SUGʻDIYONA KISHMISHI — oʻrtapishar xoʻraki uzum navi. Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. in-tining Samarqand filialida Pobeda va Krra kishmish navlarini chatishtirib chiqarilgan (K. V. Smirnov, Ye. P. Perepelitsina). Sharqiy ekologikgeografik navlar guruhiga kiradi. Tupi kuchli oʻsadi. Bargi oʻrtacha, 5 boʻlmali, yuzasi biroz burmali, ostki qismi tuksiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi yirik, ogʻirligi 800—900 g, shingillari oʻrtacha havol, gʻujumi yirik — 5 g gacha, mumgʻubor bilan qoplangan. Poʻsti yupqa, taʼmi shirin, xushxoʻr. Toʻliq pishganda qand moddasi 25—26% ga yetadi. Hosili avg. oxiri — sent. boshlarida toʻliq yetiladi.
Oʻrtacha hosildorligi 180—200 s/ga, yangiligida isteʼmol qilinadi, mayiz solinadi (25—26,2% mayiz tushadi).