TANDIR BARRA, tandir — milliy taom turi. Tandir barra koʻproq toʻy, bayram va yigʻilishlarda ziyofat dasturxoniga tayyorlanadi. Asosan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlariga (Urgut, Zomin, Forish) xos. Tandir barra tayyorlash uchun yonbagʻir yerdan diametri 1 m, chuq. 1,5 m keladigan oʻra qaziladi yoki tandir quriladi. Tandir ichi guvala kattaligidagi toshlar bilan aylantirib urib chiqiladi. Tandirga atrofidagi toshlar qiziguncha oʻt yoqiladi. Yangi soʻyilgan qoʻy goʻshtiga tuz va ziravorlar sepilib, archa shoxlari qadalib, tandir ichiga osiladi. Tandir ostida toʻplangan choʻgʻ ustiga goʻshtdan tomgan yogʻ yigʻiladigan katta mis togʻora qoʻyiladi. Togʻora atrofiga archaning yashil barglaridan tashlanadi. Tandir usti tunuka togʻora bilan yopilib, atrofi loy bilan suvaladi. Tandir barra 3 soat chamasi dimlanadi.