritreya, Misr, Liviya, Tunisda fashist davlatlari qoʻshinlariga qarshi jangovar harakatlarda qatnashdi. Urushdan keyin mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1955-y. noyab. da ingliz va Misr qoʻshinlari Sdan olib ketiddi. 1956-y. 1 yanv. da Sudan mustaqil davlat deb zlon qilindi. 1958—64 y. larda Sda diktatorlik rejimi oʻrnatildi. 1969-y. davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatni J. Nimeyri boshliq xarbiylar qoʻlga oddi. 1972-y. S janubi muxtoriyat maqomini olgach, 17 y. lik fuqarolar urushiga chek qoʻyildi. 1980-y. dan, ayniqsa, islom qonunchiligi butun mamlakatga joriy etilganidan (1983) keyin, jan. da yana fuqarolar urushi boshlandi. 1985-y. da Nimeyri rejimi agʻdarib tashlandi va 1986-y. da S alMaxdi boshchiligida koalitsion hukumat tuzildi, siyosiy partiyalar tarqatib yuborildi. 1989-y. harbiy toʻntarish sodir boʻlib, Milliy najot inqilobiy qoʻmondonligi Kengashi oliy qonun chiqaruvchi va ijrochi organ boʻlib oldi, u 1993-y. Umar Hasan Ahmad alBashirni mamlakat prezidenta etib tayinladi va oʻzini oʻzi tarqatib yubordi. 1999-y. 1 yanv. dan siyosiy partiyalar faoliyatiga ruxsat berildi. 2000-y. 13—22 dek. da prezident va parlament saylovlari oʻtkazildi. U. H. A. alBashir yana Sudan prezidenti etib saylandi. Sudan 1956-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 1 yanv. — Mustaqillik kuni (1956). OʻzR suverenitetini 1991-y. 30 dek. da tan olgan.

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. AlUmma («Millat») partiyasi, 1945-y. asos solingan; Birlashgan demokratik partiya, 1967-y. tuzilgan; Milliy kongress partiyasi, 1999-y. tashkil etilgan. Sudan ishchi kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1950-y. asos solingan, Xalqaro arab kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Afrika kasaba uyushma birligi tashkilotiga kiradi.

Xoʻjaligi. Sudan — qoloq agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi. ning ulushi 46,3%, sanoatning ulushi 22,8%, xizmat koʻrsatish soqasining ulushi 30,8%.

Qishloq xoʻjaligida mehnatga layoqatli aholining 80% band boʻlib, eksport tushumining 95% ni taʼminlaydi. Q. x. da foydalaniladigan 8,4 mln. gektar yerning 2,6 mln. gektari sugʻoriladigan, 5,4 mln. gektari lalmi yerlardir. Paxta eng muhim eksport ekini boʻlib (Afrikada Misrdan keyin 2oʻrin), Gezira, Oq va Koʻk Nil, Atbara vodiylarida yetishtiriladi. Kordofan platosi, Koʻk Nil va Atbara vodiylarida kunjut, Darfur va Kordofan platolarida yer yongʻoq, hamma vohalarda oq joʻxori, tariq ekiladi, shim. da xurmo yetishtirilady va makkaisano bargi terib olinadi. Texnika ekinlaridan shakarqamish va b. yetishtiriladi. Aqoqiyo (arab yelimi) yetishtirishda dunyoda yetakchi oʻrinda turadi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy, echki, tuya, xachir, yilqi va b. boqiladi.

