TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI

TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI, Hakim Termiziy maqbarasi — Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (9—15a. lar). Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy nomi bilan bogʻlangan. Termiziy meʼmoriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat boʻlgan. Dastlab xom gʻishtdan xonaqoh (9-a.) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu yerda yashab mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor toʻsiq va shim. sharqiy burchagida uncha katta boʻlmagan yertoʻlasimon hujra saqlangan. Vaqtlar oʻtishi bilan qabr ustiga, xonaqohning jan. gʻarbiy burchagida xom gʻishtdan jan. ga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-a.). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulugʻlanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida eʼzozlangan. Keyinchalik maqbaraning sharqiy devoriga tutashtirib kichik qorixona va oʻgʻli alHakim Abdulloh maqbarasi (10-a.), shim. da uncha katta boʻlmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravokli yoʻlak koʻrinishidagi namozgoh masjidi (11 —12-a. lar) hamda bir qator qoʻshimcha xonalar qoʻshilgan.

Temuriylar hukmronligi davrida (15-a.) xonaqoh baland asos (bal. 1,5 m) ustiga pishiq gʻishtdan qayta qurildi. Unga tutash boʻlgan xonalar taʼmirlandi. Xonaqohning shim. va jan. tomonlariga peshtoq ishlandi. Oddiy va aniq qurilmali xona devorlari ravoq ustunlari «romb» koʻrinishidagi poyustunga tayangan. Hakim Termiziy maqbarasi 9-a. da bunyod etilgan xonaqoh hujralaridan biri boʻlgan. Xonaqoh hovlisining gʻarbidagi 3 gumbazli masjid maqbaraga tutash, 3 ravogʻi hovliga kdragan. Masjidning gʻarbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi boʻrtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi oʻyma ganch bezaklar oʻziga xos. Masjid ustunlari gʻishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga oʻtiladi. Maqbara ichi ganch oʻymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qurʼonning 36surasi oʻyib yozilgan. Xonaqoh ichi ham yulduzsimon girih naqshlar bilan pardozlangan. Ravoklaridagi tobadonlariga panjaralar oʻrnatilgan. Maqbara ichidagi oq marmar sagʻana temuriylar davridagi tosh oʻymakorligi sanʼatining yuksak namunasidir. Sagʻana 3 pogʻonali, asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, oʻrta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning markaziy (oʻrta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan. Sagʻanadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati tavsiflangan. Kichik maqbarada ham taʼmirlash ishlari olib borilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (16-a.)da hazira (hovli) hududida 9 gumbazli masjid (eski masjidni oʻz ichiga olgan) qurilgan. Oldida yengil ravoqustunli ayvon joylashgan. 19-a. da 9 gumbazli masjid oʻrnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Jan. dan kiraverishda yana bir maqbara (goʻrxona va ziyoratxonadan iborat) qurilib, ravokli boʻlmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan oʻzaro bogʻlangan. Termiziy meʼmoriy majmui 1955—57 y. larda ilmiy oʻrganilib 14 — 15-a. lardagi koʻrinishi qayta tiklandi. 1980 — 81 y. va 2001—2002-y. larda maqbara va xonaqoh qayta pardozlandi. Majmuaning umumiy tarhi 28,0×29,0 m, maqbara 5,10×4,70 m.


Lotin alifbosida maqola: TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: T harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XALQ IJODI
XITOY
ROSSIYA
TEMURIYLAR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты