«TANAVOR» RAQS TEATRI — milliy balet, oʻziga xos teatr turi. Bunda muayyan zamonaviy va tarixiy mavzular, insonning ichki dunyosi, kechinmalari, histuygʻulari musiqa asosida, raqs harakatlari vositalari bilan aks ettiriladi. 1984-y. oktyabr oyida Oʻzteleradiokompaniyasi qoshida raqs ansambli sifatida 16 raqqosa va 2 raqqos bilan ish boshlagan. Tashkilotchisi va badiiy rahbari Yulduz Ismatova. Jamoa 1997-y. dan «Oʻzbekraqs» milliy birlashmasi tarkibida. «Sharq ayoli» deb atalgan birinchi dasturda «Munojot», «Afgʻoncha», «Anoranor», «Raqqosa keldi», «Parvoz ayladi», «Xorazmcha», «Doyra», «Arabcha», «Ey sarvi ravon», «Rok uforisi qashqarchasi», «Oʻxshar» raqslari hamda ikki yoshning sevgi izhori, sovchi kutish, non ushatish, kelin salom, beshik toʻyi kabi etnografik lavhalar asosida oʻziga xos spektakl yaratishga gʻarakat qilindi. Keyingi «Gul sayli» nomli dastur ham shu yoʻnalishda yaratildi. Tom maʼnodagi raqs teatri Navoiyning «Sabʼai sayyor» dostoni asosida yaratilgan «Sevgi nidosi» (libretto muallifi M. Boboyev; Q. Komilov musiqasi, 1991) spektakli bilan boshlanadi. Navoiyning asl matni va gʻoyalariga tayangan holda Baxrom (N. Xotamov) va Dilorom (N. Saidova) ning sevgi fojiasi yoritiladi. Barcha voqealar, qahramonlarning iztiroblari, histuygʻulari raqs harakatlari, plastika, yuz ifodalari, nigoxlari orqali aks ettiriladi. Baletmeyster Yu. Ismatova, asosan, Fargʻona raqs uslubiga tayangan holda oʻrnioʻrnida boshqa uslublarga ham murojaat qildi, baʼzan baletning oyoquchida yurishidan foydalandi. Shu yoʻnalishda teatr M. Bafoyev bilan hamkorlikda «Nodira» (1992), «Ulugʻbek burji» (1994), «Qadimiy marosimlar» (1995), A. Ikromov musiqasi asosida «Temuriy malikalar» (1995), «Sharq taronalari» (1997), Q. Komilov musiqasi asosida «Uvaysiy» (1998), A. Mansurov musiqasi asosida «Sirli quticha» (2000), «Zumrad va Qimmat» (2001), xalq kuylari va soʻzlari asosida «Sevgi vasfi» (9 ta «Tanavor» raqsi, 1995), «»Ezgu niyat daraxti» (2000), «Moziydan sado» (2001) spektakllari bilan teatr jamoasi milliy balet, milliy raqs tomoshasi yaratishda tajribasi ortib bordi. Teatr ijodiy jamoasi quyidagi yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatdi: xalq ogʻzaki ijodiyoti, marosimlari, kuylari, raqslarini muayyan syujet ipiga terib teatrlashtirish; buyuk shoirlar, qahramon oʻzbek ayollari hayoti va ijodiga bagʻishlangan raqs tomoshalari turkumini yaratish; xalq tarixini yoritish, buyuk sarkardalar hayoti va kurashi haqida hikoya qilish; bolalarga atab spektakllar yaratish. Teatr oʻz milliy balet va teatrlashgan tomoshalarida mavjud barcha raqs uslublaridan foydalanish, eʼtibor bermay kelingan xalq raqslari harakatlarini va tarixda boʻlgan baʼzi kompozitsiyalar, harakatlarni tiklash, ayni chogʻda hoz. kunda jahon balet va rake sanʼatida mavjud yangi izlanishlardan ilhomlanish yoʻlidan bormokda. Har bir spektaklga maxsus liboslar, taqinchoklar, oyoq va bosh kiyimlar tikiladi. «Tanavor raqs teatri» r. t. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan barcha bayramlar va tadbirlar («Navroʻz», «Sharq taronalari» va b.)dan tashqari Fransiyaning «Odeon» teatrida boʻlib oʻtgan «Nazm kechasi»da, YUNESKO qarorgohida (1995), AQSHda Oʻzbekiston kunlari doirasida (1998), Niderland xalqaro festivalida (1999) oʻz dasturlarini namoyish etishdi. Teatrning eng muhim spektakllari telefilm qilib ishlangan.
Teatr jamoasi: 34 raqqosa, 3 raqqrs, 12 sozanda, 2 xonandani birlashtirdi (2004). Raqqosalardan D. Mirzayeva, Z. Safarova, N. Yusupova, R. Joʻraboyeva, U. Akromova Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar; yosh raqqosalardan G. Abdiyeva, N. Qarshiboyeva Oʻzbekiston Davlat «Nihol» mukofoti va Mukarrama Turgʻunboyeva mukofoti sovrindorlari.
Ad.:AvdeyevaL., Qodirov M., Ismatova Yu., «Tanovar» raqs jilolari, Tanavor raqs teatri, 2002.
Muhsin Qodirov.