Sanoatida mehnatga layoqatli Agʻolining 5% band boʻlib, u asosan mahalliy qishloq xoʻjaligi. xom ashyosini qayta ishlash va yogʻochsozlik korxonalaridan iborat. Oziqovqat sanoatida yogʻ, sut, qandshakar, konserva z-dlari, yengil sanoatda toʻqimachilik, poyabzal, paxta tozalash, shuningdek, mashinasozlik va metallsozlik, kemasozlik, neft, sement, mineral oʻgʻit ishlab chiqarish. korxonalari bor. Oz miqdorda oltin, uran, xrom, temir, marganes rudalari va gips qazib olinadi. Keyingi davrda neft qazib chiqarish koʻpaydi. Dengiz suvidan tuz ajratib olinadi. Yiliga oʻrtacha 1,33 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari: Xartum, Omdurman, PortSudan, Atbara, VodiyMadoni. T. y. uzunligi 5,5 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 21,4 ming km. Asosiy dengiz porti PortSudan. Nil va uning irmoqdarida kema qatnaydi. Xartumda xalqaro aeroport bor. Chetga paxta, xom neft, oq joʻxori, aqoqiyo, yer yongʻoq, kunjut, chorva mollari chikaradi, chetdan mashina va uskuna, bugdoy, neft mahsulotlari, transport vositalari, doridarmon oladi. Saudiya Arabistoni, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya, AK. Sh, Yaponiya, BAA bilan savdo qiladi. Pul birligi — sudan dinori.

Tibbiy xizmati. Vrach va farmatsevtlar Xartum un-tining davolash va farmatsevtika ftlarida, oʻrta malakali tibbiyot xodimlari 14 tibbiyot maktab va kollejlarida tayyorlanadi. Shim. Xartumda oʻrta maʼlumotli veterinariya mutaxassislari tayyorlaydigan 2 y. lik in-t (maktab) bor.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 19-a. gacha Sudan shimolida 2—3 y. lik musulmon maktablari boʻlgan. Mustamlakachilar kelgach, ingliz taʼlim tizimi namunasidagi 4 y. lik boshlangʻich, 4 y. lik oraliq, 4 y. lik oʻrta maktablar tuzila boshladi. 1970-y. maktab tizimi isloh. qilinib, 7—13 yoshdagi bolalar uchun 6 y. lik boshlangich, 6 y. lik oʻrta (3 y. lik toʻliqsiz va 3 y. lik toʻliq) maktab joriy etildi. Qizlar maktabida uyroʻzgʻor va tikuvchilik ham oʻrgatiladi. Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari ped. oʻquv yurtida, toʻliqsiz oʻrta maktab oʻqituvchilari ped. markazlarida 2 y. davomida tayyorlanadi. Hunartexnika taʼlimi boshlangʻich va toʻliqsiz maktab negizida 4 y. davomida olib boriladi. Xartum un-ti, Qohira un-tining Xartum filiali, Omdurmandagi islom inti, Juba un-ti, VodiyMadonidagi Gezira un-ti kabi oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, 2—3 y. davomida oʻrta maxsus taʼlim darajasida maʼlumot beradigan bir kancha in-t va kollejlar (Xartum politexnika inti, tibbiyot kolleji va b.) ham bor. Xartum un-tining kutubxonasi, Omdurmandagi Ommaviy kutubxona, Xartumda Milliy muzey, Etn. muzeyi, Tabiat tarixi muzeyi, Meroeda Muzeyqoʻriqxona mavjud. Ilmiy tadqiqotlar un-tlarning laboratoriyalarida, Afrika va Osiyo intida, Xartumdagi sanoat tadqiqotlari in-tida, bir qancha vazirliklarga qarashli ilmiy muassasalarda olib boriladi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Sudanda bir kancha gaz. va jurnali nashr etiladi. Yiriklari: «AlAyyom» («Kunlar», arab tilida chiqadigan kundalik gaz., 1953-y. dan), «AlQuvvat alMusallaxa» («Qurolli kuch lar», kundalik gaz., 1969-y. dan), «Assahafa» («Matbuot», arab tilida chikadigan kundalik gaz., 1962-y. dan), «Sudan standard» («Sudan bayrogʻi», ingliz tilida haftasiga 2-marta chikadigan gaz., 1973-y. dan), «Sudan nush» («Bugungi Sudan», ingliz tilida chiqadigan oylik jurnali, 1976-y. lan). Sudan axborot agentligi (SUNA) hukumat axborot mahkamasi, 1970-y. asos solingan. Davlat Milliy radioeshittirish va telekoʻrsatuv korporatsiyasi mavjud.

