SISTITSERKOZ — tasmasimon chuvalchanglar (sestodlar sinfiga kiruvchi choʻchqa solityorlarining lichinkalari) qoʻzgʻatadigan gijja kasalligi. Odam va hayvonlarda uchraydi. Choʻchqa solityorining lichinkasi sistitserklar deb atalib, odatda, chuchqaning koʻndalang targʻil muskullarida yashaydi (choʻchqa oraliqxoʻjayin). Odamga sistitserkli choʻchqa goʻshtini chala pishirib isteʼmol qilganda yuqadi. Odam organizmiga oʻtgan sistitserk meʼda shirasi taʼsirida parchalanadi va parazit oʻz soʻrgʻichlari bilan ingichka ichak devoriga yopishib, shu yerda jinsiy yetiladi. Ichakda yetilgan gijja odamda tenioz kasalligini qoʻzgʻatadi. Baʼzi hollarda, yaʼni bemor qayt qilganda ichakning teskari qisqarishi tufayli gijjaning ichakda yetilgan boʻgʻimlari meʼdaga, qiziloʻngachga tushib, ular devoridagi qon tomirlariga oʻtadi va u yerda tuxumidan onkosferalar chiqadi. Onkosferalar qon va limfa orqali bemor skelet muskullariga, bosh va orqa miyaga, koʻzga va b. ga tarqalib, sistitserklarga aylanadi (bunda odam oraliq xoʻjayin boʻlib qoladi). Sistitserklar odam organizmida oylab, yillab yashaydi va uni surunkali zaharlab turadi. Sistitserklar qoʻzgʻatadigan kasalliklar ogʻir kechib, ular qaysi aʼzoda parazitlik qilsa, oʻsha aʼzo qattiq zararlanadi (mas, koʻz xiralashadi, bosh qattiq ogʻriydi, bemor tirishadi, tutqanoq tutadi va h. k.).
Sistitserklar joylashgan aʼzoga va kasallik belgilariga koʻra davo qilinadi. Oldini olish uchun goʻsht mahsulotlarini yaxshilab pishirib yeyish, shaxsiy va ovqatlanish gigiye-nasi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, bemorlarni vaqtida davolash, oqar suvlarni ifloslantirmaslik zarur.
Hayvonlarda Sistitserkoz qoramol, qoʻy, echki, ot, choʻchqa, tuya, it va b. da uchraydi (jinsiy yetilgan gijja goʻshtxoʻr hayvonlarning ichagida parazitlik qiladi). Sistitserkoz hayvonlarga parazitning tuxumi tushgan ozuqa yoki suv orqali yuqadi. Sistitserklar skelet hamda chay-nov muskullari, yurak, til, bosh miya va b. aʼzo va toʻqimalarda har xil kat-talikdagi pufakchalar koʻrinishida ri-vojlanadi.
Oldini olish: S. sababli soʻyilgan chorva mollari goʻshti va aʼzolari zararsizlantiriladi va koʻmib tashlanadi; fermalar va mollar soʻyiladigan joylarga itlar qoʻyilmaydi; itlar vaqtvaqti bilan gelmintsizlantiriladi.