TALK (nem. Talk; arab — talg) — varaqsimon silikatlarning kichik sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi Mg3[Si4O10](OH)2 boʻlib, unda MgO31,7%, SiO263,5%, H2O 4,8%. Baʼzan magniy Fe, Ni, Al, Cr bilan oʻrin almashishi mumkin. Talkning villemseit (nikelli), minnesotait (temirning mikdori 50 — 80%), steatit (gilvatasimon yogʻli mineral; zich massivli) agalit (ingichka tolali) turlari mavjud. Oʻta asosli togʻ jinslarining magnezial silikatlarini gidrotermal oʻzgarishi mahsuli. Agregatlari varaq va tangachasimon shaklda, ushlaganda yogʻliqsimon. Yupqa varaqchalari shaffof yoki qisman nur oʻtkazadi. Yaltirashi shishadek, sadaf kabi tovlanib turadi. Varaqchalari egiluvchan, lekin qayishqoq emas. Bargsimon yoki ingichka donali, baʼzan 10 sm gacha boʻlgan notoʻgʻri shaklli plastinkasimon, ulanish tekisligida egiluvchan shaffof tangachalarga oson ajraluvchi moʻrt agregatlar hosil qiladi. Rangi oq, yashilroq. Qattiqligi 1, zichligi 2,6 — 2,8 g/sm3. Olovbardosh, issiklik va elektrni yaxshi oʻtkazmaydi. Talk konlari magnitga boy boʻlgan togʻ jinslarining oʻzgarish mahsulot, kontakt metasomatik jarayonlar bilan bogʻliq boʻlib, koʻpincha gidrotermal bosqichda dolomitlar bilan intruziv jinslar kontaktida yuzaga keladi. Talk slaneslar va listvenitlarning jins hosil qiluvchi minerali. Talkdan lokboʻyoq, rezina, qogʻoz, atirupa sanoatida toʻldiruvchi, texnikada qattiq surkama, kislota va olovga chidamli material sifatida, ayniqsa keramikada koʻp ishlatiladi. Temirsiz steatitli Talkdan bezak toshlari sifatida foydalaniladi. Oʻzbekistonda Nurota, ZirabuloqZiyovuddin, ChatqolQurama togʻlarida Talk namoyonlari, Sulton Uvaysda esa kichik koni mavjud.