Adabiyoti. Koʻhna Sudan tamadduni (sivilizatsiyasi) Qad. Misr va yunon madaniyatlari bilan bogʻliq ravishda rivojlangan. 7-a. dan arab tili singib, adabiy asarlar shu tilda yozila boshladi. 17— 18-a. larda Hammad ibn Muhammad ibn Ali alMumayux va Muhammad alJaali kabi atoqli shoirlar ijod qildilar. 19a. xalq sheʼriyatida (X. Abu Sinna, Umm Museymasxonim, Bint alMakkaviy va b.) chet el istilochilariga qarshi kurash, arablar birligiga daʼvat ohanglari yangraydi. Mumtoz adabiyot namoyandalaridan Muhammad Sayd alAbbosiy, Abdulloh Abdurahmon, Husayn azZahra ijodi ajralib turadi. Yahyo asSalaviy Nil vodiysi xalqlarini «birgalikda kurashish»ga chaqiruvchi sheʼrlari bilan mashhur boʻldi. 20-a. ning 10—20y. larida milliy matbuot yuzaga keldi. 30y. larda Abu Jukkud, Ali Ahmadoniy, Hamza alMalik Tunbul, Yusuf Bashir atTijoniy kabi shoirlar adabiyotni rivojlantirdilar. Muhammad Ahmad Mahjub va Abdulhalim Muhammadlar qissa va roman janrida ijod qila boshladilar. 20-a. ning 2-yarmida shoirlardan Toj asSirr Hasan, Jili Abdurahmon, Jaʼfar Hamid alBashir, Muhammad Miftoh alFayturiy, yozuvchilardan Usmon Ali Hyp, Abu Bakr Xolid, atTayib Zarruk ijtimoiy mavzularda asarlar yozishdi. Sudanda xalq, ogʻzaki ijodi xam keng yoyilgan. Shimoliy Sudanda folklar janrlari boshqa arab mamlakatlari ogʻzaki ijodiga, janubiy Sudanda esa tropik Afrika madaniyati namunalariga oʻxshash.

Meʼmorligi va tasviriy saiʼati. Ilk neolit davri (mil. av. 7ming y. lik oxiri — 4ming y. lik boshlari)ga oid loydan ishlangan hayvon qaykalchalari, sopol idishlar, qoyaga ishlangan suratlar topilgan. Mil. av. 2ming y. likda Sudan sanʼati Qad. Misr madaniyati oʻzanvda rivojlangan. Mil. av. 1ming yillik oxiridan moddiy madaniyatda oʻziga xos belgilar paydo boʻla boshlagan. Mil. av. 22—18-a. larda xom gʻishtdan toʻgʻri burchakli kulbalar, zodagonlar uchun koʻp xonali uylar (Areykada), ibodatxonalar (Sulba va Kavada), istehkomlar (Semna, Kummada), sagʻanalar barpo etilgan. Sudanda xristianlik tarqalishi bilan (mil. 6-a. ning 2-yarmi) meʼmoriy uslubi va devoriy rasmlari kopt sanʼatiga yaqin boʻlgan cherkovlar qurila boshladi. 15— 16-a. larda Gʻarbiy Sudan meʼmorligining Sharqiy Afrika oʻrta asr tosh meʼmorligiga oʻxshash jihatlari koʻp boʻlgan. 19— 20-a. larda Qizil dengiz boʻylarida marjon ohaktoshlaridan tiklangan uylar, Sudan janubidagi negroid qabilalarida loy va shoxshabbadan toʻqima qilib yasalgan, tomi oʻt va poxol bilan yopilgan kulbalar aholining asosiy turar joyi boʻlgan. 20-a. oʻrtalarigacha zamonaviy imoratlar faqat Xartum, PortSudan, Atbara va b. yirik shaharlarda qurildi. 1956-y. dan sanoat va turar joy binolarini loyiha asosida keng koʻlamda barpo etish, shaharsozlikni tartibga solish ishlari olib boriddi, jahon meʼmorligi tajribasidan foydalanishga harakat qilindi.

