SITRUS OʻSIMLIKLAR — rutadoshlar oilasining sitrus turkumiga mansub doim yashil oʻsimliklar, ekiladigan mevali daraxtlar. Apelsin, mandarin, greypfrut, limon, bergamot, sitron, sheddok, bigaradiya va b. 30 ga yaqin turi bor. Shim. Xitoydan Av-straliyagacha, Oʻrta dengiz sohillaridan Yevropaga tarqalgan. Oʻzbekistonda Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. in-ti, Toshkent viloyati Qibray tumani va b. issiqxona xoʻja-liklarida oʻstiriladi. Sitrus oʻsimliklar butasimon yoki past daraxtsimon, barcha organlarida xushboʻy efir moyi bor. Gullari barg qoʻltigʻida joylashgan, xushboʻy, chetdan va oʻzidan changlanadi. Mevasi xushxoʻr, parhez va dorivor xususiyatga ega, turli vitaminlar va limon kislotaga boy. Mas, limon va apelsinda 60 mg % S vitamini, 600—700 mg % R vitamini bor. Meva shakli dumaloq yoki tuxumsimon, och sariq, toʻq sariq, segmentlarga boʻlingan. Tarki-bida pektin, karotin, qand, S, V, R vitaminlari bor. Mevalari yangiligida yeyiladi, konservalar, murabbo, sukat tayyorlanadi. Barg va poyasidan efir moyi olinadi. Sitrus oʻsimliklar payvand qilib va qalamchalaridan koʻpaytiriladi. Ekilgandan soʻng 3—4 y. dan hosilga kiradi. 20—60 y. atrofida yuqori hosil olinadi.