TALAS VODIYSI — Shim. Tyanshan orasidagi tektonik vodiy. Kirgʻizistonning shim. qismida. Moʻyinqum choʻliga tutashib ketadi. Talas vodiysi uchburchak shaklida boʻlib, shim. sharqi ochiq. Talas tizmasi bilan Qirgʻiziston tizmasi tutashgan yerdan Taroz sh. yaqinigacha 230 km ga choʻzilgan. Eni eng tor joyida 1 km dan, eng keng joyida 80 km gacha. Shim. da Qirgʻiziston tizmasi, jan. da Talas Olatovi, gʻarbda Qoratovning jan. sharqiy tarmoklari bilan oʻralgan. Vodiy markazidan Talas daryosi oqib oʻtadi. Balandligi gʻarbiy qismida 600 m, sharqiy qismida 2000 m dan ziyod. Relyefi murakkab, asosan, kenglik boʻylab choʻzilgan bir qancha past tizmalar mavjud. Vodiyni oʻrab olgan tizmalar yon bagʻirlari slanes, qumtosh, granit, ohaktoshlardan tashkil topgan. Tizmalarning pastki kismi va Talas daryosi vodiysi toʻrtlamchi davr yotqiziqlari bilan qoplangan.
Talas vodiysi va uni oʻrab olgan tizmalarda tekislik va togʻoldi chala choʻl, togʻoldi oʻrtacha balandlikdagi togʻ dashti va oʻrtacha balandlikdagi togʻ oʻrmon oʻtloqdashti, baland togʻlik oʻtloq va oʻtloq dasht subalp, alp, doimiy qorlik va muzlik landshaft mintaqalari tarqalgan.
Talas vodiysi togʻlar bilan oʻralganligi uchun atrofdagi tumanlarga nisbatan qishi uncha sovuq boʻlmaydi. Yillik oʻrtacha tra 2000 m balandlikda ham 5°, 8°. Vegetatsiya davri 140—160 kun. Yillik yogʻin 200— 300 mm.
Asosan, boʻz tuproq, baland togʻ yon bagʻirlarida togʻ qoramtir, daryo qayirlarida esa oʻtloqi allyuvial tuproklar uchraydi. Shuvoq, chalov, betaga oʻsadi. Vohaning gʻarbiy va markaziy qismlarida vogʻalar mavjud, sugʻorilib madaniy ekinlar, shu jumladan, qand lavlagi, bugʻdoy, tamaki va sabzavot ekiladi. Bogʻ koʻp. Togʻ yon bagʻirlari chorvachilik uchun yaylov. Talas daryosida suv ombori qurilgan. Talas vodiysida Talas sh. joylashgan.