20-a. oʻrtalaridan tasviriy sanʼatda dastgoh rassomligi milliy maktabi vujudga keldi, unda mahalliy bezak va yevropacha anʼanalarni birga qoʻshish odat tusiga kirgan. Keyingi yillarda M. Kua, A. Hamid kabi haykaltaroshlar, X. Abbos, M. O. Bashir kabi rassomlar, A. A. Borxan kabi grafika ustalari yetishib chikdi. Sudan tasviriy va amaliy sanʼatida yogʻoch va loydan haykalchalar yasash keng tarqalgan. Shimoliy Sudan arablari orasida kandakorlik, teridan turli anjomlar yasash, jan. xalqdarida pichoqchilik, badiiy toʻqimachilik anʼanaviy mashgʻulot hisoblanadi.

Musiqasi koʻpgina xalqlarning musiqiy anʼanalarini oʻz ichiga oladi. Sudan cholgʻu asboblari xilmaxil. Lirashmon torli tambur va uning turlari — kisir (nubiylarda), benebene (Gʻarbiy Sudanda), bangiya (Sharqiy Sda), tom (Jan. Sda); torlikamonli umkiki, tor (toʻrtburchak doira), turli barabanlar — dolyuka (loy baraban), dingir (suv toʻddirilgan baraban), taba va b. Janubiy Sudan dagi dinka, nuer, shilluk va b. xalqlarning baraban ansambllari bor. Puflab chalinadigan asboblar: zumbara (metall nay), penax (qovoq poʻsti), garin (shox), qamish naylar va b. Gʻarbiy Sdagi koʻpgina qoʻshiqlar raqs bilan birga ijro etiladi. Xasis, jarrari, mardum raqsqoʻshiklari koʻchmanchi chorvador turmushi va mehnati bilan bogʻliq. Shuningdek, qiroat, azon, madhiya, zikr kabi janrlari xam mavjud. Mixera bitAbbud, Sharifa bitBilol kabi xonandalar vatanni, mustaqillik yoʻlidagi kurashchilarni madh etuvchi qoʻshiklari bilan mashhur boʻlgan. Keyingi yillarda mamlakat jan. bilan shim. anʼanalari yaqinlashuvi natijasida turli musiqiy uslublarning oʻzaro taʼsiri kuchaydi. Milliy folklor ansambli, Musiqa va teatr in-ti tashkil topdi. Musiqa arboblaridan kompozitor va xonandalar Muhammad alAmin, I. alKoshif, M. Vardi, A. Shuraxbil, kompozitor va dirijyor A. Marjonni koʻrsatish mumkin.

Teatri. Sudan teatr sanʼati arab madaniyati ruxida. 1936-y. Teatr jamiyati tashkil etilib, u avval maktablarda ish olib bordi. 1940-y. dan ommaviy spektakllar namoyish eta boshladi. 1950-y. jamiyat negizida drama va musiqa truppalari arab tilida spektakllar qoʻiishga kirishdi. 1961-y. Zamonaviy Sudan teatri, Xartum truppasi va xalq raqs ansambllari ishladi. Yosh sanʼatkorlar Misr va Italiya badiiy maktablarida taʼlim oladilar.

Kinosi. 1968-y. oʻquv va voqeiy filmlar ishlab chiqaradigan kino boshkarmasi tashkil etildi. 1960—70 y. larda toʻla metrajli «Umid va orzular» (rej. arRashid Mavdi), «Avlodlar kurashi», «Akauka mojarosi» (rej. A. Hoshim), «Afrika, inqilob bongi» (rej. Sulaymon) badiiy filmlari yaratildi. Filmlarni kinoprokat va import qilish bilan xususiy firmalar shugʻullanadi.


Lotin alifbosida maqola: SUDAN haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: S harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



FRANSIYA
TOSHKENT
XITOY
EFIOPIYA
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты